Ko‘zqarash
15 oktyabr 2015

“Paxta qo‘yish” kampaniyasi

Bundan bir qancha muddat avval Farg‘ona viloyatiga bosh vazir kelishi munosabati bilan paxta dalalarida terilgan paxta qayta chanoqlarga yopishtirib chiqilayotgani «Ozodlik»da, bir qancha ruscha sayt va televideniyalarda ovoza bo‘ldi. Xabarga voqea joyidan olingan rasm ham ilova qilindi-ki, ba'zilar aytayotgandek bu uydirma emasligi ayon edi. Ammo shunda ham kimlardir ishongisi kelmay turibdi.

Men sizlarga bundan olti-etti yilcha avval Shahrixon tumanida bo‘lgan shunga o‘xshash voqea manzarasini atroflicha chizib beraman.

O‘shanda ham kuz payti, paxta terimi avjida edi, prezident kelishi munosabati bilan Andijon-Qo‘qon yo‘li bo‘yidagi bir fermer yeridan paxtasini terdirmay ko‘rgazma uchun saqlab turishadi. Prezidentning kelishi ham kechikib ketadi. Paxta yetilib, o‘z vaqtida terilmagani uchun chanoqdan tushib keta boshlaydi (Paxtakorlar biladi, o‘z vaqtida terilmasa paxta chanoqdan tushib ketadi, biz tomonlarda buni «paxta oqib ketdi» deyishadi). Ana shunda terimchi ayollarga «oqib ketgan» paxtani yana qayta chanoqqa joylab chiqish buyuriladi. Bu bo‘lgan voqea.

Fermer bechora ham shoshib qolganidan dala chetiga minbarsifat ayvon yasatish uchun o‘sha paytda yigirma million so‘m sarflaydi. U ayvon hozir ham Andijon-Qo‘qon yo‘lida turibdi adashmasam. To‘rtta temir ustun ustiga o‘rnatilgan tomdan iborat bostirma. Bir tiyinga qimmat, keraksiz joydagi keraksiz inshoot.

O‘shanda prezident kelishi munosabati bilan o‘sha atrofdagi egali-yu, egasiz daydi itlargacha yo‘qotilgan edi (Tovba, itdan ham shunchalik qo‘rqadimi odam degan?). Yaqin atrofdagi qatnov yo‘llari bir necha kun oldindan berkitilib qo‘yilgani sabab Andijon markaziga boruvchi fuqarolar ancha aziyat chekishgan edi. Aytsam ishonmaysiz, mirshablar ko‘chada kira qilib yurgan yuk mashinalarini ham ushlab mashinasini bir necha kunga tortib olib qo‘yishgan edi (Tovba, yuk mashinasidan ham shunchalik qo‘rqadimi odam degan?).

Shuncha qiyinchilik, shuncha dabdaba, shuncha ovvoragarchilikdan keyin, qaysidir kuni prezident kelib o‘sha ayvonchada besh daqiqa turgan yo turmagan, paxta dalasiga qarab ham qo‘ymagan…

Men bilganimni yozdim, xoh ishoning, xoh ishonmang, ixtiyor sizda.

Anvar Nabiev,
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 sentyabr 2017
28 sentyabr kuni o‘tgan brifingda Toshkent shahar IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev, yozuvchi Nurillo Otaxonovga 11 may kuni ...
2 may 2015
AQSh Davlat departamenti matbut vakili Jeff Ratke 1 may kuni Vashingtonda o‘tgan matbuot brifingida O‘zbekiston hukumatini uzoq yildan beri ...
5 fevral 2020
«– Begjonov, men sizga aytdim, u qizingiz ekstremist! U Amerikani maqtab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt ustidan kulgan! O‘rtancha va ...
29 mart 2016
Sputnik internet nashrining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi manbaga asoslanib bildirishicha, O‘zbekistonda 2016 yilning birinchi choragida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...