Zilzila oldidan
Shuhrat Bobojon,
Eltuz.com
Salvador Dalining bir asari bor. «Grajdanlar urushini oldindan his qilish» degan. Rassom do‘stim Hakimjon Turdiev esa 1985 yili «Zilzila oldidan» deya nomlangan rasm chizgan edi.
Rasmda zillat va g‘aflatga botgan Toshkent mahallasi tasvirlangan edi. Zilzilani esa faqat it va kuchuklar sezgani rasmda aks etgan edi. Bu rasm Moskvadagi Manej maydonida namoyish qilinganida munaqqidlar maqtoviga sazovor bo‘ldi.
Taniqli munaqqid bu rasmdagi majoz kodini ochib bergan edi. Munaqqidga ko‘ra rasm butun mamlakat kutayotgan ijtimoiy zilzila haqida ishorat edi. Albatta biz munaqqidning bu gapiga e'tibor bermadik.
Sal o‘tmay Sovet Ittifoqining oyog‘i osmondan kelganida Hakimjon chizgan rasm haqida esladik. Rassom savqi tabiiy bir his bilan ulkan talafotni seza olgan holda tasvirlagan edi.
Bugun Toshkent zohiran tinch. Ammo Toshkent itlari zanjirini uzib osmonga qarab uvillamoqda.