Asosiy mavzular
2 avgust 2016

Kongressmen O‘zbekistonning taraqqiyot modelini maqtadi

Mustaqillik bayrami arafasida xorijliklarning o‘zbek xalqiga tabriklarini chop etish an'anasi shu kunlarda qizg‘in davom etyapti.

«Jahon» axborot agentligi tayyorlagan, «Pravda vostoka» gazetasida chop etilgan bu safargi dil so‘zlari AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zosi, Kaliforniya shtatidan saylangan kongressmen Deyna Rorabaxerga tegishli.

Kongressmen «O‘zbekiston so‘nggi yillarda barqaror farovon davlatga aylangani»ni, uning «taraqqiyot modeli ko‘plab mamlakatlar uchun yorqin namuna bo‘lib xizmat qilishi»ni ta'kidlaydi.

«Prezident Islom Karimovning oqilona rahbarligi bois respublika xalqaro maydonda munosib o‘rin egalladi», deydi kongressmen.

Kongressmen O‘zbekistondagi inson huquqlari, demokratiya, korruptsiya masalalariga to‘xtalmagan. Chunki bunday masalalarni tabrikka qo‘shib bo‘ladimi?!

Istiqlolga erishganida dovdirab qolgan xalq

«O‘zbekiston ovozi» gazetasidagi mustaqilligimizni madh etuvchi navbatdagi maqola «xalqimiz sho‘rolar davrida butunlay davlatning qo‘liga qaram bo‘lib qolgani»dan boshlanadi.

«Shuning uchun boshimizga baxt qushi qo‘nib, Istiqlolga erishgan dastlabki kunlarimizda aksariyat aholining esankirab, dovdirab qolganligi ham haqiqat», deydi muallif.

Muallif 1991 yilning tarixiy 31 avgustida «muhtaram prezidentimiz yuksak minbardan turib … milliy mustaqillikni e'lon qilganda … qullikka o‘rgangan, ko‘nikkan shuurlar erkinlikning erka fikrlarini qamrashga ojizlik qilib qoldi», deya shoirona lutf qiladi.

Maqolada o‘sha lahzalarda «boqimandalik iskanjasida yashagan aqllarda faqat va faqat «Mustaqillik menga nima beradi?» degan savol tug‘ilgani», keyin bu tadrijiy rivojlanish «Mustaqillikka men nima berdim?» shakliga o‘tgani, bugun esa «Kim edigu kim bo‘ldik?» shakliga yetib kelgani ta'kidlanadi.

«O‘zimizning sigirlarimiz bergan sutdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning sirti tomosha, ichi rohatu farog‘at»ligidan og‘zining suvi oqqan muallif mustaqillik arafasida «do‘konlarga kirgan kishining yuragi orqaga tortib ketgani, chunki unda tuzu qalampir, muddati o‘tgan baliq konservalari…»dan boshqa hech narsa bo‘lmaganini eslab yozg‘iradi.

Sho‘rolar davrining dodini berib, istiqlol yillari havosidan sipqorib, ilhomi toshgan muallif maqola oxirlab qolganida biroz yolg‘onga o‘tib ketganini sezmagan nazarimizda.

Bir paytlar qishloqdan shaharga kelgan mehmon xonadonlarda yonib turgan «moviy olov»ga havas bilan tikilganini eslatib, «bugun esa tabiiy gaz bormagan qishloq borligini eshitsak hayron qolamiz», deb yuboradi.

Birodar, hayron bo‘lmaslik uchun tez-tez qishloqlarga borib turish kerak. Ayniqsa, qishda borsangiz, gaz yo‘qligi uchun ko‘chadagidan ham sovuq uyda biror soat mehmon bo‘lsangiz, yuqorida aytgan hayronlaringiz xuddi gazdek yo‘qolib ketishiga biz kafil.

Bu ham yetmagandek, muallif «g‘alla, neft mustaqilligi erishish degan marralardan oshib o‘tganimizga ham ko‘p yillar bo‘lgani»ni eslatib, odamning ustidan kulgandek qiladi.

Toshkentdan sal chiqqandan keyin viloyatlarda necha yillardan buyon AYoQShlarda benzin yo‘qligi, hatto shu kunlarda poytaxtning o‘zida ham benzinga navbatning oxirini topish qiyin bo‘layotganini ko‘rganlar bu so‘zlari uchun muallifni, g‘oyibona bo‘lsa-da, bir boloxonador qilib so‘kkan bo‘lishi turgan gap.

Partiyalar «demokratiya o‘yini»ni kuchaytiryapti

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi O‘zMTDP va O‘zLiDeP fraktsiyalaridan tashkil topgan Demokratik kuchlar bloki va o‘zini muxolif deb e'lon qilgan XDP va «Adolat» partiyalari fraktsiyalariga «demokratiya o‘yini»ni jadalroq o‘ynashga ko‘rsatma berilgan shekilli, so‘nggi vaqtlarda ular ancha qirpichoq bo‘lib qoldi.
«Milliy tiklanish» gazetasi fraktsiyalar o‘rtasidagi bunday bahs-munozaralar «demokratik jamiyat uchun tabiiy hol» ekanini aytib, lutf qildi.

Qanchadan-qancha qonunlar tayyorlanayotganida damini chiqarmagan partiyalarning «demokratiya o‘yini» «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi atrofida bormoqda.

Avvalroq XDP Demokratik kuchlar blokining ayrim fikrlariga qo‘shilmasligini aytgandi. «Biz «O‘zbekiston ovozi» gazetasida e'lon qilingan … anchayin dabdabali sarlavhali bu maqolani o‘qib, XDPchilar qaysi fikrga qo‘shilmasligi, qanday yangi g‘oyalarni ilgari surayotganliklarini topa olmadik», deya hujumga o‘tgan

«Milliy tiklanish» partiyasi vakillari.

XDPchilarning o‘simlik ob'ektlari hisob-kitobi va kadastrini yuritishni faqat davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish taklifini qoralagan O‘zMTDP bu ishga byudjetdan tashqari mablag‘larni ham jalb etish samaradorlikni oshirishini ta'kidlaydi.

Shuningdek, O‘zMTDP XDPni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning xodimlari manfaatlarini himoya qilayotganlikda ayblaydi. Chunki XDP mazkur qo‘mita va uning xodimlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash taklifini ilgari surgandi.

25 yildan beri bittagina militsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qila olmayotgan bu partiyalarning muhimlik darajasi ancha past bo‘lgan oddiygina hujjat uchun nega bir-biriga bunday tashlanayotganini nima bilan izohlashni ham bilmaydi kishi. Chunki aslida izohga hojat ham yo‘q!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 iyun 2018
Majburiy mehnat monitoringi bo‘yicha 4 iyun kuni Navoiy viloyatlariga borgan jurnalist Malohat Eshonqulova uchastka noziri kapitan Odil Qurbonov tomonidan ...
9 fevral 2018
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani hokimligi binosida o‘tgan viloyat faollari yig‘ilishida ko‘plab MXX ...
21 iyul 2016
Ayni holatni o‘z karikaturasi orqali hajv qilishga intilgan rassom Elsevar, yonida pasporti yoki propiskasi bo‘lmaganlar militsiya nishoniga aylanganiga e'tiborni ...
14 avgust 2018
«Shifti va devorlari mog‘orlab ketgani bu hujraning qishda zax va sovuq bo‘lganligidan dalolat berib turibdi. Yaxshiyamki, poli yog‘och va ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...