Audio-kitob
7 fevral 2022

Imperativ 41. Ikkinchi darajali qahramon

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 41-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

«G‘afur G‘ulom» nashriyotidagi ishimni tark etarkan, aslida, navbatdagi erksizligimni tark etgandim.

«Don bergan»ni na menga ish bergan Sovet davlati, na-da nashriyot direktori, na unga meni tavsiya qilgan Omon Matjon, na mening erkimga yarim yil tahammul etgan “ESES opa” deb bilardim. Olayotgan maoshimni qilgan ishim uchun olgan haqqim deb bilardim.

Bugun esa buning haq emas, rizq ekanini idrok qilaolaman.

Bunday maosh hatto ishlamasam ham meni yaratgan Zot tarafidan avvaldan berib qo‘yilgan ne'mat ekanini idrok qilaman.

Ammo she'rimning ikkinchi darajali qahramoni o‘sha paytdayok «qushga don bergan, O‘zi uchun berar qushga berganda» haqiqatini anglab yetgandi. Mendan oldin anglab yetgandi.

Haqiqatan ham, yaxshilik qilgan inson bu yaxshilikni birovga emas, oxir oqibatda o‘ziga qiladi.

Bu hikmatni anglashning ikki yo‘li bor. Birinchisi, uni yashab, boshdan kechirib anglash mumkin. Ikkinchisi, intuitiv yo‘l bilan anglash mumkin. She'r shu ma'noda intuitiv idrokdir.

Sovet idoralaridagi navbatdagi «ish fojiasi» 1976 yili «Fizkulturnik Uzbekistana» gazetasida ro‘y berdi. Gazetadagi vazifam ruscha xabarlarni o‘zbekchaga o‘girib, «O‘zbekiston fizkulturachisi» nomli parallel organga takdim etish edi. Bo‘limda rahmatli Tog‘ay Murod bilan birga ishladik. U kamgap yigit edi. Men ham gapdon emasdim. Birga gazetaning o‘zbekcha qismini bir necha oy binoyidek idora etdik.

Muhimi, tarjimonlik ishi men uchun lozim bo‘lgan erkinlikni berardi. Haftada bir marta keladigan tipografiyadagi navbatchilikni hisobga olmaganda minimum ma'suliyatli ish edi. Aynan shu davrda oilam nisbatan huzurga qovushdi. Hatto bir kuni ishdan chiqib, Oydinxonimga bir guldasta va uni qo‘yadigan bir vaza olib kelganim esimda. Va xonimning quvonchdan porlagan siymosi…

Hayotimizning bu qisqa baxtiyorlik davri yillar o‘tib, ushbu she'rda ifodalandi.

QORAQAMISh XOTIRASI

Oydinga

Shohona uyimiz bor edi, esla:

20 metrdi nari-berisi!

Beton devor aro bizga havas-la Qarab turar edi Ilhom Parisi!

Bir ajib yo‘qsildik, bir ajib yo‘qsil, har kuni ro‘zador edik biz go‘yo.

Bizga suykanardi mo‘ltirab, o‘ksib, bizlar bir chaqaga olmagan dunyo!

Uchib kirgan edik ikkov hayotga Shundoq so‘l yonimda porlardi siymong!

Go‘yo o‘zlariga qalb izlayotgan

ikki iymon edik, ikkita iymon! 2014

Bu she'r 2014 yil noyabr oyining boshida, Oydinxonim o‘lim tushagida yotgan kunlari bitildi. Unga o‘qib berdim. Xonim yostiqdan boshini ko‘taraolmadi, zaif jilmaydi. Bu tabassum uning menga so‘nggi tuhfasi edi.

«Fizkulturnik Uzbekistana»dagi ishim uzoq davom etmadi.

Bir kuni tanqidchi Ahmad A'zam bilan «Moviy gumbaz» degan yemakxonda o‘tirib adabiyot haqida suhbatlashdik. Lotin Amerika yozuvchilarining yangi chiqqan kitoblarni muhokama qilganimiz esimda. Kayfiyatimiz osmonlarda edi.

Bu kayfiyatga bir narsa soya solib turardi. Usha kuni «Fizkulturnik Uzbekistana»ning bosmaxonadan chiqqan sonini imzolash navbati menda edi. Redaktsiya xodimlari ko‘rib, tekshirib imzolamasa gazeta tiraji tarqatilmas edi. Men uchun go‘zal «Moviy gumbaz» ostidan chiqib, sassiq tipografiya binosida nafrat etganim tirajning chiqishini kutishday katta azob yuq edi men uchun. Tipografiga bormadim. Uyga ketdim.

Tongga yaqin gazeta bosh muharriri Fattaxov (shoir Temur Fattoxning o‘g‘li) telefon qildi. Ruschalab «Pochemu ne podpisali tiraj? Gde vы naxodites?», deya hayqirdi trubkaga.

Javob bermoqchi edim, ammo javobimni kutmadi va «ya uvolnyayu vas KZOTom, prixodite, zaberite svoyu trudovuyu knijku, vы uvolenы!», dedi bosh muharrir.

Bosh muharrir mening «mehnat daftarcham» yo‘qligini, hech qachon bo‘lmaganini bilmasdi. Mehnat daftarchasi bo‘lmagan odamni KZOT bilan qo‘rqitolmaysan. Chunki bunday odam KZOTning ham nima ekanligini bilmaydi.

Bilish majburiyati yo‘k. Chunki u jamiyatning ikkinchi darajali qahramonidir. Jamiyatdan mas'ul bo‘lmagan qahramon.

Bu mas'uliyatsiz «Ikkinchi darajali qahramon” portretidan yana bir fragment:

«…Bu odam bir maymunga mengzar, Ya'ni U kulganda,

Yig‘layotgan bo‘lar shubhasiz.

Shu bois, hech kim Uni Chaqirmaydi dafn marosimiga –

Sharmanda bo‘lishni istamas hech kim. Shu bois, sobiq do‘sti

Ko‘rib qolsa ko‘chada Uni Ko‘rmaganga solib o‘tadi – Ko‘rishdan cho‘chiydi

Uning mashhur tabassumini…

Mana, u yotibdi kimsasiz uyda,

Qorong‘i xonada, o‘ziga tirjayib o‘zi…(1980) “Valfajr”, 1983

Aktiv siyosat davrida ham hayotiy nuqtalarda kaminani intiutiv idrok boshqardi.

Yozuvchilar Uyushmasi kotibligi vazifasida ishlagan davrim men uchun aktiv siyosat davri edi. «Muhammad Solih Uyushma kotibi o‘larok Uyushma uchun hech narsa qilmadi» deya tana toshlari otganlar haqli edilar. Chindan ham Uyushma uchun hech narsa qilmadim, faoliyatim tamoman siyosiy bo‘ldi, fikru zikrim o‘lkaning mustaqilligi g‘oyasi bilan mashg‘ul edi. Bu faoliyatga qarshi chiqqanlarning ruhiy tazyiqidan ozod bo‘lish uchun Uyushman kotibligidan ham ilk imkonda iste'fo berdim. Kotiblik kursisi uchun talashayotgan «birinchi darajali qahramonlar»ga maydon bo‘shatdim.

1992 yil may oyida o‘zbek diktatori meni uning hukumatiga kirishga taklif qilganda hech ikkilanmay rad etdim. Chunki Diktator meni erksizlikka taklif kilayotgan edi.

Bu «o‘ylamay olingan qaror» tufayli do‘stlardan ko‘p tanqid eshitdim. Ammo ma'lum bir muddatdan so‘ng ular buning to‘g‘ri qaror bo‘lganini e'tirof etdilar.

Siyosiy hayotimning burilish nuqtalarida bo‘y ko‘rsatgan irratsionalizm qaror olishda doim hal qiluvchi rolni o‘ynagani aniq. Qaror olar ekan, guyo juda oson olar edim. Umuman, xayotim nihoyatda oson kechardi dunyoda. Eng ozidan, atrofga shunday ko‘rinar edi.

Aslida, o‘zimni hamisha bir yuk ostida his qilardim, faqat bu yuk tashqaridan ko‘rinmas edi:

«IKKINChI DARAJALI QAHRAMON»

«U doim nimanidir ko‘tarib turgan bo‘ladi,

Ko‘tarib kelayotgan yoki ketayotgan bo‘ladi.

Rahmingiz kelib,

«Yukingni yerga qo‘y!» deysiz,

Yerga qo‘yadi

U yukini.

Ammo yana achinasiz unga qarab:

«Nima balo, ko‘ylak og‘irlik qilyaptimi endi,

Yechib tashla ko‘ylakni!» deysiz,

Darhol yecha boshlar itoat bilan

Yechish mumkin bulgan barcha narsani.

«Bor, endi uyingga, dam olgin,

Yalang‘och turmagin ko‘chada!» deysiz.

Lekin uning ketayotganini ko‘rib,

Yana baqirasiz asabiy:

«Endi nima og‘irlik qilyapti senga,

Nimani ko‘tarib ketyapsan yana?

Qo‘lingda hech vaqo yo‘q, egningda hech vaqo,

Nimani ko‘tarib olding sen yana?!»

(1980)

Valfajr, 1983

Bu kahramonni mas'uliyatdan qochgani uchun jamiyat savdoyilikka mahkum etgan. Faqat bu zohiriy savdoyilik, majzublik uning botinida muzlatilgan ehtirosning o‘rtigi xolos.

To‘g‘ri, u erksizlikdan qo‘rqadi, ammo u o‘z erkining dushmani bilan kurashib, mislsiz jasorat ko‘rsatishga qodir.

Bu nuqtada jasorati uning qo‘rquviga proportsionaldir.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
9 sentyabr 2018
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi «Omina» jome masjidi imom-xatibi Fazliddin Pardaev ishdan olindi. O‘zbekiston musulmonlar idorasining «Eltuz»da mavjud bo‘lgan 675-buyrug‘iga ...
6 noyabr 2019
Yaqinda “Sharq ziyokori” kitob do‘konidan ulug‘ rus yozuvchisi Lev Tolstoyning “Jaxon bestsellerlari” ( aslida “jahon” bo‘lishi kerak) turkumi ostida ...
19 yanvar 2019
Taniqli o‘zbek teatr va kino aktyori Po‘lat Saidqosimov 87 yoshida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazidagi 6 coat davom etgan ...
7 oktyabr 2020
Jeenbekov hukumatining hayratlanarli darajada tezkor ag‘darilishidan so‘ng bir qator savollar tug‘iladi. Ulardan eng muhimi – ikkita: Endi nima bo‘ladi? ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...