Kundalik
1 may 2016

«GM Uzbekistan» Bosh direktori qamaldi, Bosh vazir o‘rinbosari Ro‘ziqulov iste'fo arizasini yozdi

O‘zbekistonda eng oliy hukumat izni bilan yagona monopolist pereferentsiyasi berilgan «General motors» ustamalariga boshqa «o‘g‘riboshi» egalik qilishi rejalangan ko‘rinadi.

GM Uzbekistan avtomobil shirkati Bosh direktori Toxirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan 200 million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanib o‘tgan hafta qamoqqa olindi.

Eltuz.com muxbiriga sizdirilgan ma'lumotda aytilishicha, 46 yashar Toxirjon Jalilov MXX ning maxsus guruxi tarafidan hibsga olinib Gvardeyskiy ko‘chasi deb ataladigan mavzedagi MXX yerto‘lasiga joylashtirilib tergov qilinmoqda.

Pul o‘zlashtirish sxemasi

2010 yildan beri o‘zbek avtokontsernini boshqarayotgan va ayni paytda «Uzavtosanoat» hissadorlik shirkati boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan Jalilov “Rossiyaga jo‘natilgan avtomobillarni kriminal sxema asosida sotib pulini o‘zlashtirish” da ayblanmoqda.

Bu sxema asosida «o‘zlashtirilgan pullar offshor hududlardagi cho‘ntaklar»ga tushganligi Eltuz.com muxbiriga sizdirilgan ma'lumotda iddao qilinadi.

GM Uzbekistan avtomobil shirkatida ishlovchi muxandis Eltuz.com muxbiri bilan tarmoqda yozishib, Jalilov doxil yana bir nechta kishi hibsga olinganligini tasdiqladi.

Muxandisga ko‘ra, gap “Rossiyaga eksport qilinishi lozim bo‘lgan Ravon rusumli mashinalar bilan bog‘liq kriminal sxema haqida ketmoqda.

Mashinalar Rossiyaga «go‘yoki» eksport qilinadi. Aslida bu mashinalar Toshkentdan bir necha kilometr naridagi Qoplonbek postiga yaqin joyda, ya'ni Qozog‘istondagi maxsus joyda saqlab turiladi.

Mashinalar fiktiv tarzda Rossiyada “sotilganidan” keyin ular yana O‘zbekistonga qaytib kirib mamlakat fuqarolariga qayta sotiladi, deya iddao qilgan GM Uzbekistan muxandisiga ko‘ra, “navar 500 million AQSh dollari” dan kam emas.

Pul egalarining taxt uchun kurashi

Eltuz.com muxbirining o‘rganishicha, bu masala 26 aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining uchrashuv paytida ham kun tartibining matbuotga ochiqlanmagan qismida bo‘lgan.

Yana aniqlanishicha, Jalilovning hibsga olinishiga sabab bo‘lgan avtomobil ishlab chiqarish sohasiga oid kompromatlar O‘zbekiston moliya vaziri Rustam Azimovga qarshi guruxning ishidir.

Azimov muhtamal voris, ya'ni O‘zbekistonning “ertangi prezidenti” bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlar ortidan Azimovga qarshi axborot urushi nishonalari ko‘rina boshladi.

Eltuz.com muxbiri, o‘z tasarrufidagi ma'lumot iddaolar asosida “Rustam Azimov guruhi o‘zlariga qaratilgan hujum strelkasini Bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovga qarshi yo‘naltirdi” degan hulosaga keldi.

Ma'lum bo‘lishicha avtosanoat uchun ma'sul bo‘lgan O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov “gunoh echkisi” sifatida qurbonlikka hozirlanmoqda.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov, prezident Karimovning 2012 yilgi qarori bilan Bosh vazir o‘rinbosari, ayni paytda «O‘zavtosanoat» AK boshqaruv raisi, Mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari majmuasi rahbari etib tayinlangan edi.

“Har xolda o‘tgan juma kuni Ro‘ziqulov o‘z vazifasidan iste'fo berish haqida arizani yozdi” deb takidladi Eltuz.com manbasi.

O‘zbeklar uchun jamloqqa yig‘ilgan mashinalar

Manbaning ishonishicha, Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodi hamda Toshkentdagi General Motors Powertrain Uzbekistan zavodi “hokimiyat va ko‘cha o‘g‘rilari” tarafidan boshqarilmoqda.

O‘zbekiston avtomobil sanoatining bir yillik savdo aylanmasi 2015 yilda 4 milliard dollarni tashkil etdi.

“O‘zavtosanoat” hissadorlik jamiyati tarkibidi bugungi kunda 70dan ortiq korxona faoliyat yuritayotir. Ular orasida “GM Uzbekistan”, Samarqand avtomobil zavodi, “JV MAN Auto — Uzbekistan” avtomobil zavodi bor.

Bu – “GM Uzbekistan” mashinalariga ortiqcha imtiyozlar berib, O‘zbekiston ichida uning mutlaqo raqobatsiz darajada ichki bozorda belgilangan narxlarda sotilishida, ayni paytda chetdan keltiriladigan mashinalarning o‘ta yuqori darajada boj soliqlariga tortilishida ko‘rinadi.

Ayni paytda, tashqi bozorda mashinalar narxi juda past, “ko‘cha egalari” uni ichki bozorda sotishdan ko‘proq manfaatdor.

Eltuz.comning Chimkentdagi hamkori o‘zbek haridorlari uchun, eksportga chiqarilgan mashinalar saqlanayotgan «otstoynik» (jamloq) ni borib ko‘rdi.

Hamkorimizga ko‘ra, jamloqda kamida o‘n mingdan ziyod «Ravon» avtomobillari turibdi.

Abdujamil Do‘stmuhammad
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 sentyabr 2016
Joriy yilning 7 oktyabrida Toshkentda ochilishi kutilgan Zamonaviy san'at Biennalesi qoldirilgani haqida rasmiy bo‘lmagan xabarlar urchidi. Bu yilgi Biennale ...
20 fevral 2024
Minglab o‘zbeklarni arabistonda sarson qilib qoldirib ketgan «Ummat uchun» firmasi doxil 42 shirkat ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘nlab ...
7 fevral 2018
Namanganning Kosonsoy tumanida 5 fevral kuni 36 kishi xasipdan zaharlanib shifoxonaga yotqizildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, ular ...
9 iyun 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman. Sizlarning yuzingizga qarab tabassum qilish imkoniga ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...