Ko‘zqarash
7 oktyabr 2015

Begona qo‘llarga o‘tgan shahar

Qudrat Bobojon
www.eltuz.com

Kecha tushimga Shukrullo domla kiribdi. U kishi bilan hayotda faqat bir marta muloqot qilganman. U ham bo‘lsa 1988 yilgi saylovlar payti. U paytlar hali yosh, Toshkentdagi bir guruh talabalar bilan shaharda Muhammad Solihning saylovoldi targ‘ibotini olib borardik.

Talabalar bilan shaharni bo‘lib olgandik. Qiladigan ishimiz ertalab sahar bir paqir yelim olib, simyog‘ochlarga varaqa yopishtirish, keyin paqirni kafedrada qoldirib, lektsiya va mashg‘ulotlarga kirish edi.

Darsdan keyin tag‘in “Muhammad Solihga ovoz bering!” degan yozuvli maykalarni kiyib, varaqa va megafonlar bilan shaharning gavjum joylari, bozorlari, stadionlariga yo‘l olardik.

Bu chollar yomon chollar…

Guruhimiz to‘rtga bo‘lingan, bizga xatlangan hudud Toshkentning Olmazor mahallasidan o‘tar, navbatdagi kichik miting, o‘sha yerdagi choyxonaga belgilangandi.

Choyxonada qari qartang, xotin xalajdan iborat ancha odam yig‘ilgan, ular avval mening nutqimni, keyin Asqar ismli toshkentlik yigitimizning “…i s etim budet yeщe odin udar po bastionam byurokratii!” degan otashin jumlalar bilan yakunlanadigan ruscha proklamatsiyasini, shundan so‘ng milliy ozodlik ruhidagi Yorqinoyning she'rlarini tinglashlari kerak, keyin navbat savol javoblarga qolardi.

O‘shanda meni qattiq savollarga tutgan ham adib Shukrullo domla va uning atrofidagi qitmir chollar bo‘ldi. U kishini tanimasdim. Savollari bilan bir necha bor meni boshi berk ko‘chaga olib kirib tiqqanidan keyin, asabiylasha boshladim.

“Kozyollar”ning mahallasi…

So‘ng Shukrullo aka meni sekin chetga tortdi. “Seni sinab ko‘rdik, otangga rahmat. Ko‘rib ol, mana shu mahalla, anavu hudud, u yog‘i eski shahar, chorsu, ko‘kcha… sira tashviqotga muhtojmas, bu yerda shusiz ham Solihga ovoz berishadi. Sizlar bir ko‘cha nariga o‘tinglar, o‘sha yerda haqiqiy raqiblaringni topasizlar. Agar ularni yengsangizlar shaharda sizlarning tengingiz bo‘lmaydi”.

U ko‘rsatgan ko‘chalar haqiqatan ovloq, yoqimsiz, milliy shuuri yo‘q odamlar yashaydigan mahallalar edi. Birinchi simyog‘ochga varaqa yopishtirishimiz bilan izimizga odam tushdi. O‘sha joydagi bozorcha oldida miting boshlashimiz bilanoq, sariq Niva mashinada militsiya uchib keldi.

Odatda bunday paytda, varaqalar va megafonlarimizni mitingdagi oddiy xalqqa ishonib topshirar, ularni so‘zsiz shtabimizga eltib topshirishlariga ishonardik. Ammo bu yerlik odamlar bizdan o‘zlarini olib qochishar, qandaydir bizga begona odamlar edi.

Yuztadan ortiq varaqa qo‘limda qoldi. Hayriyat megafon qochishga ulgurgan Asqarda ketdi. Bir sumka varaqa bilan Yorqinoy ham g‘oyib bo‘ldi. Qo‘lga tushgan men bo‘ldim…

Militsiyadagilar ham odam

Balki bu gaplar bugunga to‘g‘ri kelmas, biroq, “Niva”dagi to‘rt nafar militsioner yigitlar ko‘zimga ancha odamshavanda ko‘rinishdi. Ratsiya orqali meni ushlashgani haqida xabar bergach, kattarog‘i, bu mahallaga nimaga “adashib kirib” qolganimni surishtirdi.

Keyin mashinani chetroqda to‘xtatib, “Gap bunday, qo‘lingdagi varaqalarning keragidan ortig‘ini yashirishimiz kerak. Shunda sening shaxsingni aniqlash uchun faqat ikki soatgacha bo‘linmada ushlashga haqqimiz bo‘ladi”.

Bo‘linmada millati o‘ris militsiya mayori meni tergov qilgan bo‘ldi. Yonimdan 15 tacha varaqa chiqqanini protokolga tirkab soatiga qaradi va mening ketishim mumkinligini aytdi.

Navbatchilikda o‘tirgan, meni olib kelgan militsioner esa chiqaverishda saqlab bergan qo‘ynidagi bir dasta varaqani qo‘limga tutqazarkan, varaqalarning bir qismi shaxsiy tarkib orasida qo‘lma qo‘l bo‘lib ketganini aytdi. “Boyagi kozyollarning mahallasiga boshqa kirmanglar” deya shipshidi.

Shundan buyon domla aytgan mahallalarda biz ortiq tashviqot olib bormadik. O‘zbekistondagi muxolifat harakati ham, ko‘zga ko‘ringan besh olti siyosatchining tortishuvi bilan davom etdi. Muxolifatga yov ovloq mahallalar esa ko‘paygandan ko‘paydi…

Kuni bilan o‘ylanib yurdim. Balki ustoz Shukrullo tushimga bejiz kirmagandir. U kishi ham balki Toshkentning biz ketganimizdan keyin yanada kengaygan ovloq mahallalaridan birida endi yolg‘iz qolgandir…

 

Tag‘in o‘qing
1 fevral 2022
Toshkent shahrining turli hududlarida aka-uka Zokirovlarga qarashli “Quyun” MChJ tomonidan barpo etilgan uylarda qurilish va xavfsizlik talablari qo‘pol ravishda ...
5 fevral 2020
«– Begjonov, men sizga aytdim, u qizingiz ekstremist! U Amerikani maqtab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt ustidan kulgan! O‘rtancha va ...
23 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta navbatdagi shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Buxoroning Shofirkon tumanidan. Shofirkonda tok yo‘q «Assalomu ...
9 sentyabr 2016
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda chop etilgan deyarli barcha nashrlar bir xil qiyofaga ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...