Asosiy mavzular
26 yanvar 2022

Salimboy va G‘ofirboy Toshkentda birga «yarash oshi» yeyishdi

EltuzTG January 26, 2022

25 yanvar kuni Toshkentning qoq markazida joylashgan “Ogni Tashkenta” restoranida o‘zbek mafiyasining eng ko‘zga ko‘ringan ikki keksa vakili – Salim Abduvaliev va  G‘ofur Rahimov o‘rtasida xufiya uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

@EltuzTG manbalariga ko‘ra, O‘zbekistonda taniqli shaxslar vositachiligida o‘tgan ushbu uchrashuvdan o‘n ikki yildan buyon yuz ko‘rmas bo‘lib ketgan ikki mafiya bobosini yarashtirib qo‘yish maqsadi ko‘zlangan edi.

Manbalarning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda ko‘pchilikka ma'lum o‘nga yaqin atoqli shaxslar (ularning ism va nasablari EltuzTG ga ma'lum) qatnashgan.

Bir necha soat davom etgan ma'raka – “yarash oshi” so‘ngida ikki mafiaboshi o‘rtasidagi kin va adovatga nuqta qo‘yilgan.

Uchrashuvga judayam mashhur odamlar kelishdi. Svet umuman bo‘lmagani uchun oshni restoran orqasidagi hovlichada Toshkentning eng zo‘r oshpazi pishirdi. Yarash oshi ko‘pchilik nazaridan panada, juda to‘kin dasturxon atrofida o‘tdi,” – dedi @EltuzTG manbasi.

“Yarash oshi” 71 yashar G‘ofur Rahimovning Birlashgan Arab Amirliklaridan Toshkentga qaytganidan ko‘p o‘tmay uyushtirildi.

Salimboy va G‘ofirboy nega arazlashgandi?

G‘ofur Rahimov va Salim Abduvaliev o‘rtasidagi adovat 2009 yilga borib taqaladi.

Hodisadan xabardor shaxsning hikoya qilishicha, o‘sha davr “jinoyat olami”ning eng qudratli bosslaridan bo‘lgan G‘ofur Rahimov Yangiyo‘ldagi yog‘-moy kombinatiga o‘z qo‘li ostidagi Shamshod ismli shaxsni yuboradi va u orqali kombinat egasiga har oy “shapkasiz” kir sovun va yog‘ mahsulotlari berib turish shartini qo‘yadi.

G‘ofur Rahimov rayiga qarshi borish oqibatlari yomon bo‘lishi anglagan yog‘-moy kombinati egasi Salim Abduvalievdan muammoni hal qilishda yordam berishni so‘raydi.

Salim Abduvaliev kombinat egasiga prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga murojaat qilishni maslahat beradi.

Kombinat egasi Gulnora Karimovaga murojaat qilganmi, yo‘qmi, noma'lum.

Ma'lum bo‘lgani, ko‘p o‘tmay Shamshod qamoqqa olinadi, G‘ofur Rahimov esa mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

Ayni hodisa xalq orasida Salimboy va G‘ofurboy deya tanilgan ikki qudratli shaxs o‘rtasida adovat urug‘ini sepadi.

2013 yilning 6 fevralida G‘afur Rahimovga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165 (tovlamachilik), 243 (jinoiy faoliyatda olingan daromadlarni legallashtirish) va 228 (hujjatlarni qalbakilashtirish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish ayblovlari qo‘yildi.

Oradan bir hafta o‘tib O‘zbdekiston Ichki ishlar vazirligi G‘ofur Rahimovga Interpol orqali xalqaro qidiruv e'lon qildi.

2018 yil 10 iyulda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi G‘afur Rahimovni qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan olib tashlash haqida qaror qabul qildi.

Bu aksar vaqtini Dubayda o‘tkazayotgan G‘ofur Rahimovning O‘zbekistonga qaytishiga yashil chiroq yoqqan edi.

“Yarash oshi” kimning tashabbusi edi?

«Yarash oshi» ma'rakasi jinoyat olamida “Qora G‘ofur” va “Graf” nomlari bilan tanilgan G‘ofur Rahimov tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Bunday tashabbusga uning Dubaydan uchinchi davlatga borish imkoni bo‘lmagani uchun “o‘z ixtiyori” bilan O‘zbekistonga qaytgani sabab bo‘ldi.

Dubaydagi @EltuzTG manbasiga ko‘ra, Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklar ortidan Amirlik xavfsizligiga mas'ul mulozim G‘ofur Rahimovga bu mamlakatda bundan buyon yashay olmasligi va tezda uchinchi davlatdan joy topib chiqib ketishi keragligini aytgan.

Aftidan BAA mulozimlarini G‘ofur Rahimovning yaqin sherigi “Arman Dikiy” laqabi bilan tanilgan jinoyat olami avtoriteti Arman Jumageldievning  Qozog‘istondagi tartbsizliklarga bosh-qosh bo‘lgani tashvishga solgan ko‘rinadi.

G‘ofurning boradigan joyi yo‘q. Dubaydan chiqib ket, deyishdi. Rossiyaga boray desa, u yerdagi o‘g‘rilardan “spros” bor. G‘ofurning Armanni “prikrыvat” qilib kelgani Rossiyadagi vor zakonlarni ham jahlini chiqargan. G‘arb davlatlariga bora olmaydi, sanktsiyaga tushgan,” dedi Dubaydagi @EltuzTG manbasi.

G‘ofur Rahimovni tanigan yana bir o‘zbekistonlik Dubay turg‘uni ham ayni fikrda.

G‘ofur stavka qilgan Guli o‘ldirildi. Arman qozoq qamaldi. Shunga Toshkentda o‘tkazmoqchi qolgan umrini,” dedi u.  

@EltuzTG da bor aniq ma'lumotlarga ko‘ra, G‘ofur Rahimov “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan mashhur  O‘zbekistonda yagona “Vor v zakone” Baxtiyor Qudratillaevdan Salim Abduvaliev bilan yarashtirib qo‘yishni bir necha bor iltimos qiladi.

Lekin Baxtiyor Qudratullaev Rossiyalik “vor”larning noroziligini uyg‘otmaslik uchun G‘ofur Rahimovning iltimosini rad qiladi.

G‘ofur Rahimov xuddi shu iltimos bilan Salim Abduvalievning qudasi “Husayn Moskovskiy” laqabi bilan tanilgan Husan Ziyamuhammedovga ham yuzlangan, ammo u ham eski tanishining iltimosini bajara olmasligini aytgan.

Toshkentga qaytgach G‘ofur Rahimovning ishlari yurishib ketdi, deb bo‘lmaydi.

Uzoq yillar hijratda yashagan mafiozi O‘zbekistonda o‘z mavqe'ini deyarli yo‘qotib bo‘lgan,” – dedi toshkentlik tadbirkor. – “G‘ofur Rahimov chetda ekan undan o‘nlab marta boyroq biznes elitasi shakllanib bo‘ldi. Jinoyat olamida ham yangi o‘yinchilar paydo bo‘lgan. Ular jinoyat olamida obo‘rsi qolmagan G‘ofur Rahimov bilan hisoblashib o‘tiririshmaydi.”  

G‘ofur Rahimovga qarashli ko‘plab biznes ob'ektlari u O‘zbekistondan 2010 yilda chiqib ketgach, yo davlat foidasiga musodara qilindi yoki boshqa shaxslar nomiga o‘tkazib yuborildi.

2018 yilda O‘zbekistonga qaytgach, o‘ziga tegishli muassasalarni qaytarib olish harakatlari ham natija bermadi. 

Tag‘in o‘qing
20 yanvar 2017
O‘zbekiston Prezidentining 2017−2021 yil strategiyasiga oid farmoniga ko‘ra, ichki va xorijga chiqish pasportlarini joriy qilish va xorijga chiqish uchun ...
30 aprel 2023
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bundan oldin o‘sha ...
7 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 25-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning ...
26 aprel 2022
Jahon banki loyihalarida ishtirok etish huquqidan kamida to‘rt yil muddatga mahrum etilgan bu shaxs O‘zbekistondagi keng doiralarda unchalik mashhur ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...