Ko‘zqarash
26 aprel 2021

Internetning o‘zbek segmentidagi islom

Davlatning ko‘p yillik zulmi sezilarli ortga chekingandan so‘ng ko‘plab o‘zbeklar internetda islom dinini qat'iyroq talqin qilishmoqda. Ba'zi ekspertlarning ta'kidlashicha, bu keskin oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Agneshka Pikulitska

Mart oyida yuzga yaqin kishi O‘zbekiston poytaxtida LGBT huquqlariga qarshi zo‘ravonlik mitingiga to‘plandi. Ular shaharning asosiy maydonida «Allohu akbar» deb hayqirgancha LGBT jamiyati a'zolarini qidirib, o‘tib ketayotgan kamida ikkita o‘spirinni do‘pposlashdi. 

Zo‘ravonlik konservativ diniy sharhlovchilar va LGBT faollari o‘rtasida O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga bir jinsli munosabatlarni jinoiy javobgarlikka tortishga oid o‘zgartish kiritish chaqiriqlari bo‘yicha onlayn munozaradan so‘ng boshlandi. 

Xuddi shu kuni niqobli odamlar LGBT huquqlarini qo‘llab-quvvatlovchi provokatsion bloger Miraziz Bozorovga uning uyi oldida hujum qilishdi.

Militsiya hujumni tergov qilayotgan bir paytda hukumat dinni masxara qiladigan Bozorovni ommaviy tartibsizliklar qo‘zg‘aganlikda ayblamoqda. Jamoat arboblari LGBT jamiyatini kamsitadigan zo‘ravonliklardan keyin bayonotlar berishdi.

“Asosiy qismini musulmonlar tashkil etgan bizning yurtda g‘ayritabiiy erkak va ayollarni (LGBT) jamiyat qabul qilmaydi! Muqaddas islom dinimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi”, dedi O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov.

Zo‘ravonlik va hukumatning munosabati O‘zbekistonning diniy manzarasidagi tez o‘zgarishlarni aks ettiradi. Mirziyoev 2016 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan beri mamlakatda siyosiy jarayonlar qiziy boshlandi. 

Bir vaqtlar bloklangan onlayn platformalarda yangi ovozlar paydo bo‘ldi. Oldingi tuzum davridagi bir necha yillik zulmdan so‘ng taqvodor musulmonlar endi dinlarini jamoat joylarida muhokama qilishlari mumkin va dindorlik kuchayib borayotgandek tuyuladi. 

Shuningdek, ushbu ochilish sharhlovchilarga imonni yanada qat'iyroq talqin qilish uchun imkoniyat beradi. Ba'zilar majburiy ravishda hijob kiyishga, shariat qonunlarini joriy etishga va bahor boshida nishonlanadigan Navro‘z kabi azaliy bayramlarni taqiqlashga chaqirmoqdalar.

Hozir Mirziyoev hukumati diniy ifoda ustidan ochiqlik va nazorat o‘rtasidagi muvozanatni o‘rnatish borasida muammoga duch kelmoqda. Davlat hanuzgacha radikal deb hisoblagan faoliyatni nazorat qilmoqda. 

Ammo tobora ko‘payib borayotgan diniy ommani chetlashtirishdan qo‘rqqan rasmiylar G‘arb liberal qadriyatlariga qarshi turtki berib, eski an'analarga tayangan holda qattiqroq yo‘l tutishni boshlashdi. O‘tgan oydagi voqealar inson huquqlari tashkilotlari orasida xavotirlarni kuchaytirdi.        

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, hozirgi muhit shundan dalolat beradiki, agar ular davlat tomonidan javobgarlikka tortilmasa, zo‘ravonlik va ta'qiblar yanada kuchayib, O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasida rivojlanib kelayotgan munosabatlarga xavf tug‘dirishi mumkin. 

Hukumatning yaqinda e'lon qilgan bayonotlari O‘zbekistondagi avvalgi tuzumga nisbatan keskin burilishni anglatadi. Qariyb 30 yil davomida hokimiyat tepasida bo‘lgan marhum prezident Islom Karimov islom dinining rasmiy davlat talqinidan chetga chiqadigan diniy oqimlarga qarshi urush ochgandi. 

Xavfsizlik xizmati taqvodor musulmonlarni ta'qib qilar, ba'zida esa erkaklarni shunchaki soqol qo‘ygani uchun qamoqqa tashlar edi. Karimov masjidlarda azon aytishni, ayollarga hijobda yurishni taqiqladi. Minglab kishilar diniy ekstremistlikda gumon qilinib, qora ro‘yxatga kiritilgan.

“1990 yillarning oxiriga kelib, Karimov hukumati minglab tinchliksevar dindorlarni ko‘pincha soqol qo‘yish yoki masjidga borish kabi amallar uchun ta'qib qilishni boshladi”, – deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha inson huquqlari sohasida advokat, Janubiy Kaliforniya universiteti dotsenti Stiv Sverdlov. 

AQShda terrorizmga qarshi urush boshlagan bilan bir vaqtda Karimov dastlab AQSh uchun muhim mintaqaviy sherik bo‘lib xizmat qilgan global sa'y-harakatlarning bir qismi sifatida islomning ayrim ko‘rinishlariga qarshi shafqatsiz kurashdi.  

2016 yilda Karimov vafotidan keyin saylangan Mirziyoev marhum ustozi merosidan voz kechib, O‘zbekistonni xorijiy investitsiyalarga ochish uchun siyosiy islohotlarni boshladi. 

U qator taniqli diniy mahbuslarni ozod qildi va bir vaqtlar ekstremist sifatida sudlangan musulmon dindorlar nomini qayta oqladi. 2017 yilda hukumat noma'lum qora ro‘yxatdan 16 000 ta ismni o‘chirdi. 

O‘tgan yil dekabrda AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinlik buzilganligi uchun alohida xavotirga soladigan davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. 

Ammo Karimov davridagi bir necha yillik zug‘umdan so‘ng ko‘pgina dindor musulmonlar islomning davlat tomonidan masjidlarni nazorat ostiga olib, diniy matnlarning talqin qilinishini cheklovchi rasmiy usuliga ishonmaydilar. 

Bundan tashqari, Mirziyoev hukumati hali ham dindorlarga bosim o‘tkazmoqda. Ruxsatsiz diniy faoliyat jinoiy javobgarlik sifatida qolib, norasmiy diniy guruhlar davlat tomonidan radikal deb topilganlarni nazorat qilish va hibsga olish vakolatlarini saqlab qolgan xavfsizlik xizmatlarining bosimiga duch kelmoqda. 

“Musulmonlar idorasi mullalar va imomlar hamda ular o‘qigan va'zlarga amalda virtual monopoliyani amalga oshirmoqda va xavfsizlik xizmatlari diniy idoralarni nazorat qilishda davom etayotgani aniq”, dedi Sverdlov.

Chuqur olib borilgan ijtimoiy tadqiqotlarsiz O‘zbekistondagi dindorlik to‘g‘risida ishonchli baho berish qiyin. Ammo butun mamlakat bo‘ylab yangi masjidlar qurilmoqda va jonlanish, ayniqsa, Toshkentda sezilmoqda. 

Bir necha yil oldin poytaxtda hijoblilar kamdan-kam uchragan bo‘lsa, hozir ko‘plab ayollar taqvodor. Bozorlr an'anaviy islomiy kiyimlar bilan to‘la.

Karimov hukmronligi davrida O‘zbekistonni tark etganlar islomning norasmiy shakllari shunchalar tarqalib, kuchayib borayotganidan hayratlanishmoqda. 

Musulmon feministik faol Feruza Izzat 2011 yilda davlatning dindorlarga ko‘rsatgan bosimiga dosh berolmay, Turkiyaga ko‘chib kelgan. U universitet talabasi sifatida hijobini olib tashlashdan bosh tortgan edi. 

«Menga universitetdan haydalish bilan tahdid qilishdi va hatto o‘qishda bo‘lsam-da, o‘qituvchilar menga darsga kelmagan belgisini qo‘yishar edi, – dedi Izzat. – Hozirgi kunda odamlar yanada dindor bo‘lishmoqda, afsuski, yanada radikal».

Rasmiy diniy muassasalar islom dinidan qat'iy ibodat qoidalaridan tashqarida erkin foydalanishga intilayotgan va islohotlarga da'vat etayotgan yosh avlodga juda oz imkoniyat berishadi. 

Ammo internetda erkinlik oshgani sayin yoshlar hukumat radikal deb hisoblagan imomlarning o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi va'zlariga bemalol kirishlari mumkin. Shuningdek, ular islomning qat'iy turlarini qabul qilgan jamoat arboblarini ko‘rishadi. 

Mashhur qo‘shiqchi Jahongir Otajonov 2020 yil dekabrda qo‘shiq kuylash shariat qonunlariga zidligini aytib, to‘satdan sahnani tark tugatdi. 

«Qodir Xudo mening kasbim bilan xayrlashishimni istashini angladim, chunki uning ba'zi qoidalari shariatda qabul qilinishi mumkin emas», dedi u.

“[Katta avlodlarga] buni qabul qilish biroz qiyin, ammo yosh avlod Qur'on va hadisni o‘qiydi va yanada dindorroq bo‘ladi, – deydi o‘z xavfsizligi uchun maxfiylikni so‘ragan 19 yoshli talaba Akbar. – Biz YouTubeda islomiy videolarni tomosha qilishimiz mumkin va diniy blogerlar soni ham ko‘paymoqda, chunki dindorlar soni ortib bormoqda».

O‘zbekistonning diniy tiklanishi va islomning norasmiy talqinlari ravnaqi, ehtimol, shuncha yillik qatag‘onlardan so‘ng muqarrar edi. 

Biroq Toshkentda joylashgan Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi rahbari Viktor Mixaylovning so‘zlariga ko‘ra, ishonchli diniy rahbariyat bo‘lmagan taqdirda internet orqali islomni topadiganlar soni tobora ko‘payib borayotgani radikallashuvga olib kelishi mumkin. 

«Tafsir erkinligi ko‘pincha siyosiy islomni kuchaytiradi va odamlar islomga muqobil yo‘q, deb bahslasha boshlagach, bu dunyoviy davlatning o‘rnini egallashi kerakligini anglatadi», dedi u.

Internetda radikal musulmon sharhlovchilarning ko‘payishi allaqachon o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan tajovuzkor bayonotlarni, jumladan, o‘lim bilan tahdidlarni keltirib chiqardi.    Islom dinini qat'iy talqin etishni targ‘ib qiluvchi diniy sharhlovchilar liberal jurnalistlar va blogerlarni nafrat mazmunidagi xabarlar, zo‘ravonlik tahdidi va O‘zbekistonni beqarorlashtirish uchun G‘arb fitnasini amalga oshirishda ayblashlari bilan nishonga olishdi.

O‘z xavfsizligi uchun anonim qolishni istagan Sanjar o‘tgan yil oktyabrda o‘zbek ateistlarining shaxsiy guruhida o‘zining islom haqidagi dadil hazillarini ko‘rgan. Uning telefon raqami va uy manzili ko‘rsatilgan skrinshotlar Facebook va telegramdagi turli musulmon guruhlarida paydo bo‘ldi. 

«Odamlar menga ijtimoiy tarmoqlarda qo‘ng‘iroq qilib, o‘ldirishlarini yozishdi, – dedi Sanjar Foreign Policy nashriga. – Oddiy kiyimdagi militsiya xodimlari uyimni qo‘riqlashardi».

Mixaylovning ta'kidlashicha, ba'zi hollarda bunday onlayn harakatlar yanada jiddiy zo‘ravonliklarni keltirib chiqaradi.

«Yoshlarning radikallashuvi katta muammo bo‘lmasligi mumkin va bu juda xavfli emas. Ammo keyingi bosqich bor – terroristik tashkilotlarga yollash», dedi u. 

Bu hali ichki tahdid emas. Mixaylovning so‘zlariga ko‘ra, jihodchi tashkilotlarga qo‘shilgan O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati xorijda, ayniqsa, Moskvada yollangan. Mehnat muhojirlari duch keladigan diskriminatsiya va begonalashtirish chuqur dindorlik bilan birlashib, yollovchilar uchun qulay zamin yaratadi.

Yoshlar ko‘pincha o‘z jamoalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan O‘zbekistonda bu sharoitlar hozirda mavjud emas. Ammo o‘tgan oydagi zo‘ravonliklar va Sanjarga qilingan ba'zi tahdidlar mamlakat ichidagi zo‘ravonlikni aqlga sig‘dirib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. 

Kelayotgan yillarda hukumat oldida ulkan vazifa turibdi va islomiy ta'limotlarni o‘z nazoratidan tashqarida talqin qilishga chaqirayotgan dindorlar harakatining kuchayib borishini endi e'tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.

Maqola Foreign Policy jurnalida e'lon qilingan. Eltuz tarjimasi. 

Tag‘in o‘qing
20 noyabr 2015
Paxta kampaniyasini yuritayotgan koalitsiya bugun Jahon bankiga maktub yuborib O‘zbekistonda majburiy mehnat to‘xtamayotgani borasida o‘z havotirini bildirdi. Hususan Jahon ...
13 aprel 2017
«Oila va jamiyat» gazetasi (12.04) prezidentning pensionerlarga metroda yurishni (10.00 dan 16.00 gacha) tekin qilib qo‘yganidan «minnatdor» keksalarning «katta ...
24 yanvar 2016
Taniqli qo‘shiqchi, 45 yashar Nargiz Zokirova shanba kuni Moskvaning Backstage restoranida bergan kontserti chog‘ida ikki ksenofob ayolning tajovuziga uchradi. ...
11 mart 2017
Kelib chiqishi ozarbayjonlik bo‘lgan taniqli qo‘shiqchi va kino artisti Gugushni Eron Inqilobiy mahkamasi 16 yil qamoq jazosiga sirtdan hukm ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...