Kundalik
7 yanvar 2016

O‘zbekiston mustaqilligiga 50 yil bo‘lganmish!

Bir paytlar o‘rta maktabda oddiy o‘qituvchi edim. Tuman markaziga bordim deguncha gazeta do‘koniga chopardim. Sotuvchi opa esa meni ko‘rishi bilan tabassum qilardi. “Mana, sizning gazetangizni olib qo‘yganman!” – derdi oldidagi stol tortmasidan bir dasta gazeta chiqarib. Men esa sevimli gazetamning 3-4 ta soni quchog‘lagancha ishimga qaytardim.

Bu qaysi gazetaligini aytaymi? “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” edi! Oradan yillar o‘tib, bu gazetani o‘qimaydigan bo‘ldim. Umuman, gazetalardan ko‘nglim qoldi. Chunki gazetalarimizni butkul yolg‘on egallab oldi. Jurnalistlarimizning saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lib qoldi. Alaloqibat, O‘zbekiston matbuoti haqida gap ketganda ko‘pchilikning yuzi burishadigan ahvolga keldik.

Men bir narsaga hayron qolaman: matbuot kimga xizmat qiladi? Albatta, shu yurtga, shu vatanga! Unda nega “tepa”da o‘tirganlar bu sohaga bu qadar befarq qaraydilar? Nazarimda, bugun mamlakatimizda chop etiladigan nufuzli gazetalarning boshiga umrida yolchitib to‘rtta jumla yozmagan, to‘g‘rirog‘i, yozolmaydigan odamlar kelib qolgan. Shu gapimni xolis va adolat bilan isbotlab beraymi?

Mana bir misol. O‘tgan haftada o‘sha bir paytlarda yaxshi ko‘rib o‘qiydigan “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi tasodifan qo‘limga tushib qoldi. Ishoning, bu mutlaqo tasodif edi. Keling, gazetaning aniq sanasi va sonini ham aytib qo‘yay: 25 dekabr, 2015 yil, 52-son! Birinchi sahifadaman.

Sarlavhani o‘qing: “Sog‘lik va ozodlik”. Bu bosh maqola muallifi “tahririyat” ekan. Tabiiyki, bu Bosh muharrirga tegishli. O‘zingiz o‘ylang, shunaqa ham to‘mtoq sarlavha bo‘ladimi?

Maqolani o‘qib chiqsangiz, ko‘nglingiz ayniydi. Garchi maqolada Istiqolga hamdu sano aytilgan bo‘lsa-da, ishonchim komilki, shu maqola shaxsan Prezidentga ham yoqmaydi. Maktab o‘quvchisining inshosi ham ham bundan tuzukroq yoziladi.

O‘qing: “Jondan aziz istiqlolimizning yarim asrlik qutlug‘ sanasi nishonlanadigan g‘ururbaxsh yilda hamisha sog‘ bo‘ling”.

O‘zi O‘zbekiston qachon mustaqil bo‘lgan? Shunchalik ham mas'uliyatsizlik bo‘ladimi? Qiziq, bu nimadan darak? Atoqli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, ustiga ustak, xuddi shu nufuzli haftalikning Bosh muharriri Sirojiddin Sayyid hatto, Mustaqillikka qachon erishganimizdan ham bexabar, shekilli?!

Yo u zotga Mustaqillik 50 yil avval nasib etganmi?

“Sog‘lik va ozodlik”da muallif Prezidentning, u e'lon qilgan yil nomi ustidan kulayaptimi? Yo “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati”ga shunday bema'ni bitiklar ham bo‘laveradi, baribir bu gazetani hech kim o‘qimaydi, degan fikrdami?

Xo‘p, S. Sayyid shunday xayolda ekan, Mustaqillikka 50 to‘ladimi, yarim asr to‘ladimi unga farqi yo‘q ekan, ammo boshqa mas'ul rahbarlar qayoqqa qarashyapti? Yoki ular bunday kashfiyotni ko‘rishmadimi? Yoki ko‘rib beparvo qo‘l siltab qo‘yishdimi?

Balki, ular ham “Shu opamga shu pochcham ham bo‘laveradi” degan xayoldadir? Balki, ular ham Mustaqillik qachon yuz berganidan bexabardir? Maqoladagi bir-biridan g‘aliz, bir-biridan nosamimiy jumlalar eng nodon o‘quvchining ham g‘ashiga tegadi.

Ayniqsa, maqolaga ilova qilingan she'rni o‘qing:

Sog‘lik – ozodlikdir.
Ozod millatning
Bardam tug‘ilajak zuriyodi – sog‘lik.

Ming asrlik davlat,
kuch va qudratning
Bir yuz o‘ttiz yilda barbodi – sog‘lik.

Nima bu? Bu tizmadan nimani tushundingiz? O‘zbekistonda odamlar gazeta o‘qishmaydi, deb xafa bo‘ladilar.

Azizlarim, bunaqa gazetani kim o‘qiydi? Gazetadagi qolgan maqolalar ham bundan avlo emas.

Ayniqsa, sarlavhalarni o‘qib g‘ijinib ketasiz. “E'tibor quvonchlari”, “Ilmga sadoqat”, “Sadoqatga ehtirom”…

Shunaqa bo‘lgandan keyin matbuotning xaridori qoladimi?!

Baxtiyor Hamroev
o‘qituvchi, Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 dekabr 2023
Nihoyat O‘zbekistondagi qo‘shiq shinavandalari qalbini larzaga solayotgan shou tomoshalariga navbat yetib keldi – Eltuzning qattiq Iks faktori yoki X-Faktor pagonlarga ...
30 noyabr 2021
Bu 1991 yil 30 noyabrdagi “Pravda vostoka“ gazetasi. Gazetada so‘nggi 27 yil ichida o‘zbek millatiga berilgan yagona siyosiy tanlov ...
15 iyul 2017
Londonda yashovchi o‘zbek akteri, 42 yosh Rashid Shadat (Abdurashid Shodiev) O‘zbekistonda taqiqqa uchragan filmlar yuzasidan Eltuz muxbiriga intervyu berdi. ...
16 avgust 2017
Shoir Maqsud Bekjon 1961 yil Xorazmda tug‘ilgan. Moskvadagi Maksim Gorkiy nomli Adabiyot institutini tamomlagan. Uchta she'riy kitob va ikkita ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...