Ko‘zqarash
9 oktyabr 2015

«Toshingni ter Shaymardonov!»

Jurnalistlarning O‘zbekistondagi ko‘p jiddiy o‘zgarishlarni tushunishlari qiyin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, “biror fikringni bildirishdan oldin rahbariyat oldiga chiqib ruhsat” olish kerakligi haqidagisini.

Bu gapni Ozodlikka raddiya bergan Xalq ta'limi mudiri To‘ra Shaymardonov aytdi. U xalqqa shunday ta'lim beradi.

“Kindik qonimiz O‘zbekistonga to‘kilgan, shundaymi” derkan, jurnalist opamiz “Hammamizniki…” deya bosh irg‘aydi. Shaymardonovning raddiyasini e'lon qilgan hamkasbim Zamiraxon ham mening aqlim yetmagan bir sinoatlarni biladi.

Mana, dengiz tubidagi mayda toshlarni ham ko‘ra oladigan g‘avvoslar paxtaga chiqdi. Ular ham futbolchi, kinochi, imom va fohishalar ortida qolgan qutgan paxtani terish uchun, bugun qomatlarini nozik pozaga keltirib tizilishlari kerak.

Xo‘jayinning kelishiga qarab chanoqlarga paxta yopishtirilgan bo‘lsa-ku mayli, nimadir terib berishadi, bo‘lmasachi? Bu shavvoz g‘avvoslar ham o‘zlaridan ilgari o‘tganlar udumini tutib “yuqoridagi okalari”ga qurug‘idan qistirishadimi?

Shaymardonov “O‘zbekiston sha'niga tosh otgan”, ya'ni uning tumanida “6-sinf o‘quvchilari paxtaga chiqayotgani” haqidagi gapni radioga uzatganlarni Xalqaro sudga bermoqchi. O‘z nomidan emas albatta… O‘zbekiston xalqi nomidan.

O‘qituvchidan intervyu olgan Eshonqulovaning gaplarini u “tuhmat va uydirma” deya atab, bunday odamlarni “qaerdagi, o‘zining tug‘ilgan joyini, otasi, onasi kimligini bilmagan manqurt, sotqin, xoin, tuhmatchi, ig‘vogar” deb ataydi.

Mana bir vaqtlar qo‘yday beozor terimchi Qo‘chqor aka haqida ajoyib film yaratgan kinorejisser ham qo‘yday bo‘lib indamay paxtasini terayaptiku…

“Bu insonlarning nima haqqi bor O‘zbekistonga tosh otishga”, deydi Shaymardonov.

Shu yerda tag‘in tosh haqida o‘ylab qoldim.

Uchinchi reyx lagerlarida mahkumlarning ruhini sindirish uchun mantiqsiz ishlarga jalb etisharkan.

Masalan, og‘ir toshlarni bir manzildan ikkinchisiga tashib, keyin o‘sha toshlarni qaytarib avvalgi joyiga keltirish. Uzluksiz bu ish qilingach, aqli bor odam toshni chetga irg‘itishi turgan gap… Mana qanday aniqlash mumkin dushmanni!

Jiddiyroq aytadigan bo‘lsak. Chanoqlardan ming azob bilan terib olingan paxtani PVA kley olib tag‘in yopishtirib chiqishda, keyin yana ularni terib olib o‘sha chanoqlarni ko‘rishga keladigan bosh vazirga topshirishda ham ayni mantiq bor.

Shaymardonov faqat bir narsada haq “Bugun O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kelib ko‘radigan kishi, ko‘zini ochib kelib ko‘rishi kerak!”

Gapning po‘stkallasi, xalq o‘zgarishlarni ko‘rganida “Toshingni ter Shaymardonov!” degan bo‘lardi. Buning uchun rahbariyatning ruhsatini ham so‘rab o‘tirishmasdi.

Qudrat Bobojon,
www.eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 oktyabr 2021
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Boytish mahallasida yashovchi Shomirza Rixsiboevning xonadonida 7 oydan buyon gaz yo‘q. – Kunlar sovib ketdi. ...
24 fevral 2021
Bu O‘zbekiston. Mana bu esa uning musaffo osmoni. Bu oldingi o‘zbek ayollari,ular uchtadan tug‘ardi. Hozir bu bolalar Rossiyada. “Mening ...
26 noyabr 2023
kun.uz muxbiri Bobur Akmalov tolibon formatidag propaganda bilan shug‘ullanib xotin qizlarning O‘zbekiston konstitutsiyasi kafolatlagan huquqiga shak keltirmoqda. Menimcha u ...
17 avgust 2016
Rassom: Tuz Eltuz.com
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...