Asosiy mavzular
9 sentyabr 2021

Toshkentda yangi talabalar ijaraga uy izlamoqda

6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy muammolari ham boshlandi. O‘zini ijtimoiy tarmoqda abadiy student deya tanitgan Jontemir Jondor ismli shaxs, yetti yildan buyon uy izlayotgani va Toshkentda ijara uy topish muammolari haqida yozdi.

Toshkentga kelganimga yetti yil bo‘ldi. Kelganimga emas, muqim yashayotganimga. O‘tgan yillar ichida halovat topib, mazza qilib oyoq uzatib yashagan kunlarimni ming urinay eslolmayman. Bu shahardagi eng katta muammo – BOShPANA! Ayniqsa, talaba va so‘z deya tili osilgancha halloslab yurgan ijodkorlar uchun.

Talabalarga doimgidek yotoqxona yetishmaydi. Ijodkorlar turar joyi esa yo‘q O‘ZBYeKSITONDA! Uy bozoriga chiqib ko‘rganmisiz hech, amaldorlar? Shaxsan men deyarli har ikki oyda chiqaman. Bugun ham bordim. 1 xonali ijara uy narxi 250 dollar!

Hay-hay, bu Amerika yo Germaniya emas, hatto Turkiyada ham 100 dollarga tuzukkina boshpana topish mumkin ekan markazdan. Agar oylik ming dollar bo‘lganda ham tushunishim mumkin edi bu narxni. Ikki yarim million bir oyga bir oilaga yetadi, degan daho mulozim qani? Bir xonali kvartiraga yetmaydi-ku!

Xalqning ustidan kulish yoqadimi shunchalik yo aslida ahvol qandayligini rostanam bilmaydimi bunaqa og‘ziga kelganini valdiraydiganlar?

Xullas, 250 dollar. Bu uch million degani kommunal to‘lovlar bilan hisoblaganda! Kunma-kun sapchib borayotgan  narxlarni nazorat qiladigan tashkilotlar bormi bu mamlakatda? Yo yoshlar ennasini ko‘rib yuraversinmi? Qaysi talaba oyiga uch million topa oladi? Bir xonali uyda juda borsa uch kishiga ruxsat berishadi. Bir milliondan tushadimi shunda?

Yosh ijodkorlar nima qilsin? Yozuvchilarga qurib berilgan uyga to‘lov qilishga qurbi yetmaydigan, topgani qornini to‘yg‘azishga arang yetib turganiga ham chidab, so‘z deb, adabiyot deb yurgan yosh ijodkorlar qaerga bosh ursin?

Qachonlardir ijodkor uylari bo‘lgan. Juda arzon narxda. Unda bemalol o‘zlari uy sotib olmaguncha yashab, ijod qilib yuraverishgan. Shunaqa uylardan biri Qatortol bozori yonida. Bilmadim, hozir u yerni ham bozorchilarga bo‘lib berishdi shekilli kattaroq soqqa qilish uchun.

Odamning xo‘rligi keladi. Nega hamma narsa puldorlarniki? Ma'naviyat, san'at, adabiyot ahlini ham o‘ylaysizlarmi? Sho‘rmanda ijodkor bir xonali uyda o‘n beshta odam bilan yasholmasa. U yozishi kerak! Tushuntirganning foydasi yo‘q buni sizlarga. Yoshlar ittifoqi, qachon ijodkorlar uyi quriladi-yu, biz u yerda yashaymiz?

Qachon narxlar cho‘ntakbop ko‘rinishga keladi? 

Qachooooon? 

Qachooooon? 

Yo birorta mard MYeTsINAT bormi? O‘qi, yoz, yarat! Bunaqa maishiy muammolarni o‘ylama, o‘z bo‘ynimga olaman, sen ijodingni qil deydigan? Bormiiii? Ufqqacha sukunat…

Yumshoqqina o‘rindiqlardan turib, uy izlayotgan ro‘dapo kishi sifatida biiir bozor aylaning, hurmatli kattalar! Yo‘o‘o‘q, hech qachon! Chunki sizga davlat ajratgan teppa-tekin uy berilgan! Kamiga baaaarcha to‘lovlardan ozoooodsiz! Qancha kaltak bo‘lsa, bizni boshimizga sinaversin!

Tag‘in bu yil «YoShLAR YILI». Rahmaaaat, bizga qaratilayotgan e'tibordan, kontrakt narxi bir barobar arzonlashgani-yu, superkontrakt degan istalgan eshshakmiya ham pul to‘lab  o‘qishi mumkin bo‘lgan oqilona in'om uchun va ko‘chalarda sargardon bo‘lmay, arzongina ijara uylarda mazza qilib yashab, o‘qib, yozib, ijod qilayotganimiz uchun ham rahmaaaaat! Haaa, kelajak bizning qo‘limizda! Qo‘limiz esa ko‘ksimizda! Iloyo bu yaxshiliklaringiz bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin.

Jontemir Jondor,
abadiy talaba

Tag‘in o‘qing
3 sentyabr 2020
Ramzan Qodirovning 22 yoshli qizi vazir o‘rinbosari bo‘lgani haqida deyarli barcha o‘zbek internet saytlari yozdi. Lekin bu xabarning o‘zbek ...
7 dekabr 2016
Jahon hamjamiyati, o‘zbek fuqarolik jamiyati faollari va YeHHT kuzatuvchilari saylovlarning bu safar ham eskicha o‘tganini e'tirof qildi, garchi o‘zbek ...
17 may 2018
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov AQSh-O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi oldidan o‘tgan davra suhbatidagi chiqishida zamonga qarab o‘zgarayotganini ...
8 yanvar 2019
Toshkentda mashinalarga quyiladigan metan gazning narxi 1950 so‘mdan 2200 so‘mga ko‘tarildi. Buni ko‘pchilik qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) olish boshlangani ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...