Intervyu
1 noyabr 2022

Muhammad Solih turk birligi imkoniyatlari haqida – 11 qism

Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va turk dunyosi imkoniyatlari haqida.

Muxbir: – Solih aka. Mana hozir Turk davlatlari birligi harakatlari kechyapti.Xususan,Turkiya davlati rahbari Erdo‘g‘on janoblari qattiq harakat qilyapti.Shu haqda suhbatlashsak. Siz buning natijalarini,oqibatlarini qanday ko‘ryapsiz?Taxminlaringiz,fikrlaringizni bo‘lishsangiz
Muhammad Solih: Albatta,bu g‘oyaning motori, dinamosi,harakatga keltiruvchi va yetaklovchi bir davlat bo‘lsa,bu Turkiya davlatidir. Ham iqtidodiy,ham siyosiy,ham dunyo oldidagi mavqei,potentsiali jihati bilan shakllangan qiymatli bir o‘lka bu- shubhasiz,Turkiya.
Bu bir haqiqat.Va asrlar davomida tevaragi dushmanlar bilan o‘ralgan jo‘g‘rofiyada yashab ham o‘z mustaqilligini saqlab qololgan va hech qachon qul bo‘lmagan turk qavmi – bu Turkiya. Biz ham turklarmiz garchand. Biroq bizda sharoitlar boshqa bo‘ldi. O‘zlariga sharoit tayyorlashga qodir davlat bu Turkiya turklari edi. Ya'ni bu katta missiyani faqat shunday imkoniyati bo‘lgan davlatgina yelkalashga qodir. O‘rta Osiyoda bu g‘oyani harakatga keltiruvchi potentsialga ega bo‘lgan davlat O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlaridir. Garchi zamonaviy O‘zbekiston hali davlat sifatida to‘la shakllangan bo‘lmasa-da. To‘g‘ri,uning davlat deyilishga asos bo‘luvchi tashqi atributlari bor. Masalan,gerb,bayroq kabi. Biroq kommunistik zehniyat davlatchiligimizni tom o‘laroq voyaga yetishuviga to‘sqinlik qilayotgan asosiy g‘ayrimafkuradir. O‘zimizning mustaqilligimizni,deylik, jismonan va moddiy himoya qilishga qurbimiz kelar, ammo bunga ma'nan va zehnan – siyosiy iroda jihatdan – himoya qilishga qodir emasmiz. Mana,ko‘rib turibsiz,mustaqil atalganimizga ham 30 yil bo‘ldi. Bugun Rossiya Ukrainaga hujum qilyapti.Bir o‘lkaning hurriyatiga,erkiga tajovuz qilyapti. Biz bu voqealarga davlat o‘laroq rasman ochiq fikrimizni aytar darajada emasmiz. Bu ,albatta,achinarli hol! O‘shaning uchun ham Turk birligi g‘oyasini bayroq qilib ko‘tarib chiqishi mumkin bo‘lgan davlat bu -Turkiya deb bilaman. Lekin Turkiya turklarida ,masalan,men o‘z vaqtida Turgut O‘zal bilan gaplashganda ham,Sulaymon Demirel bilan gaplashganda ham,yoki Buland Ejevit bilan gaplashganda ham,bir jihatga e'tibor berganman: ular ”so‘lji» bo‘lsalar ham,Turk Birligi g‘oyasiga xammasi tarafdor edilar. Najmiddin Erboqan, yoki Alp Arslan Turkash kabi siyosatchilar bilan bu mavzuda gaplashganimizda ham,(Alp Arslan zotan o‘zi turkchi, MXP(Milliyatchi Xarakat Partiyasi)ning lideri. Hozir bu partiyaning boshida (bo‘z kurtlar, ya'ni bo‘z bo‘rilar)gilar ham bu g‘oya tarafdorlari,o‘z millatini sevgan turkchilardir. Ularda bir siyosiy kompleks bor, buni izohlab beray: Masalan, Turkiya turklari ”Turk birligi” g‘oyasini maydonga o‘rtaga qo‘yib,”turk davlatlari, keling birlashaylik” desak,o‘zbeklar,qirg‘izlar,qozoqlar «bizga Ruslar 135 yil ”starshiy bratlik” qildi, endi Turkiya qilmokchimi bu akalikni?” deya bizni malomat qilmasin deb kurkadilar. Bu uchun bu g‘oyani sizlar,O‘rta Osiyo turklari maydonga suring» deyishadi. Zotan biz qardoshmiz, bir-birimizga “starshiy brat»miz deyishadi ular.
Muxbir: – Katta og‘a,ya'ni.
Muhammad Solih: Shunday.Katta og‘a bo‘lish maqsadi yo‘q ularning. O‘zlaringiz olib chiqing,ko‘taring bu g‘oyani deyishadi. Zotan,bu g‘oyani jadidlarimiz boshlab bergan. ”Yosh turklar» ni eslaylik. ”Jon turklar” deyishadi u yerda. Anvar Posho turkchi edi,masalan. Xullas, bugungi siyosiy konyunkturada ”Turk birligi” g‘oyasini bemalol ko‘tarib chiqish mumkin.Chunki avvalgi bizning birligimizga to‘siq bo‘lgan ”superkuchlar” bugun o‘zlari bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib turibdi. Ya'ni ulardan xar biri ”Turk birligi” g‘oyasini o‘z manfaatlariga burishni istaydi. Amerika ham,Chin ham Rus ham.Oralaridagi raqobatda bizni o‘z tarafiga tortishga urinadi. Shu ma'noda ”Turk birligi” Turk Siyosiy Blogi , Adriatikdan Chin devoriga qadar yoyilgan mahobatli hudud, 250 minglik nufuzga ega bo‘lgan yangi bir blok bo‘ladi.
Bu integrasiya bugun boshlansa va bir siyosiy formatga erishilsa, bu nima buladi: Konfederasiyami, Federasiyami yo unitarmi? Albatta, bu darajaga ko‘tarilishiga u qadar ishonmayman,chunki tashqi kuchlar, dushmanlar hali ham bor.Ular bunga qarshi turishi turgan gap. Lekin bugun real amalga oshirish mumkin bo‘lgan faoliyat – Turk integrasiyasining boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Bunga endi na Amerika,na Xitoy,na Rusiya ochiq qarshi turoladi. Chunki dunyoda bir o‘rnak bor. Masalan,siyosiy birlik,iqtisodiy birlikni gapiradigan bo‘lsak, Ovro‘po birligini olib ko‘ring. Shu formatda turk davlatlari ham birlashishi mumkin. Nega bir biriga tili,dini,irqi jixatdan begona bo‘lgan xalqar birlashadi-yu,biz, tili, qoni ,dini bitta bo‘lgan davlatlar birlasholmaymiz?
Muxbir: – Xuddi “Yevrosoyuz ”kabi ”Turksoyuz «qilish mumkin
Muhammad Solih: Ha,shunday qilish mumkin! Bitta pul birligi,hatto armiya birligi,strategik masalalar birligi bo‘lishi mumkin. Tashqi siyosat koordinasiya qilinishi mumkin.Bu platformada qilinadigan ish juda ko‘p. Va bu birlik dunyoga faqat foyda keltiradi,zarar emas. Chunki Adriatikadan Chin saddiga qadar hududda bir tinchlik,farovonlik yuzaga keladi. Urush bo‘lmaydi. Amir Temur g‘urur bilan aytaganku:” Saltanatimning bir uchidan oxirgi uchigacha bir bola oltin to‘la tovoqni boshiga qo‘yib piyoda yursa, bu oltindan bir dona ham kamaymaydi”,deb. Agar bizda ham bu g‘oya amalga oshsa, yer yuzida bosh ustidagi oltin tovoqqa hech kim tajovuz qilmaydigan xavfsiz, amniyatli bir bo‘lga paydo bo‘ladi.
Muxbir: – Solih aka. Hozir siz bu masalaga hududiy jihatdan baho berdingiz-da. Endi strategik jihatdan baho bersangiz ham,Xudo xohlasa,Turk davlatlari birlashsa,xuddi ”Yevrosoyuz” kabi ”Turksoyuz” yuzaga kelsa..
Muhammad Solih: ”Turk ittifoqi deylik” ”Turon» deyilsa ham to‘g‘ri.
Bunda turk davlatlari bilan bir qatorda,etnik jihatdan turk bo‘lmagan davlatlar kirishi mumkin. Ovro‘poda ham shunday.Masalan,Tojikiston yoki Qoraqalpog‘iston. Irq,etnik tafovut ajratilmaydi bunda.Ming yillarcha birga yashab kelayotgan qardosh xalqlar bular!
Muxbir: – To‘g‘ri. “Turk ittifoqi”! Agar shu ittifoq tuzilsa, salgina haddidan oshib,istagan davlati hududiga kiradigan Rossiya sal o‘zini bosib,o‘ylabroq ish tutardi. Xitoy ham yoki. Amerika ham. Bu katta hududiy ittifoq bilan o‘ylabroq munosabat qilardi deb o‘ylayman.
Siz qanday o‘ylaysiz?
Muhammad Solih: Mutlaqo shunday.Masalan,200-300 millionli nufus,juda katta jo‘g‘rofiy hudud, demografik,iqtisodiy potentsial, mintaqadagi qo‘nim, strategik qo‘nim sobitlashsa, bu dunyoning siyosiy muvozanatini o‘zgartirib yuboradi. Qarang,Turkiya Ovrupo davlatlari ichida e'tirof etiladigan bir davlat. O‘rta Osiyo davlatlari, O‘zbekiston ham shunday axamiyatga ega bulaoladi. Shunday bir gap bor: Kim Markaziy O‘rta Osiyoni qo‘lga kiritsa,Ovrosiyoga ega bo‘ladi degan. Ya'ni Turkiston bo‘lgasi muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud. Agar bu bulgada Federativ yoki Konfederativ bir davlat yuzaga kelsa, buning ta'siri dunyoning siyosiy muvozanatini o‘zgartirib yuboradi. Bizga har tarafdan eshitilayotgan tahdidlar kesiladi. Nafaqat Rusiya,xatto Xitoy ham ehtiyot bo‘lib gaplashishga majbur bo‘ladi. Chunki, 3 milyon kvadrat kilometrlik xududda 300 milyon aholiga ega markazlashgan bir davlat bo‘ladi! Butun iqtisodiy potentsiali,erosti, yerusti va suv boyliklari bialn dunyoning eng boy davlatlaridan biri bo‘ladi bu davlat agar ”Turk Birligi” qurilsa.
Muxbir: – Imkoniyatlari keng davlat bo‘ladi! Dengizi bo‘ladi. G‘allasi bo‘ladi.
Muhammad Solih: To‘rtta dengizi bo‘ladi. Shuning uchun bu g‘oya bizning yoshlikdan beri tushlarimizga kirib,ta'qib qilayotgan g‘oya.Bizning intilib kelayotgan g‘oyamiz. Yoshimiz bir joyga borib qoldi, ko‘ra olamizmi bu kunlarni. Ammo men hali ham umid qilaman,hayot ekan,hech bo‘lmaganda boshlang‘ich shaklini ko‘rarmiz deya.
Muxbir: – Inshaalloh!
Solih aka bunga kimlar qarshi bo‘la oladi va ularning qarshiligiga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?
Muhammad Solih: Bunga qarshi bo‘ladigan davlat, birinchi navbatda ,albatta Xitoy. Chunki bu davlatning ichidagi turk qismi,yangi qurilgan birlikka a'zo bo‘lishga ,qo‘shilishga harakat qilajakdir.
Muxbir: – Uyg‘urlar ,ya'ni
Muhammad Solih:Albatta.Separatistik harakat kuchayadi. Chunki bugungi Uyg‘uriston ,Sharqiy Turkiston Turk dunyosining ajralmas bo‘lagi,aslida.U yerlar Xitoyniki emas. Uni Stalin sovg‘a qilib yuborgan Xitoyga 1949-yilda. Mao-Tszedunga. Undan oldin, butun asrlar davomida Shinjon degan joy Sharqiy Turkistonniki,bizniki bo‘lgan ya'ni.
Muxbir: – So‘nggi yuzlikkagacha, ya'ni Qo‘qon xonligi davrigacha
Muhammad Solih: Yoki G‘arbiy Turkistonni oling ,Afg‘oniston hududida yashayotgan turkiy qavmlarni. Ular ham 8-9 millionli xalq. Ularning ham haqqi bor bu Birlikka qo‘shilishga!
Muxbir: – Erdo‘g‘on janoblari bu taklifni aytganda birinchi bo‘lib Rossiya reaktsiya bildirdi. Ya'ni Jirinovskiy chiqib, Erdo‘g‘onning ustidan kulganday gapirdi. Ya'ni bu hech amalga oshmaydigan masala degan kabi. Tabiiyki ular ham katta bir xalqdan,hududdan ayrilib qolishdan qo‘rqdi. Chunki Tatariston,Boshqirdiston,Yoqutiston ham turkiy qavm. Oxirigacha ham qarshi tursa kerak bular.
Muhammad Solih:Albatta! Mutlaqo shunday. Rossiyada yashaydigan turk qavmlari ham katta kuch. Rusiyadagi keyingi siyosatdan ularning ovozi chiqmay qoldi keyingi paytlarda.
Kayta qurish davrida Totoriston har taraflama yuksaldi. Ham siyosiy,ham iqtisodiy,ham madaniy ,ijtimoiy jihatdan kuchli bir davlat bo‘ldi. Iqtidorga Putin kelib,u yerlarni qayta bosib oldi. Hatto tatar maktablarini ta'qiqlash darajasiga bordi. Bu juda dahshatli narsa. Agar ular ham ”Turk birligi” ga qo‘shilsa, Rusiya parchalanish tahlikasida qoladi. Bu tabiiy jarayon bo‘ladi. Jirinovsiy Putinning tili edi. Putin o‘zi aytolmagan masalalarni unga ayttirardi. Putinning siyosati shu. Jirinovskiyning gapirayotgan gaplari Putinning amaldagi siyosati,aslida. Putin gapirmay siyosat qiladi,Jirinovskiy uni so‘z shaklida aytadi. Putin bugun ulka ichkarisidagi turklarga siyosiy,madaniy,ijtimoiy tomonidan bosim qilayotgan bir lider. Bunaqa bosim hatto Sovet paytida xam bo‘lmagan u yerdagi turklarga. Bugun antiturk siyosatini cho‘qqiga chiqargan odam Putindir. Bu mavzuda gaplashayotib,men bir voqeani esladim.1977-yilda Oliy adabiyot kursida o‘qiganman. O‘shanda bizning panturkist do‘stlarimizdan tatar yozuvchisi Robert Batulin bor edi. Biz uni Batulla der edik. Qozog‘istondan Sotimjon Isanboev bor edi. U rus tilida yozardi. Biz uchalamiz Turon birligi,Turkiston birligi haqida juda ko‘p gaplashardik. Bir kuni Botulla katta bir xarita olib keldi. Xarita tepasida ”Sovet davlatining siyosiy xaritasi” degan yozuv bor edi. Biz bu yozuvni kesib oldik. O‘rniga qop- qora harflar bilan Turk xalqining yerlari” deb yozdik. Bu tashabbus Botullindan chiqdi. Bu yerlar hammasi bizniki degan ma'noda. Agar bugun Putin yoki unga o‘xshagan bir irqchi chiqib yerini talab qilsa,uning yeri Tver va Moskoviya.Aslida Moskoviya ham Oltin O‘rdaning yeri bo‘lgan.Kremlni ham keyinchalik qurdi ular. Agar qoladigan bo‘lsa, Tver qoladi ularga.
Muxbir: – Juda bo‘lmasa,ko‘p yillar uning poytaxti bo‘lgan Piter.
Muhammad Solih: Piter bo‘lishi mumkin. Qolgan bo‘lgalar,masalan Sibir,Boyko‘l,O‘rol,Yoyiq, Tuva,Yoqutiston hammasi bizning yerlar. Mana shu potentsialni agar turk xalqlari o‘zining tarixini o‘rganib,o‘zining haq-huquqini talab qiladigan bo‘lsa, bugun Rusiyadagi rus shovinistlarining barchasi Tverda o‘tirishi kerak.
Muxbir: – Knyazlik bo‘lib o‘tirishi kerak
Muhammad Solih: Mutlaqo shunday! Bular endi Qrim bizniki edi deb,Ukrainani bosib oldi-ku, agar biz ham shu printsipda yerimizni talab qiladigan bo‘lsak, bugun Putinning o‘tiradigan yeri Tver. Shuning uchun ”Turk birligi” g‘oyasi Rusiya uchun siyosiy o‘lim darajasida qo‘rqinchli narsa.
Muxbir: – Shuning uchun ham Putin ”Turk birligi”ga qarshi bo‘ladi-da?!
Muhammad Solih: Albatta qarshi bo‘ladi. Hozir ham qarshi. Bu birlikka intilib kelayotgan totor liderlarini hozir ham yo‘q qilib kelyapti u.

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
25 avgust 2022
Eltuz portalining bugungi sonidan 5 ta shikoyat va bitta rasmiy munosabat o‘rin olgan. Dastlabki shikoyat telegram messenjeridagi firibgarlik haqida. ...
9 may 2016
Eltuz.com manbasining aytishicha, bosh vazir o‘rinbosari, ayni paytda «O‘zavtosanoat» AK boshqaruv raisi, Mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni ...
13 dekabr 2017
O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilariga darsxonalarni isitish uchun o‘tin solig‘i solinmoqda. Jumladan, «Eltuz»ning Andijondan olgan xabariga ko‘ra, shahardagi 29-maktab o‘quvchilariga ko‘mir ...
15 dekabr 2017
13 dekabr kuni Toshkent islom universiteti 4-kurs talabasi Asqar Nodirov o‘zbek-qozoq chegarasida o‘tayotib posbon Tolib Fayzievni pichoqlab tan jarohati ...
Bloglar
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...
20 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 17-qismi muxolifat va hokimiyatning kelajagi haqida ...