Kundalik
19 may 2016

Bolasini urgan o‘zbek ayol turk mahkamasida pushaymonlik ko‘z yoshini to‘kdi

Turkiyaning Mersin shahar mahkamasi o‘z farzandini kaltaklagan Gulchehra Isoqulova ustidan ochilgan jinoyat ishini 17 may kuni ko‘rishga boshladi.

rasm1420
Qizchasini urgan Gulchehra Isoqulova

Mahkamada ishtirok etgan guvohlardan birining Eltuz. Comga aytishicha, ayblanuvchi o‘z qilmishidan jiddiy pushaymon.

Gulchexra Isoqulovaning “Men yomon ona emasman, bir daqiqalik jaxl qurboni bo‘ldim” deya aytgan gapidan Turk matbuoti iqtibos keltirdi.

O‘zining 3 yashar Tuanna Chakmagali (Tuanna Çekmegeli) ismli qizini kaltaklagan O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Isoqulova O‘nbeshinchi Mersin Jazo mahkamasi tarafidan “Tahdidli harakat va kishi badaniga qasddan shikast yetkazish” aybi bilan mahkama qora kursisiga keltirildi.

Mersin prokurori Isoqulovaga besh yil og‘ir qamoq jazosi berilishini so‘ragan

rasm1423
Gulchehraning qizi Tuanna

Bola do‘pposlash 2 minutu 46 sekund davom etdi

Prokuror Tamar Unuvar (Tamer Ünüvar) tomonidan hozirlangan ayblov hulosasi Eltuz. Comda mavjud:

“Ayblanuvchi o‘z qizi bo‘lgan jabrlanuvchini istitish batareyasini yoqishga uringan paytda uyat va ahloqsiz gaplar bilan haqorat etgani va jabrlanuvchining yuziga va ketiga urgani holatida jinoyat alomati mavjud. Shuningdek ayblanuvchi o‘ng oyog‘i bilan jabrlanuvchini tepib “seni o‘ldiraman” deyishida esa tahdid bilan bog‘liq jinoyat unsuri bor. Voqeaning videoga olingan qismi 2 minutu 46 sekund davom etadi” deyiladi aybnomada.

Gulchehra o‘zini himoya qilishga o‘tdi

15’inchi Mersin Jazo Mahkamasida so‘zga chiqqan Gulchehra Isoqulova o‘zini himoya qilishga tirishdi:

«Qizimni kaltaklaganimni bo‘ynimga olaman. Men o‘z jaxlimning qurboni bo‘ldim. Men O‘zbekistondan Turkiyaga kelin bo‘lib tushganimdan beri ezilaman. Sen kelgindisan deya menga erim va uning qarindoshlari tarafidan qilingan zulmning sanog‘i yo‘q. Buni oqibatida ruhiy besaranjomlikka yo‘liqdim. Hatto farzandimni qo‘limdan olmasinlar deya ayollarga yordam beradigan resurs markazlarga ham bordim. Dardimni aytishga atrofda biror odam yo‘q axir. Men butun onalardan va qizimdan uzr so‘rayman. Men baxti qaroni kechiringlar. Men yomon ona emasman.Men fitna qurboni bo‘lgan onaman. Ammo men farzandimni juda sevaman. Olloh hech kimni bolasidan ayirmasin. Insholloh adolatli qaror chiqib bolamni bag‘rimga bossam deb umid qilaman. Menga bolamni qaytaringlar azizlar. Uni kaltaklaganimda es-hushim joyida emas edi.” deya hakamga yuzlangan Gulchehra Isoqulova “Videoga olish tadbiri farzandini undan ayirish uchun tuzoq bo‘lganini” iddao qilgan.

“Erimning qarindoshi Olmos Oqyurt (Elmas Akyurt) videoga tushirib tarqatdi. Maqsad bolani mendan tortib olish edi. Bu ayolni uyimga kiritdim ammo u nonko‘rlik qildi. Aynan u meni qizimni kaltaklashga gij-gijladi. U erim bilan til biriktirib qo‘limdan bolani olish uchun tuzoq qurdi. Men shu tuzoqqa tushdim. Men qizimni yemay yedirgan, ichmay ichirgan mehribon bir ona edim. Juda pushaymonman. Mana uch oyki farzandimni ko‘rmadim deya ko‘zida yosh bilan gapirgan Isoqulovaning bu gaplari mahalliy matbuotga ko‘chdi.

rasm1422
Qizchaning otasi Tayfun

Isoqulovaning eri Hasan Tayfun (Hasan Tayfun Çekmegeli) esa qo‘shimcha dalillar keltirib xotinini aybladi:

«Bolani urgani videoda aniq tiniq ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari shamsiya va o‘qlov bilan ham muntazam urardi bolani. Men bu ayolga eng og‘ir jazo berilishini talab qilaman. Bolani urishga qo‘li o‘rganib ketgandi. Nuqul urardi. Xozir esa sizlarni rahmingizni keltirish uchun aybni boshqalarga ag‘darmoqchi, dedi ayblanuvching eri.

Guvohlar ona tarafini oldi

Mahkamada Gulchehra Isoqulovaning to‘rt qo‘shnisi guvoh sifatida tinglandi. Guvohlar Gulchehranig o‘z qiziga muntazam yomon muomala qilmaganini aytib uning mehribon ona ekanligi,oniy jaxl bilan hislariga hokim bo‘la olmaganliklarini ta'kidlashdi.

Tomonlarni eshitgan sud hakami hukm chiqarmasdan tanaffus e'lon qildi.

Eslatib o‘tamiz Turkiyaning Mersin shahrida o‘zining uch yashar qizini shafqatsizlarcha kaltaklagan 36 yashar o‘zbekistonlik Gulchehra Isoqulova qo‘lga olinib shaharni tark etmaslik sharti bilan mahkamagacha qo‘yib yuborilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan videoda o‘zbek ayolning norasida go‘dakni tarsakilab urgani va tepgani aks etgan.

Ma'lum bo‘lishicha bu voqea o‘tgan yil dekabr oyida sodir bo‘lgan va ayolning qiz jiyani tarafidan qo‘l telefoniga olinib tarmoqqa yuklangan.

Rafiqasining shafaqatsizligi aks etgan videoni ko‘rgan 30 yashar Hasan Tayfun xotinidan ajralish uchun mahkamaga ariza topshirdi.

Mahkama Hasan Tayfun da'vosini qondirdi va o‘zbekistonlik ayolni onalik huquqidan mahrum qildi.

Bola Hasan Tayfun tarbiyasiga berildi.

Bolani kaltaklash aks etgan videoni o‘rgangan Mersin prokurori “Tahdid, qiynoq va qasddan jismoniy shikast yetkazish” borasida aybnoma yozib, o‘zbek ayolni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish talabini ilgari surgan edi.
O‘z qizini kaltaklagan o‘zbek ayoli ishini Mersin jazo mahkamasi ko‘rib chiqishda davom etmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 may 2018
O‘zbekistonlik faol, 72 yoshli Abdusalom Ergashev ijtimoiy tarmoqlarda, telegram va messenjer orqali tarqalgan, go‘yoki uning allaqaysi ayollar bilan axloqsiz ...
9 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi. eltuz.com
8 dekabr 2021
“Eltuz”mehnat huquqlariga oid animatsiyalar turkumini davom ettiradi. Bugun biz sizga kasaba uyushmasini qanday tuzish haqida hikoya qilamiz.  Dastavval kasaba ...
13 iyul 2018
Rassom Kirpi Eltuz.com
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...