Audio-kitob
10 avgust 2022

Muhammad Solih bilan suhbat: Men quvgan va qaytgan qush… 1-qism

Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz tashabbusi bilan tayyorlandi. Faqat bu suhbatni yozib olgan kishi – O‘zbekistondagi erkin mediaga o‘tkazilayotgan tazyiq sababli bo‘lsa kerak – bizdan o‘z ismi va ovozini oshkor qilmaslikni istimos qildi. Biz uz mualliflarimiz taqdiriga befarq emasmiz, albatta uning iltimosini qabul etdik. Tasvirga olingan bu suhbatni Xurshida Ataoulloh matnga aylantirgan. Bugun suhbatning dastlabki qismini e'tiboringizga taqdim qilamiz.

MYeZONLAR HARAKATI. ODAM VA QUSh…

MUXBIR: Assalom-u alaykum,bizni kuzatib borayotganlar. Bugun ko‘pchiligingizning talabingizga binoan yana elimizning sevimli shoiri,siyosat maydonida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan inson Muhammad Solih bilan bafurja suhbat qilmoq uchun shu manzilga keldik. Birinchi suhbatlarimizni ko‘rish jarayonida sizlar o‘zingizda tug‘ilgan savollar bilan murojaat qilganingiz kabi ,biz ham o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishni niyat qildik. Demak, suhbatimizni boshlaymiz. Muhammad Solih aka! Avvalo,sog‘lig‘ingiz, kayfiyatingiz ,ishlaringiz haqida so‘zlab bersangiz-da,savollarga keyin o‘tsak.
MUHAMMAD SOLIH :Rahmat. Sog‘lig‘im borasida shikoyatim yo‘q. Aksincha, hamishagidek Allohga shukur bilan yashayapmiz. Ijodimiz ham,oilaviy hayotimiz ham,fikriy hayotimiz ham mening yoshimdagilar orzu qilish mumkin bo‘lgan saviyada yuksak.
O‘ylaymanki,haliyam oilamizga nafim tegib turibdi. Xalqimizga nafim tegdi deyolmasam-da, xalqimiz hayoti uchun ham zarur gapni, fikr-mulohazani aytib turibmiz baholiqudrat.
MUXBIR: : Solih aka! Mening yoshimdagilar orzu qiladigan hayotdaman dedingiz. Bunga ozroq izoh bersangiz. Siz hozir adashmasam,73 dasiz.
MUHAMMAD SOLIH Dekabr oyida 73 yosh bo‘ladi,inshaalloh. Vu hazilakam yosh emas.Lekin men biologik jihatdan o‘zimni bu yoshda his qilmayapman. Bu ham bo‘lsa, Allohning ne'mati. O‘ziga shukur! O‘zimni ancha yosh his qilaman. Fikrlarim ham, menimcha, u qadar loyqalanmagan. Muayyan bir fikrni oxirigacha yetkazib,xulosa qilish qobiliyatim yo‘qolgan emas. Bu bizning yoshda juda yaxshi holat. Men bundan juda xursandman, bu ne'mat uchun Allohga shukur deyman.
MUXBIR: : Odatda ,bu yoshda ”tayyorgarlik” ko‘rib qo‘yishadi.
MUHAMMAD SOLIH:Mutloqo! Tayyorgarligimiz bor, ekzistentsial ma'noda siz aytgan o‘limga doim tayyor holda yashaganman. Bugun har zamondagidan ko‘proq tayyorman. Buning tafsilotini ”Imperativ” kitobida ham yozganman. Ya'ni har kun uydan chiqarkan(xususan, talabalik yillarida,undan keyingi davrda ) men bilan biror baxtsiz hodisa yuz berib o‘lsam, meni odamlar topib olganda, morgda yechintirishganida, ichki liboslarim pok bo‘lsin degan xayolda,tongda yuvinib-taranib chiqardim. Kimgadir bu maniya ko‘rinar, lekin bu menda shakllangan bir odat edi. Aytmoqchimanki,o‘limga tayyorgarlik yoshlikdan boshlangan. Hanuzgacha shunday. Insonning hayoti Alloh Taolodan berilgan bir omonat.Bu omonatni istagan onda faqat Yaratganning o‘zi olishi mumkin. Inson har doim bunga tayyor turishi kerak. Xususan,o‘zini tanigan,Allohni tanigan inson! Shu o‘rinda o‘qiganim bir diniy rivoyat xotirga keldi. Ma'nosi shunday edi: Daryo bo‘yida darveshlar qur bo‘lib choy ichib o‘tirishganda, ularning ichida biri taxorat uchun daryodan suv olgani bormoqchi bo‘ladi. Va avval tayammum qiladi. Darveshga sheriklari «daryo tomonga ketayapsan, tayammumga ne hojat?», deyishadi. Shunda darvesh o‘zi turgan joy bilan daryo oralig‘i 40 odim masofa borligini,ungacha yetib bora oladimi, yashay oladimi, buni bilmsligini aytadi. Bu – bir aqida. Bunday dunyoqarash – bu saviyada bo‘lmasa-da – uning aks-sadosi mening botinimda doim. Alloh bizni bu dunyoga sinovga yubordi. Bu sinov tugagach,albatta O‘ziga chaqirib oladi.Bu falsafa ichimda bir shior kabi yashaydi. Ba'zan yaqinlarim o‘lim haqida gapirma, deyishadi. O‘limni men xar soniyada his qilaman. Bizning borlig‘imizda ,aslida,o‘lim degan narsa yo‘q, Allohning bergan ruhi abadiy yashaydi. O‘lim bir ko‘prik – o‘tish yo‘lidir. Bu dunyoda ko‘prikdan yaxshi o‘tgan insonlar ,u dunyo ko‘prigidan eson-omon o‘tadi deyishadi. Sinovdan munosib o‘tolmaganlar esa,oyog‘i toyib o‘tishi mumkin. Maqsadimiz – ko‘prikdan o‘tayotganda oyog‘imiz toyib ketmasin. Butun duolarimiz ham shunga yo‘nalgan, Alloh bizga shu ko‘prikdan yaxshi o‘tishni nasib qilsin!
MUXBIR: Zotan,islom aqidasi ham shu: qachon chaqirsa,biz tayyor turishimiz kerak.
MUHAMMAD SOLIH: Shunday.
MUXBIR: Solih aka. Kechagi suhbatimizda vasiyat haqida gapirganda ba'zi narsalarni mulohaza qildik:vasiyatga ko‘pchilik «ulguraman» degan xayol bilan xotirjam qaraydi. Biroq hamma ham ulgurmaydi. Jon halqumga kelgan on,til kalimaga kelmaydi. Ishoraga bazo‘r ulguradi. Ortida qolganlar bu ishorani anglab -anglamay ovorayi sarson bo‘ladi. Shuning uchun es-hushingiz joyida ekanida vasiyatingizni qilib qo‘ying, degan hikmatda ham o‘limga tayyor turishga ishora bor. Hali duo qilgan mahalimda Allohdan o‘zimga mansab,boylik ,umuman, moddiyatga doxil narsa tilamayman. Hatto,saylovda ham Prezident bo‘lay deb duo qilmaganman. Duoda ham faqat shukur haqida duo qilaman dedingiz. Buni qay xilda izohlash mumkin?
MUHAMMAD SOLIH: Duo qachonki samimiy,ixlos bilan qilinsa,ijobat bo‘ladi deyishadi. Haqiqatdan,ixlos bilan aytilgan so‘zning, bir energiya o‘laroq Allohga yetib borishi tez deb o‘ylayman. Balki men yanglish o‘ylayotgandirman. Biroq so‘z ham,duo ham bir energiya. Zotan,Alloh bizning jon tomirimiz,qon tomirimizdan ham yaqin! Haqiqatan ham,siz hali eslatganingizdek,men Allohdan lavozim,mansab,boylik so‘rab duo qilmadim. Bir-ikki marta tariqat ulamolarining Allohdan kichik bir narsani ham duo qilib so‘rash (masalan,botinkaning ipini ham) odobdan degan so‘zlariga muvofiq, moddiy, ijtimoiy masalalarda duo qildim.
MUXBIR: Hadisda ham keltirigan bu. Ya'ni bandam so‘rasa,beraman degan Allohning so‘zi.
MUHAMMAD SOLIH : Shunga amal qilib bir necha bor haligi kichik masalalarda duo qildim. Biroq, o‘zimga o‘zim shu qadar kulgili ko‘rindimki ..va bu juda nosamimiy,qo‘pol chiqdi. Ixlos bilan qilinmaganidan balki! Balki ahamiyatsiz,mayda ,past narsa bo‘lgani uchundir so‘rovim!
MUXBIR: Bu o‘zingizga bachkana tuyulgan. Ichingiz yorishmayapti bundan.
MUHAMMAD SOLIH : Aynan shunday, ichim yorishmadi. Va darhol to‘xtatdim. Ko‘p qilganim ham yo‘q bu xil duolarni. So‘raganim ham samimiy chiqmadi. Samimiy chiqqani – shukur duosi! Allohga shukur qilsam, bu doim samimiy chiqadi.Shuning uchun bu masalada – moddiyat masalasida – Allohdan so‘ramaganman.
MUXBIR: Ammo berganiga shukur qilgansiz.
MUHAMMAD SOLIH: Albatta, berganiga shukur qilaman. Shukur duosini qilsam,ko‘zim namlanadi. Demak, bu duo samimiy. Faqat Allohga shukur qilish uchun kuchim,qurbim yetadi xolos.Chunki, men hech narsaga arzimaganim holda, Alloh Taolo menga hamisha quvvat bergan. Haq etmaganim holda, U meni aziz qilgan. Do‘stlarim bo‘lgan. Hatto, hech bir orzu qilmagan holda xalq menga saylovda ovoz bergan. Men o‘zimni bunga loyiqman deb o‘ylamaganman. Zotan, Prezident bo‘lish niyatim ham, maqsadim ham yo‘q edi .Faqat kommunistlarga bir alternativ bo‘lsin,bularga ham qarshi kurashish mumkinligini xalqimga isbot qilish uchun, menga o‘xshash bir ojiz odam chiqib bularga qarshi maydon o‘qiy oladi,bularning qarshisida turoladi,sizlarning ichingizda mendan ham kuchlirog‘ingiz bor deb xalqni ilhomlantirish uchun qilganman bu ishni. Buni bir adabiyot, bir tashbeh o‘laroq so‘ylayotganim yo‘q. Haqiqatdan shunday edi. Faoliyatimning ilk bosqichlarida siyosatni yomon ko‘rardim,siyosatchilarga qarshi siyosatchi bo‘lganman.
MUXBIR: Chiroyli gap bo‘ldi:Siyosatchilarga qarshi turib,siyosatchi bo‘ldim!
MUHAMMAD SOLIH S. Siyosatchilarning yolg‘onini,siyosatchilarning qabihligini,firibgarligini,haqsizligini ko‘rib men siyosatchi bo‘lib qoldim. Bo‘lmasa, yoshligimda menga «siz Prezident bo‘lasiz», deganda kulganman. Birinchidan,sovet tuzumida «Prezident» degan tushuncha yo‘q. Bo‘lsa,kommunistik partiyaning birinchi kotibi bo‘ladi odam.Men esa,tug‘ma antikommunistman», deganman. Yoshligimdan yomon ko‘raman ularni.Qo‘ysa ham, bunday ishdan qochaman. Shunday bo‘lgan ham.Universitetda meni armiyani bitirib kelgan,yoshlar ichida obro‘si bor deb, profkom tayinlashgan edi. Bir yil ham ishlaganim yo‘q. Mening bu ishlarga hushim yo‘qligini aytib, bir rus yigitga topshirganman profkomlikni. Aytmoqchimanki, bizdagi hamma narsa Alloh Taologa tegishli. Bizning hech narsamiz yo‘q.Hatto,gapirib turgan so‘zimiz ham. Men barchasini ana shu nuqtadan kelib chiqib mushohada qilaman: o‘zligimni ham,o‘zbekligimni ham,milliy masalalarni ham. Ba'zi insonlarga radikal tuyulishi mumkin bu gaplar yoki bir she'rdek qabul qilinishi mumkin. Aslida ,bu she'r emas, balandparvoz gaplar ham emas. Bu – mening yashash tarzim.Mening hayotim bu. Do‘stlarim ko‘p ta'na qilishadi, siz siyosatni bilmadingiz deb. Ular haq: men siyosatni hech bilmadim! Hozir ham bilmayman. Shuning uchun aytyapmanki,men antisiyosatchiman.Mening siyosatim siyosatchilarga qarshi siyosat edi. Bugun ham shunday. Bugun agar siz saylovda yutdingiz,Prezident bo‘lsangiz nima kilardingiz deb so‘rasangiz, 30 yil davomida kommunistlar nima qilgan bo‘lsa, men ular qilgan ishning aksini qilgan bo‘lardim. Aksi derkan, kommunistlarning umr bo‘yi xalqqa qilgan yomonligining aksini nazarda tutyapman.Bular o‘g‘irladi,men o‘g‘rilarning hammasini yo‘q qilaman. 8 oyda O‘zbekistonni to‘g‘ri yo‘lga solaman, derdim dasturimda. Quvvatim yetardi bunga.Bu bir qahramonlik bo‘lmasdi. Bu bir to‘g‘ri ish bo‘lardi xolos. Alloh, xalq sizdan, mendan to‘g‘ri ishlashimizni talab qiladi . Sizdan, mendan bir mo‘jiza kutmaydi. Zotan menda mo‘jiza yo‘q! Menda qanday mo‘jiza bo‘lsin: oddiy qulman xolos. Faqat so‘z beraman sizga: men halol yashay olaman. Alloh menga shunday jur'at berdi. To‘g‘ri yashashga intilganman. Balki hamisha buning uddasidan chiqmagandirman, ammo to‘g‘rilik va adolat uchun jonimni berishga ham tayyor bo‘lganman. Menda Alloh bergan shu jur'atdan boshqa qobiliyat yo‘q. Men iqtisodni bilmayman. Amaldorlikning xos xatti-harakatlarini( g‘o‘ddayib yurish,galstuk taqish, qoshlarni chimirib,yasama jiddiy turish) ham bilmayman. Bu elementlar davlat odami bo‘lishning, kommunistlarning tashqi atributi. Menda bu atribut ham yo‘q. Hech qachon bo‘lmagan ham. Biroq bilamanki, iqtidorda bir toza, to‘g‘ri, moddiy boylikdan nafrat qiladigan, haromdan, yetim haqidan qo‘rqadigan odam o‘tirsa, Alloh mutlaqo u yerga baraka indiradi. Bu millatni yorug‘likka chiqaradi.Shularni bilganim uchun ham ular(kommunistlar)dan ustunman. Mening kibrim shu!
MUXBIR: Xalqimiz bunga munosib! Mamlakatimiz boy bo‘lishga,chiroyli yashashga loyiq. Shunga loyiq xalqimiz bor..
M. S. Men ham shunga achinaman. Shuning uchun tanqid qilaman. Nega yillardirki zolimlarga sabr qilyalti bu xalq? Nega ularga qarata:” Bo‘ldi,tush yelkamdan,bas endi!”, demaydi deb ichimda isyon qilaman ba'zan. Demak, hozircha xalqimizga ular kerak. ”Qur'on” da Alloh Taolo :»Sizlar o‘zingiz loyiq bo‘lgan hukumat tomonidan boshqarilajaksiz”, deya lutf qiladi…
MUXBIR: Ha,ayni oyat bor:»Sizlarga o‘zingiz loyiq bo‘lgan rahbarni bosh qilib qo‘yaman».
MUXMMAD SOLIX: Agar to‘g‘ri odam (iqtidorga)kelsa, o‘sha kuni bu xalq bu(to‘g‘ri odam)ni haq qilgan bo‘ladi. Shuning uchun men bunga falsafiy qarayman. Diniy jihatdan qaraganda ham bu shunday.
1991-yildagi saylovda xalq menga ovoz bergan,men o‘shanda yutgan ekanman. Biz buni taxminan bilardik. Mana 30 yil o‘tib, odamlar ayta boshladi buni. Hali bu haqiqat yana ham o‘rtaga chiqadi. Lekin o‘sha paytlarda bu aytilmadi. Demak,xalq tayyor emasdi buni aytishga. Holbuki, shu xalq ovoz bergan menga. Xalq axmoq emas. Mening ortiqcha pulim bo‘lgan emas. Yoki o‘sha payt xalqqa beradigan narsam yo‘q edi. Ularda , kommunistlarda bor edi. Ammo bu xalq o‘sha payt o‘z ichidan chiqqan bir kishiga, Muhammad Solihga ovoz bergan edi. O‘ziga o‘xshagan,to‘g‘ri yashashga intilgan oddiy bir odamga ovoz bergan edi. Xalqimiz haq qilgan o‘sha yaxshi hokimiyatni,yaxshi iqtidorni va unga xizmat qiladigan yaxshi hukumatni haq qilgan xalq bor bizda. Inshaalloh shunday iqtidor keladi.
MUXBIR: Solih aka, siz bilan kelishgandik siyosat haqida,arboblar haqida gaplashmaymiz deb. Lekin xohlaymizmi yo‘qmi,suhbatimiz baribir siyosatga tegib ketayapti.
M. S. Rost, tegib ketyapti. Teginilmaydigan narsaga tegib ketyapti.
K. T.Yuqorida xalq nega zolimga,zulmga chidab,toqat qilib yashaydi dedingiz. Ba'zi illat axtarmoqchi bo‘lgan kishilar bu suhbatdan bir qism fikrni yulib olib, «Muhammad Solih xalqni isyonga da'vat qilyapti» deydi.
M. S. Bu isyonga da'vat emas. O‘z haqqini talab qilsin.
K. T.Shu o‘rinda men o‘zingizni ham tanqid qilmoqchiman. Siz 1991- yilgi saylovda yutdingiz. Feysbukda men buni shunday atadim:saylovda g‘olib bo‘lib yutqizgan Muhammad Solih deb. O‘shanda sizda imkon bor edi-ku. Tarafdorlar bor sizga.Ular ichida qo‘lida hokimiyat,qo‘lida qurolli kuchlar bo‘lgan odamlar bor edi.Nega o‘shanda siz qurolli isyon qilmadingiz?! Hozirgi kun tili bilan aytganda,terror qilmadingiz?
M. S.Shunday takliflar bo‘lgan. Men buni hatto bir matbuotda uchini chiqarganman tafsilotini to‘la aytmagan bo‘lsam-da. Menga bu taklifni bergan kishining hukumatda ko‘p odami bor edi. Men endi kommunist bo‘lmagan,hukumat idoralarida ko‘p ishlamaganim uchun nomenklaturada unaqa tanishlarim oz edi.Ammo ularning bu taklifni berganlarning hatto,KGB da ham tanishlari bor edi. Va Karimovni o‘rtadan yo‘qotish mumkin edi.
MUXBIR: Jismonan?
M. S. Jismonan.Men undan bu ishda Karimov bilan qancha odam qurbon bo‘lishi mumkinligini so‘raganimda 60 ga yaqin javobini olgach, men buncha odamning uvolini bo‘ynimga ololmasligimni aytib, rad qildim taklifni.
MUXBIR: Ya'ni bu ish uchun 60 odamning qurbon bo‘lishini istamadingiz?
M. S. Istamadim.
MUXBIR: Siz 60 odamni ayadingiz?!
M. S. 60 insonnig hayotini.
MUXBIR: Lekin siz aytayotgan odam,biz bilamizki,minglarcha odamni ottirdi. Andijon voqealari bunga misol.
M. S. Afsuski,shunday.
MUXBIR: O‘shanda sizga aniq taklif bo‘lganmidi?
M. S. Ha . Aniq taklif bo‘lgan edi. Men o‘sha yerdagi gunohsiz 60 odamning hayotini ko‘z oldimga keltirib,voz kechganman bundan.
MUXBIR: Vaholanki,o‘sha odamlar oddiy xalq vakili emas,uning to‘pidagi odamlar edi.
M. S. To‘g‘ri. Shunday edi. Lekin men nafaqat ularning, Karimovning o‘zini ham yo‘qotish tarafdori emasdim. Bu qo‘rqoqlik yoki rahmdillik emasdi. Bir musulmon o‘laroq men har bir ishning javobi bo‘lishini bilardim va shundangina qo‘rqardim! Hozir eslasam, yaxshiyam buni qilmagan ekanman deb o‘ylayman. Chunki buni qilsam, bu dunyodagidan ham ko‘ra,u dunyoda jazo qattiq bo‘lishini o‘ylab, butun umrim zahar bo‘lishini bilardim. Men bunday ishni qilolmasdim! Lekin progmatik insonlarning gapi to‘g‘ri. Ular:» O‘shanda siz shu ishni qilganingizda edi,xalq ozodlikka chiqardi. Karimov ming odamni o‘ldirdi. Balki ular o‘lmasdi. O‘shandagi yo‘qotishni va foydani keyingisi bilan taqqoslab ko‘rmadingizmi”?-degan mantiqli gap qilishadi.
Biroq men o‘shanda 60 kishining yo‘q bo‘lib ketishi haqidagi keskin taklifni hazm qilolmadim! Bugun ham buni hazm qilolmayman.
MUXBIR: Demak,bugungi aqlingiz bilan ham shu fikrdasiz?
M. S. Shunday fikrdaman. Bu ishni podsholar qiloladi. Men podsho emasman. Men oxiratini o‘ylaydigan,bugunidan ham ko‘ra oxiratini muhim ko‘radigan bir insonman. Shuning uchun men siyosatchimasman.Siyosatchilar buni qilardi. O‘zicha to‘g‘ri deb ham bilardi bu ishini. Xalq ham ularni qahramon qilardi. Savob ham olardi balki. Ammo men bularni qilolmasdim. Yoshlik chog‘imda qushlarni otardim, baliq ovlardim. Hozir shu narsani ham bir fojea sifatida ko‘raman. 2014-yil edimi…Oydin xonim bor edi unda: bir hakkani otib qo‘ydim. Bog‘dagi anjirlarni tinmay yeb ketardi. Shunda xonim qushni o‘ldirganimni malomat qilgandi. Shu narsani hozirgacha eslaymam. Gunoh tuyg‘usi ko‘nglimni buzadi. Endi u mahal(90-yillarda)daku gap odamning o‘limi haqida borardi.
MUXBIR: Yana 60 kishining hayoti.
M. S. Endi qarang: avval odam edi, endi hakka. Hozir bu gunoh degan tuyg‘uning mezoni chumchuqqa tushdi. Xonamga kirganda trubaga ko‘zingiz tushgandir. Qattiq karton truba. Uning ichiga in quribdi chumchuq. Tinimsiz chirqillab-chug‘urlaydi. Men kompyuterda ishlab o‘tiribman. Tinmaydi birpas. O‘rnimdan turib trubaga bir urdim, chumchuqlar chiqib ketdi. Quvdim barisini.Ikki soatdan so‘ng chumchuqlardan biri balkondan inib,xonamning ochiq eshigi oldida turib, shunaqa chirqillab-qarg‘ayapti meni!… Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Xonimga aytdim buni. Qushning isyon qilganini. ”Qarg‘aganini”. Bu aniq edi. Chunki odatda,chumchuqlar tevaragingizga kelolmaydi. Qo‘rqadi. Endi men ularga o‘sha trubani ochib qo‘ydim. Kelib yashashyapti.Shovqin qilishadi chirqillab. Ammo ularga tegmayman.
MUXBIR: Chunki qo‘rqasiz ularning gunohidan.
M. S. Qo‘rqaman. Men o‘ylaymanki,ular meni avf etdi. Yo‘qsa,kelmasdi qaytib.
MUXBIR: Va bu siz bilan bir hodisa bo‘lardi, agar avf etmasa…
M. S. Mutlaqo shunday bo‘lardi. Buni bir qiziqarli hodisa o‘laroq aytmadim. Bu bir insonning, mening hayot tarzim! Agar siyosat shu bo‘lsa, ya'ni kim bilandir kelishib yashash siyosat bo‘lsa, bu siyosatni men shunday tushunaman.
MUXBIR: Qiziq mezon. Odam va qush…

(Tasvirga olingan bu suhbatni Xurshida Ataoulloh matnga aylantirgan. davomi bor)

Tag‘in o‘qing
9 may 2016
Eltuz.com manbasining aytishicha, bosh vazir o‘rinbosari, ayni paytda «O‘zavtosanoat» AK boshqaruv raisi, Mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni ...
10 oktyabr 2022
Samarqand shahrida yashovchi Safarov Aminjonni bolg‘a va tesha bilan urib o‘ldirib murdasini uning Spark avtomobiliga qo‘shib yoqib yuborgan jomboylik ...
25 dekabr 2023
Toshkent shahar IIBB tarqatan rasmiy xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda yagona “vor v zakone” Baxti Tashkentskiy nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullaevning ...
24 may 2016
«Milliy tiklanish» partiyasi «yoshlarning Vatanga muhabbatini oshirish», «ularni milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalash»ga qaratilgan ko‘pdan-ko‘p tadbirlari qatorida «Prezident ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...