Ko‘zqarash
15 oktyabr 2015

“Paxta qo‘yish” kampaniyasi

Bundan bir qancha muddat avval Farg‘ona viloyatiga bosh vazir kelishi munosabati bilan paxta dalalarida terilgan paxta qayta chanoqlarga yopishtirib chiqilayotgani «Ozodlik»da, bir qancha ruscha sayt va televideniyalarda ovoza bo‘ldi. Xabarga voqea joyidan olingan rasm ham ilova qilindi-ki, ba'zilar aytayotgandek bu uydirma emasligi ayon edi. Ammo shunda ham kimlardir ishongisi kelmay turibdi.

Men sizlarga bundan olti-etti yilcha avval Shahrixon tumanida bo‘lgan shunga o‘xshash voqea manzarasini atroflicha chizib beraman.

O‘shanda ham kuz payti, paxta terimi avjida edi, prezident kelishi munosabati bilan Andijon-Qo‘qon yo‘li bo‘yidagi bir fermer yeridan paxtasini terdirmay ko‘rgazma uchun saqlab turishadi. Prezidentning kelishi ham kechikib ketadi. Paxta yetilib, o‘z vaqtida terilmagani uchun chanoqdan tushib keta boshlaydi (Paxtakorlar biladi, o‘z vaqtida terilmasa paxta chanoqdan tushib ketadi, biz tomonlarda buni «paxta oqib ketdi» deyishadi). Ana shunda terimchi ayollarga «oqib ketgan» paxtani yana qayta chanoqqa joylab chiqish buyuriladi. Bu bo‘lgan voqea.

Fermer bechora ham shoshib qolganidan dala chetiga minbarsifat ayvon yasatish uchun o‘sha paytda yigirma million so‘m sarflaydi. U ayvon hozir ham Andijon-Qo‘qon yo‘lida turibdi adashmasam. To‘rtta temir ustun ustiga o‘rnatilgan tomdan iborat bostirma. Bir tiyinga qimmat, keraksiz joydagi keraksiz inshoot.

O‘shanda prezident kelishi munosabati bilan o‘sha atrofdagi egali-yu, egasiz daydi itlargacha yo‘qotilgan edi (Tovba, itdan ham shunchalik qo‘rqadimi odam degan?). Yaqin atrofdagi qatnov yo‘llari bir necha kun oldindan berkitilib qo‘yilgani sabab Andijon markaziga boruvchi fuqarolar ancha aziyat chekishgan edi. Aytsam ishonmaysiz, mirshablar ko‘chada kira qilib yurgan yuk mashinalarini ham ushlab mashinasini bir necha kunga tortib olib qo‘yishgan edi (Tovba, yuk mashinasidan ham shunchalik qo‘rqadimi odam degan?).

Shuncha qiyinchilik, shuncha dabdaba, shuncha ovvoragarchilikdan keyin, qaysidir kuni prezident kelib o‘sha ayvonchada besh daqiqa turgan yo turmagan, paxta dalasiga qarab ham qo‘ymagan…

Men bilganimni yozdim, xoh ishoning, xoh ishonmang, ixtiyor sizda.

Anvar Nabiev,
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 fevral 2017
Mirziyoevning “Har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur” degan bayonoti turlicha talqin qilinmoqda. Qoraqalpoqqa safari chog‘ida u tag‘in ...
9 iyun 2020
Bu maqolani o‘tgan yili yozgan edim. Lekin hech qaerga jo‘natmadim. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan O‘zbekiston bilan ...
23 oktyabr 2020
Ming yillarki, bulbul kalomi, O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha. Lekin sho‘rlik to‘tining holi, O‘zgalarga taqlid hamisha. Ona tilim, sen borsan, shaksiz, ...
28 aprel 2016
Bugun O‘zbekistonning markaziy shaharlarida kambag‘allarning munkaygan kulbasi yonida qad ko‘targan muhtasham qasrlarni ko‘rish mumkin. Albatta, aksariyat amaldorlar kambag‘al mahallada ...
Bloglar
23 may 2023
Din ishlari qo‘mitasi “hajga yuboraman” degan «aprslar» gapiga ishonmanglar, deb, “lo‘xlar”ni ogoxlantirdi. Ammo lo‘x va ...
22 may 2023
O‘zbekistonning o‘risqul hukumati yana bir sanktsiyaga tushgan Ukrainaga qarshi urush aybdorini Toshkentga chaqirib siyladi. Ukrainadagi ...
20 may 2023
Eltuzning dushman emas balki do‘st ekanligini eng birinchi anglab tushunib yetgan ilk rasmiy kishi bu ...