Ko‘zqarash
13 dekabr 2021

Can'atga tsenzura va taqiq xavfi

Nihoyat, ma'naviy ruhiy bo‘shliqda ekanmiz, ratsional fikr egalari tomonidan e'tirof etila boshlangach, ko‘pchilik o‘z holatini tushinib olsa kerak. Adabiyot shu kungacha ham bu haqda ingrab keldi. Bo‘shliq haqida. Hayotga endi kirib kelishni, mustaqil bo‘lib, o‘z hayotini qurmoqchi bo‘lgan yoshlar qandaydir orzu yo imkoniyatlar qo‘yniga emas, kira solib bo‘shliqqa tushib qoladi. Va juda uzoq payt bundan chiqib ketolmaydi.

To‘g‘ri, u ko‘pchilik qatori bir amallab mashina olar, uyli-joyli bo‘lar, lekin ruhiy-ma'naviy bo‘shliq ichida qolaveradi. Shu sabab hozir hamma taskin psixologi qidirib, paranoiklarcha o‘z radikallashuvidan taskin izlab qolgan. Aslida bu yomon jarayon emas. O‘tilishi kerak bo‘lgan bosqich. Adabiyot shu paytgacha bu haqda ingrab keldi, lekin adabiyotning holi shunchaki yig‘loqilik yo bo‘rttirish deb qabul qilindi. Aslida adabiyot ruhiyatimizga tutilgan oyna, xolos.

Cheklovlar masalasiga kelsak, yana san'atga nisbatan tsenzura istagi kuchayib ketyapti odamlarning. Asli san'at butunlay erkinlikka chiqdi, gullab-yashnab ketdi, deb bo‘lmaydi. Qora Tush davrlarida ma'naviyatchilik ortidan san'at shu holga tushgandiki, mabodo qahramon qo‘l ushlashib yo o‘pishib qolsa, butunlay tsenzuraga uchrardi kinolar. Alal-oqibat normal tomoshabin o‘zbekcha tarjimadagi kinolarni ko‘rmay qo‘ydi. Aynan o‘sha joyiga qiziqqanidan emas, balki kadr kesilishi oqibatida undagi mazmun ham buzilgani uchun.

O‘zbek san'atining o‘zi esa undan ham ayanchli – qaynona-kelin mojarosini yoritish holiga tushib qoldi. Biz san'atimiz faqat shundan iborat bo‘lganidan yozg‘iramiz, ammo o‘zimiz uning shu holga kelishiga sabab bo‘ldik. Ortiqcha ma'naviyatchiligimiz, ma'no yetmasdan, shaklning o‘zidayoq san'at asarlarini qirg‘in qilish kerak, deb dod-ko‘targanimiz uchun. Natijada san'atga umrini tikkanlarni faqat qaynona va kelinning maishiy muammolari bilan band bo‘lishga mahkum qilib, ularning asl san'atlarini, asl ovozlarini o‘chirdik, umrini yedik.

Bir misol aytaman. “Yosh kuch“ jurnalida ishlab yurgan paytlarim (4-5 yillar oldin) vodiyga yoshlar kunlarini o‘tkazish uchun borgandik. Aktyor, aktrisalar ham bor edi. Teatrlarimizdan birida ishlaydigan taniqli, yoshi ulug‘ aktrisa bilan hamxona bo‘ldim. U kishi Zulfiya Qurolboy qizining hikoyasini har tunda o‘qib, yodlab olishga urinardi. Sababini so‘rasam, o‘zi o‘zi uchun birorta joy topib, monospektakl qo‘ymoqchiligini, teatrdagi his va fikrdan mahrum qaynona-kelin mojaroli spektakllar va ulardagi komik rollaridan ham to‘yib ketganini, baland, intellektual umriga va shuncha tajribasiga tatigulik rol istashini aytgandi.

Rollarini qanchalik mahorat bilan ijro etmasin, o‘zi uchun bachkana tuyulishi, tomoshabinlar ham shunday qabul qilib qolganidan norozi edi. San'atkor sifatida haqiqiy san'at istardi. Mendan yaxshi hikoya va asarlarni tavsiya qilishni so‘ragandi o‘shanda. Monospektaklni qo‘ydimi-yo‘qmi, keyin xabarim bo‘lmadi. Ammo gap bunda emas. Aslida gap san'atdagi cheklovlar nihoyatda zararli ekanida, bu cheklovlar san'atkorlarni san'atdan mahrum qilishida va san'atning o‘lishida.

San'at tomoshabini uchun bitta muhim nuqta bor: erkinlik, tanlov huquqi degan. Unga manzur emasmi, demak, u boshqa tanlovni amalga oshirsin.

Bir-ikki yil oldin “Million“ga nisbatan tanqid juda urchib ketdi, hatto bir muddat taqiqda turdi. Ko‘pchilik “beldan past hazil qiladi“, deb taqiqlanishini ham istagandi. Shaxsan men «Million» kontsertini ko‘rmayman, taqiqlansa ham, taqiqlanmasa ham befarqman. Ammo boshqa tomoni bor – bugun uni, ertagi buni taqiqlasak, erkin ijod qilish uchun san'at muhiti o‘ladi.

San'atkorlarning o‘zi ham ehtiyotkor bo‘lib qoladi. Ortiqcha ehtiyotkorlik talantni o‘ldiradi. Agar bizga yoqmagani uchun ovozlarni o‘chiraversak, hali beri qaynona-kelin mojarosidan yuqoriga ko‘tarila olmaymiz. Natijada nollik muhiti, butunlay o‘lik muhitning yaralishiga asl sababchi biz bo‘lib qolamiz. Erkinlik muhitida to‘la yutamiz, deb aytib bo‘lmaydi, albatta, ammo jarayon bo‘ladi. Yutadiganimiz ham, yutqizadiganimiz ham 50/50 bo‘ladi. Ya'ni bizga yoqadigani 50% bo‘lsa, yoqmaydigani ham 50% bo‘ladi.

Bu umuman hech narsa sodir bo‘lmasligidan ko‘ra juda yaxshi hodisa.

Birinchidan, hech narsa sodir bo‘lmasligi qachondir (mayli, sizning davringizda, paytingizda bo‘lmasin deylik) biz hozir qochayotgan juda katta xaosga olib keladi. Hozir ma'naviy qadriyatlarimiz yo boshqa narsalar xaosga uchramasin deb erkin san'at muhitidan qochganimiz bilan ertaga o‘sha qadriyatlarning to‘la inkor etilishiga, butunlay xaosga sababchi bo‘lib qolamiz. Aslida ongda doimiy xaos va evrilishlar bo‘lishi tabiiy hol. Odam ongi hech qachon bir joyda qotib qolmasligi kerak. Xaos va kosmos yonma-yon. Xaosdan kosmos, kosmosdan xaos tug‘ilishi azaliy qoida. Shunchaki qabul qilish kerak buni. Bir joyda qotib qolish uzoq vaqt davom etadigan xaosga olib boradi. Buning oqibati yaxshi deb baholab bo‘lmaydi, albatta. Shunchaki, ongdagi evrilishlarga toqatli bo‘lish va qabul qilish, anglashga urinish muhim.

Erkinlik muhitidagina sifatli asarlar yaralishi mumkin. Hamma narsani boy bergandan ko‘ra, nimadir go‘yoki boy berish evaziga nimagadir ega bo‘lishimiz eng katta foyda. Hayotning barcha sohasida bo‘lganidek, ijod sohasidan ham faqat eng yaxshi va bizga to‘liq yoqadigan mahsul kutish absurd. Hech qachon hammasi yaxshi, biz istaginimizdek bo‘lmaydi. Ammo bo‘lolganicha bo‘lishiga qo‘yib berish kerak.

Hozir ijodga nisbatan erkinlik emas, taqiq tomonda tursak , yana kunimiz o‘sha qaynona-kelin mojarasiga qolib ketaveradi. Kecha internetda lgbt sahnalar mavjud bo‘lgan filmlarni taqiqlash kerakligi haqida aytishdi. To‘g‘ri, kinoteatrda buni taqiqlash mumkin ehtimol, lekin internetda ochiq foydalanishda turgan narsani qanday taqiqlash mumkin? Mayli, taqiqlandi ham deylik. O‘sha kino yoki kadrlar taqiqlanar va biz shu taqiqni o‘zimiz uchun yutuq deb ham bilarmiz. Ammo oqibati yomon. Umumiy ijod muhiti uchun aks ta'sir qiladi bu. Mabodo o‘zbeknikiga o‘xshamaydigan bir chivin uchib qolsa ham o‘zbeklarning ijod asarlarida, xavfsirash, kesib tashlash, tsenzura va yopiqlik boshlanadi.

Umumiy me'yor tuyg‘usini ijodda kimlardir emas, o‘sha ijodiy mahsulni yaratayotgan odam va uni qabul qiluvchi belgilashi kerak. Yana o‘sha tanlov huquqi, erkiga borib taqaladi gap. Agar yana taqiq tomonida tursak, istaymizmi-yo‘qmi, Ahad Qayumga muhtoj bo‘lib qolaveramiz.

Tıllanısa Nuryoğdu

Blogerning feysbuk sahifasidan

Tag‘in o‘qing
6 iyun 2018
Respublika prokuraturasida o‘tgan 5 iyun kungi brifingda sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ortidan 21 shaxs hibsga ...
27 oktyabr 2020
To‘qsoninchi yillarda talaba edim. Dang‘aralik taniqli jurnalist Shokirali Nuraliev: «Kapitalizm huquqsiz, yollanma ishchilarni ezib ishlatishdir. Mayli, SSSR quladi, kommunizm ...
28 avgust 2016
28 avgust kuni, O‘zbekiston tarixida ilk bor, Vazirlar Mahkamasi prezident Karimov sog‘lig‘i haqida xabar tarqatdi. O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi ...
2 may 2015
Bu baxslar NKVD- KGB propagandasi yaratgan zaharli zaminda o‘sgan mutant daraxtlar mevasi kabi tuyuldi menga. Mamlakatda na Chor mustamlakachilariga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...