Audio-kitob
24 aprel 2022

Imperativ 46. Cof san'at

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 46-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Balki, «Mosyo Test»ning o‘z tafakkuri ustidagi istibdodini bitta Edgar Po emas, balki, yuqorida sanalgan barcha ismlar tafakkurining sintezi, deyish mumkindir. Garchand, Valeri, masalan, Mallarme haqda: «She'riyat Mallarme uchun eng teran va yagona predmetdir. Men uchun esa, u AQLning spetsifik imkoniyatlariga bir ilovadir xolos», desa ham.

Albatta, Mallarme uchun she'riyatning vazifasi tasvir va yoki nasihat emasdi. Uning fikricha, She'riyatda tabiatusti bir mag‘iz bo‘lishi kerak. Shoir sirli olam bilan inson o‘rtasida vositachi. U simvol(ramz)lar yordamida gizlangan borliq ustidagi sir pardasini sidirib tashlash uchun mas'uldir.

Aslida, Mallarmening maksimalizmi «Mosyo Test» (Valeri) maksimalizmidan farq qilmaydi. Faqat biri buni she'riyatga, ikkinchisi esa, umuman tafakkur jarayoniga yoyadi.

Mallarme ilhomga, sirlilikka ahamiyat beradi. Uning muxlisi Valeri esa, bitta she'rning bir nechta variantini yozish mumkinligiga ishonadi. «Ko‘p variantli she'r (ilhomning muqaddasligiga inongan) avom idroki uchun sharmandali bir holdir. Men uchun esa, bu katta layoqatdir. AQL qudrati variantlar soni bilan o‘lchanadi», deydi u. Bu ikki shaxs o‘rtasidagi yagona farq: Valeri maksimum ANIQlikka, Mallarme esa, maksimum «qorong‘ilikka»(sirlilikka) intiladi. Ikkalovi ham bu intilishlarida o‘z fikrlarining mustabididirlar.

Ular bu intellektual istibdodda birlashadilar.

Valerining e'tirofiga ko‘ra, Ovro‘pa adabiyotiga ta'sir qilgan, ammo o‘z yurtida e'tibor ko‘rmagan Edgar Allan Po o‘zining «The Poetic Principle» ma'ruzasida (san'atdagi) Haqiqat haqdagi tushunchasini shunday bayon qiladi: «Haqiqatga har kim kabi teran ehtirom tuygan bir kishi sifatida men uning tadbiq qilinish usullariga ma'lum bir cheklov qo‘ygan bo‘lardim…Cheklovni Haqiqatni tadbiq usullarini kuchaytirish uchun qo‘yardim. Men ularni sochib tashlab zaiflashtirmasdim. Haqiqat bizga qat'iy talablar qo‘yadi. Uning dunyo bilan ishi yo‘q… Qo‘shiqni(she'rni) chechaklaru qimmmatbaho toshlar bilan bezash uni bachkana bir paradoksga aylantirish, demakdir. Haqiqat uchun kurasharkan, biz tilning keskinligi va shafqatsizligiga ehtiyoj tuyamiz, uning rang-barang jimjimadorligiga emas. Biz SODDA, ANIQ va QISQA bo‘lishimiz kerak. Biz SOVUQ, SOKIN va EHTIROSSIZ bo‘lishimiz kerak».

Pol Valeri Sharl Bodler haqidagi ma'ruzasida shunday yozadi: Sharl Bodler «The Poetic Principle» («Poetik printsip») dan ko‘zlari qamashib, hayratga tushganiga qaramay yoki ko‘zlari qamashib, hayratga tutilgani uchun uni Edgar Po asarlari (frantsuzcha tarjimasi) orasiga kiritmadi. Ammo bu essening eng muhim parchasini biroz o‘zgartirib, o‘zidan qo‘shib, Poning «G‘ayrioddiy hikoyalar»i tarjimasi so‘zboshisiga kiritdi. Agar bu voqeani muallif o‘zi tan olmasaydi, buning bir plagiat ekanligi shubha ostiga olinishi mumkin edi. Ammo (Bodler) Teofile Gote haqida yozgan maqolasida o‘sha parchani to‘la keltirib, unga shu ajoyib izohni ilova qiladi: «parafrazadan qochish uchun ba'zan o‘zimdan iqtibos keltirishimga izn bor deb o‘ylamayman», deydi u va Edgar Poning «Printsip»idan olingan parchani keltiradi».

Pol Valeri o‘z salafi Bodler haqidagi bu mayin, do‘stona kinoyasidan qat'iy nazar, Edgar Po qo‘ygan bu mezonlar Mosyo Test(Valeri)ning ham EHTIROSli mushohadalari tamali bo‘ldi. Balki, buni ehtirossiz(sovuq, sokin) matn yasash EHTIROSI, desa, aniqroq bo‘lar. Bu ta'bir hikoyamiz avvalida qo‘llanilgan «muz mash'ala» ta'birining yana bir varianti.

Pol Valeri amerikalik buyuk shoir va mutaffakirning she'riyatga qarashini tahlil etarkan, xulosasini Bodlerga nisbatan ochiqroq va dangalroq ifoda etadi: «Edgar Po she'riyatning o‘zini davr yo‘nalishiga uyg‘un isloh etishi kerakligini anglagandi. U (she'riyat) o‘z tabiatini kashf etishga, uni SOF holida o‘rganish uchun davo qilishga haqlidir. She'riy EHTIROSning tahlili va saralash vositasida Mutlaq She'riyatni belgilashi bilan Edgar Po (tarkibida) MATYeMATIKA va MISTIKA yo‘g‘rilgan nihoyatda murosasiz, jozibali bir doktrinani o‘rtaga qo‘yib, yo‘l ko‘rsatdi».

Edgar Po «Printsip»idagi «She'riyatning o‘zini SOF shaklda o‘rganishga haqqi bor» jumlasigae'tibor bering.

Bu jumla juda muhim sententsiya.

Bu jumla 19 asrda boshlangan adabiyot dohiylarining qit'alar aro muhosabasi mohiyatan san'atdagi SOFLIK uchun berilgan mujodala ekanligidan dalolat beradi.

Albatta, bu SOFLIK talqinidagi nyuanslar, farqliliklar ayri bir masala.

Bizning adabiyotda, uning Sovet bosqichida bunday muhosaba yerosti (underground) tor adabiy gurunglaridagina tortishildi. Kommunistik mafkura uchun «sof san'at» bir haqorat edi. Bugun ham o‘zbek adabiyoti (balki butun sobiq sovet adabiyoti) bu mafkura asoratidan qutilmagani kuzatilmoqda.

Bu hususda bultur bir matn tayyorlagan edim. Undan bir parcha: «Bizning zamonimizda «Sof san'at» va bu tushuncha tarafdorlari sotsialistik realizm adabiyotshunosligining tanqid ob'ekti edi. Garchand, 20asr sovet adabiyotining ilg‘or yosh naslining botiniy dohiylari aynan «sof san'at » tushunchasi vakillari edilar. Ular sovet mafkurasi tarafidan targ‘ib qilingan sovet yozuvchi shoirlari emas, balki, ko‘pincha ta'qiqlangan G‘arb yozuvchi-shoirlari edilar. Yosh sovet shoirlariga «G‘arb she'ri taqlidchisi» tamg‘asi urilib, ular milliy ildizlarini inkor etgan osiylar deya e'lon qilinardi. Ammo bir oz vaqt o‘tgandan keyin aynan bu «osiylar» yaratgan adabiyot «eng milliy» adabiyot ekanligi o‘rtaga chiqardi»…

Balki bu fikr biroz iddaoli ko‘rinishi mumkin. Ammo bu kamida tortishilayotgan «sof san'at» g‘oyasini Sovet rejimi kabi mustabid siyosiy tuzum ham o‘ldiraolmaganiga bir guvohlikdir.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2016
Shavkat Miromonovich Mirziyoev, vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi bilanoq, o‘zining “oyboltasi”ni ishga soldi: 15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistondagi aksar ...
11 sentyabr 2017
Hollivudning mashhur kinoakteri Stiven Sigal 9 sentyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Asian Fight 2017 Xalqaro jang turnirida qatnashmadi. Shu kuni ...
6 mart 2018
Sorri, albatta, biroq men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak? Hozir to‘y an'analaridan, ayniqsa badavlat ...
12 avgust 2023
Toshkent shahar IIB binosidan 12 avgust kuni 33 yashar Doniyorbek Usmonovning o‘ligi chiqdi. Eltuz manbalari uni IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...