Asosiy mavzular
3 may 2022

Iste'molchilar “homiysi”dan qing‘irliklar bo‘yicha mahorat darslari

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida kutubxona qurish uchun olingan yer maydonlarini o‘zlashtirishning hadisini olgan.

“Eltuz”ga jo‘natilgan shu mazmundagi iddao bildirilgan murojaatda federatsiyaning o‘z manfaati yo‘lida yer o‘zlashtirishi bilan bog‘liq bunday qing‘irliklar mamlakatning ko‘plab shahar va tumanlarida yuz berayotgani aytiladi.

Prezidentning beshta muhim tashabbusidan biri aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Iddao qilingan qing‘irliklar besh tashabbusning ayni shu yo‘nalishiga bog‘liq.

Murojaatda bildirilishicha, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mamlakatning har bir tuman va shahrida “Iste'molchilar uyi” va “Iste'molchi kutubxonasi” qurish loyihasini ilgari surgan.  

Federatsiya rahbariyati shu tashabbus ijrosi doirasida har bir viloyatdagi tuman va shahar hokimlariga “yoshlar uchun kutubxona qurish uchun yer berilsin” mazmunida qarorlar chiqartirib olishga erishgan. 

Bu loyiha orqali iste'molchilarning huquqiy va kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ‘ib qilishdan tashqari yuzlab yosh yigit-qizlarni ish bilan ta'minlash va'dasi ham berilgan.  

“Loyiha doirasida viloyatlarda ochilgan birorta “Iste'molchilar uyi”, “Iste'molchi kutubxonasi”da hokimlarga va'da berilganidek, yuzlab yosh o‘g‘il va qiz ish bilan ta'minlanmadi. 

Fuqarolarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida elektron kitoblar bazasi ham shakllantirilmadi. O‘quvchi pandemiya sharoitida uyidan turib kitoblarni buyurtma qilishi va elektron formatda arzon narxda masofadan kutubxonalardan zamonaviy “Book cafe” va bepul Wifi tizimi hamda internet orqali zarur adabiyotlarni topishi va xarid qilishi imkonini beruvchi “eReader” elektron o‘quv qurilmasi ham o‘rnatilgani yo‘q. 

Bu uddaburonlar ushbu olingan yer maydonlariga kutibxonaga deb qaror chiqartirib, ochilish marosimlarini dabdabali ravishda o‘tkazib olganidan keyin tashkilot uchun ofis uchun yoki o‘z maqsadlarida foydalanishmoqda (joyni ijaraga berish, oshxona, oziq-ovqat do‘konlari va hk)”, deyiladi murojaatda. 

Murojaatning ismi sir saqlanishini so‘ragan muallifi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida federatsiya tomonidan ijtimoiy sheriklik asosida barpo etilgan “Iste'molchilar uyi” va “Iste'molchi kutubxonasi”ni o‘z so‘zlariga dalil sifatida keltiradi. http://cdn.uza.uz/2020/11/10/13/35/8ZGLRNXhXlVNWX2ZgpIBJKmcBL58CJyB_front.jpg

Ushbu muassasaning ochilishi marosimida qator kazo-kazolar, jumladan, senatordan tortib tuman hokimigacha ishtirok etgan. Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov esa yangi majmua yosh avlodga ziyo ulashish, ma'naviy-ma'rifiy, huquqiy targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishini ta'kidlagan.

Farg‘onada ochilgan, turli amaldorlar tantanavor nutq so‘zlab, televidenie va matbuotda ura-ura qilingan shunday “Iste'molchilar uyi”dan ayni paytda ofis sifatida foydalanilayotganini aytar ekan, Buxora viloyatida qurilgan majmuaning taqdiri ham shundayligini qo‘shimcha qiladi murojaat muallifi. 

Mart oyida ham rasmiy matbuot “yaqinda Navoiy viloyatining olis cho‘l hududi – Tomdi tumanida joylashgan “Iste'molchilar uyi” ma'muriy komleksining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgani”, unda tuman hokimi, senatorlar doxil amaldorlar ishtirok etgani haqida xabar tarqatgandi.   

Unda loyiha doirasida bugungi kunda mamlakatimizning o‘ttizdan ortiq tuman va shahrida “Iste'molchi kutubxonasi” va “Iste'molchilar uyi” ma'muriy komplekslari qurilib, foydalanishga topshirilgani aytiladi.

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1999 yilda faoliyat boshlagan kvazehukumat tashkilot bo‘lib, bugungi kunda uning tizimida 14 ta hududiy birlashma, tuman (shahar) jamiyatlari, mahallalar, korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda 5 502 ta tayanch guruh bo‘lib, ularning tarkibidagi a'zolar soni 529 342 nafarni tashkil qiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 noyabr 2021
2016 yildan buyon minglab odam ozod qilinganiga qaramay, O‘zbekistonda yana ikki mingga yaqin kishi siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra ...
20 iyun 2023
Bu sanada O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni nishonlanishi kerak, chunki bundan 30 yil burun, 1990 yili respublika parlamenti Mustaqillik ...
5 fevral 2018
O‘zbekiston parlamentining ikki deputati Vazirlar Mahkamasining yuridik shaxslar avtomobillari haydovchilarining aynan «Avtotest-Report» MChJ malaka kurslarida o‘qib, majburiy sertifikat olishi ...
15 dekabr 2016
G‘arb davlatlari boshlagan 850 million dollar korruptsiya ishining asosiy figurantlaridan biri sanalgan Abdulla Oripov 14 dekabr kuni Bosh vazir ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...