Asosiy mavzular
9 sentyabr 2021

Toshkentda yangi talabalar ijaraga uy izlamoqda

6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy muammolari ham boshlandi. O‘zini ijtimoiy tarmoqda abadiy student deya tanitgan Jontemir Jondor ismli shaxs, yetti yildan buyon uy izlayotgani va Toshkentda ijara uy topish muammolari haqida yozdi.

Toshkentga kelganimga yetti yil bo‘ldi. Kelganimga emas, muqim yashayotganimga. O‘tgan yillar ichida halovat topib, mazza qilib oyoq uzatib yashagan kunlarimni ming urinay eslolmayman. Bu shahardagi eng katta muammo – BOShPANA! Ayniqsa, talaba va so‘z deya tili osilgancha halloslab yurgan ijodkorlar uchun.

Talabalarga doimgidek yotoqxona yetishmaydi. Ijodkorlar turar joyi esa yo‘q O‘ZBYeKSITONDA! Uy bozoriga chiqib ko‘rganmisiz hech, amaldorlar? Shaxsan men deyarli har ikki oyda chiqaman. Bugun ham bordim. 1 xonali ijara uy narxi 250 dollar!

Hay-hay, bu Amerika yo Germaniya emas, hatto Turkiyada ham 100 dollarga tuzukkina boshpana topish mumkin ekan markazdan. Agar oylik ming dollar bo‘lganda ham tushunishim mumkin edi bu narxni. Ikki yarim million bir oyga bir oilaga yetadi, degan daho mulozim qani? Bir xonali kvartiraga yetmaydi-ku!

Xalqning ustidan kulish yoqadimi shunchalik yo aslida ahvol qandayligini rostanam bilmaydimi bunaqa og‘ziga kelganini valdiraydiganlar?

Xullas, 250 dollar. Bu uch million degani kommunal to‘lovlar bilan hisoblaganda! Kunma-kun sapchib borayotgan  narxlarni nazorat qiladigan tashkilotlar bormi bu mamlakatda? Yo yoshlar ennasini ko‘rib yuraversinmi? Qaysi talaba oyiga uch million topa oladi? Bir xonali uyda juda borsa uch kishiga ruxsat berishadi. Bir milliondan tushadimi shunda?

Yosh ijodkorlar nima qilsin? Yozuvchilarga qurib berilgan uyga to‘lov qilishga qurbi yetmaydigan, topgani qornini to‘yg‘azishga arang yetib turganiga ham chidab, so‘z deb, adabiyot deb yurgan yosh ijodkorlar qaerga bosh ursin?

Qachonlardir ijodkor uylari bo‘lgan. Juda arzon narxda. Unda bemalol o‘zlari uy sotib olmaguncha yashab, ijod qilib yuraverishgan. Shunaqa uylardan biri Qatortol bozori yonida. Bilmadim, hozir u yerni ham bozorchilarga bo‘lib berishdi shekilli kattaroq soqqa qilish uchun.

Odamning xo‘rligi keladi. Nega hamma narsa puldorlarniki? Ma'naviyat, san'at, adabiyot ahlini ham o‘ylaysizlarmi? Sho‘rmanda ijodkor bir xonali uyda o‘n beshta odam bilan yasholmasa. U yozishi kerak! Tushuntirganning foydasi yo‘q buni sizlarga. Yoshlar ittifoqi, qachon ijodkorlar uyi quriladi-yu, biz u yerda yashaymiz?

Qachon narxlar cho‘ntakbop ko‘rinishga keladi? 

Qachooooon? 

Qachooooon? 

Yo birorta mard MYeTsINAT bormi? O‘qi, yoz, yarat! Bunaqa maishiy muammolarni o‘ylama, o‘z bo‘ynimga olaman, sen ijodingni qil deydigan? Bormiiii? Ufqqacha sukunat…

Yumshoqqina o‘rindiqlardan turib, uy izlayotgan ro‘dapo kishi sifatida biiir bozor aylaning, hurmatli kattalar! Yo‘o‘o‘q, hech qachon! Chunki sizga davlat ajratgan teppa-tekin uy berilgan! Kamiga baaaarcha to‘lovlardan ozoooodsiz! Qancha kaltak bo‘lsa, bizni boshimizga sinaversin!

Tag‘in bu yil «YoShLAR YILI». Rahmaaaat, bizga qaratilayotgan e'tibordan, kontrakt narxi bir barobar arzonlashgani-yu, superkontrakt degan istalgan eshshakmiya ham pul to‘lab  o‘qishi mumkin bo‘lgan oqilona in'om uchun va ko‘chalarda sargardon bo‘lmay, arzongina ijara uylarda mazza qilib yashab, o‘qib, yozib, ijod qilayotganimiz uchun ham rahmaaaaat! Haaa, kelajak bizning qo‘limizda! Qo‘limiz esa ko‘ksimizda! Iloyo bu yaxshiliklaringiz bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin.

Jontemir Jondor,
abadiy talaba

Tag‘in o‘qing
8 noyabr 2017
Rossiyaning «Rodina» partiyasi, «Vatan yo‘lbarslari» yoshlar qanoti va «Rossiya milliy-vatanparvarlari» jamoatchilik tashkiloti faollari Moskva shahri ma'muriyatining O‘zbekistonning marhum prezidenti ...
14 yanvar 2022
Bormisiz zukko, aqlli va samimiy do‘stim! O‘tgan hafta men ham siz kabi butun e'tiborimni O‘zekiston qo‘shnisi – Qozog‘istonga qaratdim. ...
28 aprel 2024
«Hayotda har bir odam qiladigan uch ish bor. Daraxt ekish. Farzand o‘stirish va kitob yozish.»Bu gap 19 asrda yashab ...
10 may 2017
Andijon viloyatidagi tuman maktablari xodimlari yo‘l bo‘yida joylashgan aholi xonadonlarini tozalashga biriktirilgan. O‘qituvchilarning ma'lumot berishicha, bu yumushlarning barchasi xokimiyat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...