Ko‘zqarash
2 iyun 2022

Imperativ-53. Musiqa harommi?

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 53-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan)

MUSIQA HAROMMI?
 
Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning «Segoh»iyu «Suvoro»larini tinglab, shuurim doim boshqa taraflarga yo‘naladi…
Alloh ruhiga rahmat aylasin, buyuk Hofiz dindor inson edi. Qiy-chuv hukmron bo‘lgan to‘ylarda ham ikki rakat namoz qilish uchun fursat topabilajak qadar dindor. Bunga o‘zim shohid bo‘lganim uchun bu hususda ikkilanmay yozayapman.
Kommunizm mafkurasi avj olgan bir davrda o‘z diniga sodiq qolish uchun buyuk iymon sohibi bo‘lish kerak edi. Hofiz shunday iymon sohibi edi.
Endi mushohada qilayapman: hofiz bu qadar noyob iste'dod bilan bu qadar mustahkam iymon o‘rtasidagi muvozanatni qanday idora etdi?
Bizga «musiqani ta'qiqlagan» din sifatida taqdim etilgan aqidalar muhitida musiqa va dinni o‘z qalbida qay yo‘sinda birlashtirdi bu buyuk zot?
Birlashtirdi deyapman, chunki bu qadar kuchli iymon musiqani rad etsaydi, u bilan birlashmasaydi, hofiz qalbidan chiqqan ohang bu qadar dardli va samimiy yangramasdi. Agar iymon va iste'dod o‘rtasida har qanday bir ruhiy ziddiyat bo‘lsa, musiqadagi go‘zallik o‘rtaga chiqmasdi.
Go‘zallikni yaratgan Alloxdir. Alloh hech qachon o‘zi bergan iymonni o‘zi ato etgan go‘zallikka qarshi qo‘ymaydi. Chunki, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi.
Haqiqiy musiqa doim ilohiydir, shuning uchun ham go‘zaldir. Go‘zaldir, chunki, manbai ilohiydir. Faqat 18 ming olamni Yaratgan Alloh ekanini bilgan bir aql, bu yaratilish namunalarini o‘zidan boshlab butun borliqlar misolida ko‘rib turgan bir ko‘z butun tovushlarni yaratgan ham Alloh ekanini biladi va ko‘rib turadi.
Bastachi, zotan, koinotda mavjud bo‘lgan saslar va ohanglarnigina notaga tushiraoladi.
Unga ilhom etilgan inson qalbini larzaga soladigan dardli ohanglar xomashyosi yana uniki emas, yana o‘sha Yaratuvchinikidir.
Ba'zi «din nomidan» chiqarilgan san'atga qarshi hukmlar ichida nafaqat Qur'onga, balki Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning doim nasihat etgani mantiqqa tayangani ham yo‘q.
Masalan, haykallarni «haykalga topinmasinlar» deya harom qilish mantiqlimi?
Johil haykalga topinsa, haykalni parchalash bilan u johilga iymon berish mumkinmi?
Otashparast olovga topinsa, olovdan voz kechib, undan foydalanmasligimiz kerakmi?
Yoki quyoshga topinsa, quyoshni «parchalash» kerakmi?
Shu bizga hadis o‘laroq taqdim etilgan satrni o‘qing: «Sizdan birining ichi qusmuq va qon bilan to‘lgani she'r bilan to‘lganidan xayrliroqdir»
(Mishkat al-Masabih 4/4809).

Kechirasiz, shu so‘zlar Allohning Payg‘ambari og‘zidan chiqishi mumkinmi?
Qur'oni Karim «Luqmon» surasidan 5-6 oyatlarda Allahu Talo shunday buyurmoqda: Bismilloh:

أُوْلَئِكَ عَلَى هُدًى مِّن رَّبِّهِمْ وَأُوْلَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
وَمِنَ النَّاسِ مَن يَشْتَرِي لَهْوَ الْحَدِيثِ لِيُضِلَّ عَن سَبِيلِ اللَّهِ بِغَيْرِ عِلْمٍ وَيَتَّخِذَهَا هُزُوًا أُولَئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ مُّهِينٌ

 
So‘zma-so‘z tarjimasi: «Va insonlardan ba'zilari, bilgisizcha Alloh yo‘lidan qaytarmoq, masxara qilmoq uchun hadis-so‘zning bo‘shini sotib oladilar. Razil etuvchi bir azob ana shular uchundir»
(Luqmon surasi, 56)
Yana «Zumar» surasida shu oyatlar mavjud: Bismilloh:

 وَالَّذِينَ اجْتَنَبُوا الطَّاغُوتَ أَن يَعْبُدُوهَا وَأَنَابُوا إِلَى اللَّهِ لَهُمُ الْبُشْرَى فَبَشِّرْ عِبَادِ
الَّذِينَ يَسْتَمِعُونَ الْقَوْلَ فَيَتَّبِعُونَ أَحْسَنَهُ أُوْلَئِكَ الَّذِينَ هَدَاهُمُ اللَّهُ وَأُوْلَئِكَ هُمْ أُوْلُوا الْأَلْبَابِ

Tarjimasi: «Tinglab bo‘lgandan so‘ng, so‘zning eng go‘zaliga bo‘ysungan qullarimga mujda ber: ana ular Alloh to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirgan kishilardir. Haqiqiy aql sohiblari ulardir»
(Zumar surasi, 39/17-18)
Sahobalardan Hazrati Vobisa shunday deydi: “(Payg‘ambarning) yoniga borib, poyida o‘tirdim. Menga «Sen yaxshilik va yomonlik haqida so‘rashga kelding», dedi. «Ha» dedim. Shunda uch barmog‘ini mening ko‘ksimga tekkizib, «Ey Vobisa, qalbingdan so‘ra, nafsingdan so‘ra», dedi va buni uch karra takrorladi. So‘ngra davom etdi: « Yaxshilik nafsingga taskin bergan narsadir. Yomonlik esa
insonlar fatvo bergan bo‘lsalar ham nafsni tirmalagan, siynangda taraddut uyg‘otgan narsadir”.
 
(Müsned, 4/228; Mecmâu’z-Zevâid, 1/175,10/297; Darimi, Büyu, 2; Süyûtî, Câmi’u’s-Sağîr, 1/40)
Ayni mavzuda hadisiy sharif: “Sen huzursizlik bergan narsani tark et, huzur berganga o‘t. Chunki to‘g‘rilik ichki huzur beradi, yolg‘on shubha va taraddut uyg‘otadi»
(Termiziy, Qiyomat 60)
Gapning qisqasi: Musiqa va boshqa go‘zal san'atlarni «harom» degan fatvolar bizda taraddut va shubha uyg‘otadi. Bu fatvolar ichimizda aslo huzur uyg‘otmaydi.
Bir istisno bor: agar musiqa insonni nafsga qul etib, fitna va fasodga yo‘naltirsa, Allohdan uzoqlashtirsa, bunday musiqa, albatta, haromdir. Yaqinlashtirsa, mubohdir.
Bu tezis butun san'atlarga, jumladan, she'riyatga ham tegishlidir.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
2 avgust 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Navoiy, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan kelgan. Sizga o‘qib ...
18 mart 2021
Bahor keldi. Sirdaryodagi o‘riklar oppoq bo‘lib gulladi. Giyohlar tabiatning so‘z erkinligi kabi ko‘kka o‘rladi. Bahordagi qayta tirilish tabiatga xos ...
1 fevral 2023
Toshkentning Yangixayot tumanida bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qiz uyidan 20 metr uzoqlikda o‘lik holda topildi. Bu haqda UzNews.uz'ga vaziyatdan ...
20 aprel 2017
Taniqli jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va Xurmat Bobojonovlarning Urganch tumanida yashovchi onasi Shukurjon Madrahimovaning aytishicha, u 18 aprel kuni o‘z ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...