Asosiy mavzular
16 iyun 2016

Fermer: «Pilla mavsumi tugagach, bu g‘urbatdan qutulganimizga shukur qilamiz»

Pilla qurti boqish turli tashkilotlar, tibbiyot va ta'lim muassasalari qatorida fermer xo‘jaliklari uchun ham qo‘shimcha majburiyatdir. 

Quyida bir fermer xo‘jaligi misolida pilla yetishtirish bilan bog‘liq jarayon, uning mashaqqatlari bilan tanishasiz.

Fermerlikni qachon boshlagansiz?

Fermerlikni 1997 yilda boshlaganman. Biz g‘alla-paxtaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligimiz. SSSR davrida shu sovxozda bo‘lim agronomi bo‘lib ishlaganman. Sovxozimiz keyin shirkat bo‘ldi, MTP bo‘ldi, SFU bo‘ldi, endi suv iste'molchilari uyushmasi – SIU bo‘ldi.

1997 yilda o‘zim ishlagan bo‘limdan 73 gektar yerni dehqon-fermer xo‘jaligi qilib olgandim. 1999 yilda ularning barchasi fermer xo‘jaligiga aylantirildi. Ammo meniki dehqon-fermer xo‘jaligicha qolgan. Hatto muhrimda ham «dehqon-fermer xo‘jaligi» degan yozuv bor.

2008 yil yakuni  bo‘yicha optimizatsiya  davrida yonimdagi 41 gektarlik fermer xo‘jaligini menga qo‘shib berishdi. Jami 114 ga yerga ega bo‘lgan edim. Men bu yerni ham bamaylixotir eplab kelayotgandim. Negaki sovxoz orqasidan kosam oqargan. Bu yerlarning barini miridan sirigacha bilaman. Dehqon-fermerga aylanayotganimda   sovxozdan bitta «Belarus-MTZ-80» traktorini rumin seyalkasi, kultivatsiyasi bilan  xususiylashtirib olgan edim.

Hozir o‘g‘limni fermerlikka tayyorlayapman. Tumandagi majlislarga ham u boradi. Chunki men hokimu prokurorlarning baqir-chaqiriga chidamayman.

2015 yil yakuni bo‘yicha qaytadan optimizatsiya – maqbullashtirish jarayoni boshlandi. Ishni eplab kelayotganim uchun xo‘jaligimizni ikkiga bo‘ldik – yarmini o‘g‘limning nomiga o‘tkazdik.

Har ikki fermerlikda jami 50 gektar paxtamiz bor. Buncha yerni begona o‘tdan tozalash  oson emas. Lekin biz ishni yaxshi tashkillashtirganmiz. Chopiqchilarimizning ishonchini oqlab, pulini vaqtida beramiz.

Bizdan 1 km uzoqlikda qishloq bor. Har yili shu qishloqdagi 10 ta oilaga yerimizni o‘rtacha besh gektardan bo‘lib beramiz. O‘zlari chopiq qiladi, yagana qiladi. Bu yil har gektar yerga qo‘lda ishlov berishga ular bilan 200 ming so‘mdan kelishganmiz. Jami paxtamizga bir yil davomida ishlov berish 10 million so‘m bo‘ladi. Ish haqining bir qismini somon ko‘rinishida, yana bir qismini bug‘doy, muyayan qismini naqd pul ko‘rinishida beraman.

Bu yil pilla masalasi qanday bo‘ldi?

Har bir gektarimiz uchun 2 kg dan pilla yetishtirish belgilangan. Jami 114 gektar uchun 228 kg pilla topshirishimiz kerak edi.

Qishloqda bir pillachi opa bor. SSSR davrida ham shu ayol sovxozning yarim pillasini boqib berardi. 500 kg dan bir tonnagacha pillani o‘sha ayol yetishtirib berardi. Faqat tut bargi bilan ta'minlab tursang bas.

Yaxshiki, o‘zim agronom bo‘lib yurgan vaqtlarimda barcha yo‘l yoqalariga rahbarlar talabi bilan ko‘p tut daraxti ektirgan edik. Shunchalik ko‘p ekkan ekanmizki, hozir gaz uzilib, ularni mahalliy aholi kesib ketayotgan bo‘lsa-da, pilla mavsumida bemalol yetib ortyapti.

Xullas, o‘sha pillachi ayol bilan kelishuvimiz bor. Unga 25 sotix yerni piyoz ekish uchun berganman. Piyozini o‘g‘itlash uchun 10 qop (500 kg) selitra berishni bo‘ynimga olganman. Suv ta'minoti ham mening zimmamda. O‘zim yemasam yemayman, ichmasam ichmayman, lekin shu ayolga piyozi uchun kerakli barcha narsalarni vaqtida yetkazib beraman. Chunki pilladan davlat rejasini bajarmay, rahbarlar oldida yuzim shuvut bo‘lishini estamayman.

Opa ham pillani yetishtirib berish uchun ikki qizi, ikki kelini bilan kechani kecha demay ishlaydi. 228 kilo pilla olish oson emas. Shunga qaramay, opa har yili 50-100 kg oshiqcha pilla oladi. Oshiqchasini pilla rejasini bajarmagan fermerlarga o‘zi sotadi.

Pilla terish paytida o‘zim, ishchilarimni bola-chaqasi, tanish-bilishi bilan yig‘ib bordim. 7 kg guruch, 4 kg qo‘y go‘shtidan hasharchilarga osh qildik.

Opaxon mening rejamdagidan 100 kg oshiqcha pillani kimgadir bir millionga sotibdi. Keyin yana qanchadir ortgan pillani ham sotibdi. Haloli bo‘lsin. Chunki bu oson ish emas. Asosiysi, mening rejam bajarildi.

Bu yil pillani davlat necha puldan oldi?

Pilla azal-azaldan dehqonlarga qo‘shimcha majburiyat sifatida beriladi. SSSR davrida ham pillani qilardik, ammo topshirgan pillasi uchun falon so‘m olibdi, degan gapni eshitgan emasman. Hozir ham shu ahvol. Menimcha, 1 kg pilla 5000-7000 so‘m  atrofida sotib olinadi. Bizga beradigan kvitantsiyada faqat pillaning kilogrammi yoziladi. Narxi, summasi yozilmaydi. Biz pilla narxini surishtirib o‘tirmaymiz. Pilla tashvishidan qutulganimizga, rejani bajarganimizga xursand bo‘lib  ketaveramiz.

Chunki pilla rejasini bajarmasak, o‘sha kuni tungi soat 22.00 da yo tuman hokimi qabuliga, yo tuman IIB hovlisiga chaqirishib, ertalabga qadar ushlab o‘tirishadi. Bir oqshom turishga toqatim yo‘q u yerlarda. Shu sababli men ortiqcha gap-so‘zga hojat qoldirmaslik uchun ish qilaman.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha fermer o‘g‘limni pillaxonaga taklif qilishib, yuz metr  har xil adras matolar berib yuborishgan ekan. Bir yillik pilla rejasini bajarganingiz uchun sizga berilgan haq shu, deyishibdi. Shunga ham rahmat. Ilgarilari shu ham yo‘q edi.

To‘g‘ri, ba'zi yillari pilla qurti urug‘ini olayotganingizda qandaydir haq berib qolishadi. Har bir quti pilla urug‘i uchun 2013 yili 27000 so‘mdan bank orqali naqd pul berishgandi. Bir quti pilla urug‘idan 40 kg pilla olish rejalangan bo‘lsa, demak, bizga o‘shanda olti quti urug‘ berishgan. Oltita 27000 so‘mni ko‘paytirsak qancha bo‘ladi?

2014-2015 yillari esa har bir quti pilla urug‘i oluvchiga urug‘ olayotganda bir qopdan  un qo‘shib berishdi. Bu yil esa hozircha naqd pul ham, un ham, adras ham berishgani yo‘q. Ishqilib, kattalarga insof bersin. Insofga kelsa, bir nima berib qolishar. Axir pillachilar yanagi yilga ham kerak-ku.

Agar pilla olmayman desangiz, sizga birov bir narsa deydimi?

Bular shartnoma qildirib qo‘yadi-da. Qishning qorli-qirovli kunlarida muzlab yotgan tuman madaniyat uyiga barcha fermerlarni muhri, tamg‘asi bilan yig‘ishib, paxta, g‘alla, pilla shartnomalarining toza, oppoq blankalariga muhr bostirib olishadi. Shartnomaga gektar, hosildorlik miqdorini qo‘yishga ruxsat berishmaydi.

Tepangizda tuman hokimi, militsiya boshlig‘i va prokuror o‘qday qadalib turgandan keyin qarshilik qilib ko‘ring-chi? “Muhrim uyda qolib ketibdi”, “Muhrimni yo‘qotib qo‘yibman», deb ko‘ring-chi? Peshanangizda yong‘oq chaqishadi. Kelmay qolgan ayrim fermerlarning uyiga uch-to‘rttalab militsioner jo‘natiladi. Oyog‘ini yerga tekkizmay quvib kelishadi. Uncha-munchasi hokimdan bir-ikki tepkini ham yeyishiga to‘g‘ri keladi.

Rejani bajarmasa-chi?

Rejani bajarish masalasida ham xuddi shu ahvol. Faqat “xo‘p, bajaramiz”, desangiz qutulasiz. Keyin bajarib qutulasiz. Yo teringizni qalin qilishingiz kerak. Ayrim fermerlar ataylab SSSR davridan qolgan paxtalik fufaykada majlisga boradi. Aytishlaricha, hokim ursa ham zarba fufaykaning paxtasidan ichkariga o‘tmas emish. Yiqilib qolmasang bo‘lgani. Negaki, yiqilsang, tepki yeysan. Tepki yeyishdan xudo saqlasin.

Pilla yetishtirishdan deyarli foyda ko‘rmas ekansiz, nega baribir boqaverasiz?

Boshqa iloji bo‘lmagandan keyin boqamiz-da. Dodimizni kimga aytamiz? Hokim, prokuror, militsioner bosh bo‘lib, tikilib tursa, qaerga boramiz? Xalqda maqol bor: «Onangni qozi …iksa, arzingni kimga aytasan?» Shunday.

O‘zi pilla yetishtirishdan keladigan daromad qilingan xarajatlarni qoplaydimi?

Pillaning navi ko‘p. Agar oliy nav 7000 so‘m bo‘lsa, birinchi nav – 6000, ikkinchi nav – 5000 so‘m. Qorapo‘choq uchun hech narsa berishmaydi.

Pilla urug‘ini pillaxonaning o‘zi yetishtirib beradi. Ammo pilla boqish, pilla boqiladigan joyni dezinfektsiya qilish, buning uchun kimyoviy dorilar olish kerak. Ancha-muncha qog‘oz ham kerak bo‘ladi.

Pillaxonada bularning ayrimlarini – dorini, qog‘ozni, termometrni berishi mumkin. Ammo joyni tayyorlash, taxta bilan ikki-uch qavat qilib chiqish – hammasi bizning bo‘ynimizda. Tut kesish, kesilgan tutni pilla boqilayotgan joyga tashish, texnika xarajati, texnikaga yonilg‘i xarajati ham o‘zimizdan.

Lekin pillaxona bularning barini o‘zimiz qildik, deb xarajatlar daftarini to‘ldiradi. Lekin hali (30 yildan beri daladaman) biror pilla yetishtirgan inson «nega bunaqa», deb bosh ko‘targani yo‘q. Bosh ko‘targanni o‘sha zahoti hokim, prokuror, militsioner bir urib, prezidentimiz aytmoqchi, chiqqan joyiga kiritib yuboradi. Shu sababli biz faqat pilla g‘urbatidan qutulganimizga shukr qilib ketaveramiz.

Aytaylik, men 228 kg pillani 6000 so‘mdan sotsam, 1368000 bo‘ladi. Yuqoridagi xarajatlarni qoplashga bu urvoq ham bo‘lmaydi. Oldim aytganimdek, o‘tgan yili pilla puliga 100 metr adras olgandik. Bu yil esa hozircha «Bag‘dodda hamma yoq tinch»…

Pilla yetishtirish jarayoni to‘g‘risida ham tushuncha berib o‘tsangiz.

Mavsum bir oy davom etadi. Birinchi, ikkinchi uyqu orasida uncha ko‘p mehnat talab qilinmaydi. Harqalay, besh-olti quti pilla urug‘ini birinchi-ikkinchi uyqu oralig‘ida besh-olti  kishi bemalol eplasa bo‘ladi. Ammo uchinchi, to‘rtinchi uyqu oralig‘idagi o‘n kunlik davrda o‘nta, yigirmataga qadar odam ham tut bargi yetkaza olmay, charchab qolgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘lgan. Olti quti pilla hosilini terib olish uchun esa yuztacha odam ham ortiqchalik qilmaydi. Biz ellik atrofidagi odam bilan ana shuncha quti urug‘i hosilini uch kun davomida terdik. Uch kun davomida kuniga 3-5 tadan mardikor yollashga ham to‘g‘ri keldi.

Pillaga o‘quvchilar, talabalar, byudjet tashkilotlari ishchilari ham jalb etiladimi?

Mening oilamda ham, ishchilarimning oilalarida ham o‘quvchilar, o‘qituvchilar,  tibbiyot hamshiralari, institut talabalariga qadar bor. Qo‘limizga tushganlarining hammasini ikki kunga pilla terishga jalb qilganmiz. Iltimos qilganmiz, hasharga kelishni so‘raganmiz. Lekin maktabga, kollejga yoki poliklinikaga borib, odamlarini jalb qilishni so‘ramaganmiz. Tuman hokimligi ham bunaqa narsani o‘ylab ko‘rmagan.

Maktabu kollejlar pilladan tashqari ham dehqonchilikka jalb qilinyapti. Hech kam  bo‘layotgani yo‘q. Yoki paxta chopig‘iga chiqyapti. Chiqmasa, pul berib, o‘rniga kimnidir  chiqartirib, o‘ziga belgilangan yerni choptiryapti. Pilla shu paytga qadar to‘liq fermer zimmasida bo‘lgan. Bilmayman, bu yil ko‘p maktab va bolalar bog‘chalari ham fermer bo‘lib ketdi. Ularga ham pilla berilgani aniq. Qay tariqa ular vaziyatdan chiqyapti, bu haqda hozircha menda ma'lumot yo‘q.

Maktab yoki boshqa muassasalarning xonalaridan pilla yetishtirish maqsadida foydalanilgani haqida biror ma'lumotga egamisiz?

Bilmadim. Yonimizdagi maktab direktori ham fermer. Aytishlaricha, u bu yil pilla qurti boqmabdi. Shu bois, mening opaxonimga borib, mendan ortib qolgan pillaning har bir kilosini 10000 so‘mdan sotib olibdi. Demak, bizning maktab xonalari bu yil pilla uchun ishlatilmagan. Boshqa maktablarda qanday ahvol bo‘lganidan xabarim yo‘q.

Hokimiyat buyrug‘iga ko‘ra pilla qurti boqadigan kishilar yoki tashkilotlarni bilasizmi?

Hamma tashkilot va fermerlar faqat hokimiyat topshirig‘i bilan pilla qurti boqadi. Pilla qurti hech kimning gazagiga dori emas. To‘g‘ri, ayrim oilalar pilla boqishga ixtisoslashgan. Ular pilla tayyorlab, fermerlarga sotadi. Shu tariqa yillik daromadini ta'minlab oladi. Ularga fermerlar tomonidan talab bor. Shuning ortidan daromad bor. Fermerlarga esa pilladan daromad yo‘q, ammo hokim tomonidan buyruq bor, bajarilishi majburiy bo‘lgan talab bor.

O‘z ixtiyoringiz bilan pilla qurti boqqan bo‘larmidingiz?

O‘zimga qolsa, ikki dunyoda ham pilla boqmagan bo‘lar edim. Ammo nima qilamiz. Majbur qilishadi, talab qilishadi.

Fermerning ismi, uning iltimosiga ko‘ra, ochiqlanmaydi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 mart 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Agar haykaltarosh uzoqni ko‘ra oladigan san'atkor bo‘lsa, u yaratgan haykallar ham uzoq-uzoqlarga qarab turadi. Bordiyu ...
6 noyabr 2019
O‘zbekistonlik inson haqlari faoli A'zam Turg‘unov 31 oktyabr kuni Pragada o‘tgan taqdimotda People in Need xalqaro tashkilotining «Jasorat» mukofotiga ...
19 mart 2024
Re: Common olib borgan surishtiruvda Italiya davlat eksport kredit agentligi SACE, Baxtiyor Fozilovning muhandislik korxonasi va Rossiya shirkatlari orasida aloqalar borligi aniqlandi. Rossiyaning Gazprombanki ...
23 sentyabr 2023
«Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning Verbovo mudofaa liniyasini yorib o‘tdi va oldinda yanada kattaroq zafarlar kutilmoqda», dedi «Tavriya» qo‘shinlarining tezkor-strategik ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...