Tayinlangan rais saylandi
«Avval bizga uch nafar nomzod ko‘rsatiladi, deyishgandi», – deydi Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi saylovda ishtirok etgan mahallalarda yashovchi mo‘ysafid.
Uning Eltuz.comga bildirishicha, saylov maktabda o‘tkazilgan. Bir nafar saylanuvchi o‘z nomzodini kecha qaytarib olgan ekan, o‘rniga mahalla faollaridan birining nomzodini qo‘yishibdi.
«120 kishi ishtirok etsagina saylov haqiqiy hisoblanishi kerak edi, biroq 85 nafar saylovchi keldi, xolos», deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra hokimiyat tomonidan tavsiya etilgan nomzodga 50 nafar kishi ovoz berilgan.
«Biz ovoz bergan nomzod 35 ta ovoz oldi», deydi hamon demokratik saylovlardan umidvor mo‘ysafid.
Viloyatda bugun qishloq fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylovlar faqatgina xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmoqda.
Sababi, odatdagidek avvaldan tayinlangan, davlat manfaatlari uchun sidqidildan ishlashga va'da bergan nomzodgina ko‘p ovoz to‘playapti.
Nomzodlarning ko‘p qismi sobiq militsiya va huquq–tartibot idoralari xodimlaridir.
Nasima Davron qizi
Eltuz.com