Kundalik
22 sentyabr 2016

Akmal Saidovning “iddao”lari xato va qonunchilikka ziddir

Oliy Majlis amaldagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganidan so‘ng Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidov parlamentning bu qarori qonuniyligini yoqlab fikr bildirdi.

Quyida biz professorning bu iddaolari O‘zbekistonning mavjud qonunchiligiga qanchalik mos ekanini tahlil qilib ko‘ramiz.

O‘z fikrini isbotlash uchun Akmal Saidov beshta asosni keltirdi. Xususan, u Konstitutsiyaning 81-moddasiga asoslanib, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining har qanday muhim masalalari yuzasidan o‘tkazilishi mumkin”ligini ta'kidlaydi.

Bu o‘rinda mazkur moddani talqin qilishda uning ma'nosidan jiddiy chekinish mavjud. Ushbu moddaning 9-xatboshisida shunday deyiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.

Bu modda Oliy Majlis palatalari o‘z qo‘shma majlislarida “har qanday” muhim masalani ko‘rib chiqishini nazarda tutmaydi, balki “boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin“ligini ko‘zda tutadi.

Huquqiy nuqtai nazardan esa “har qanday muhim masala” bilan “boshqa masalalar” degan tushunchalar orasida katta farq bo‘lib, davlat hokimiyatining bo‘linishi tamoyili ularning hech biriga “har qanday masalani” ko‘rib chiqish vakolatini bermaydi.

Konstitutsiyaning 78, 79 va 80-moddalarida Qonunchilik palatasi va Senatning umumiy va mutlaq vakolatlari belgilangan. Ularga ko‘ra, bu palatalar qo‘shma majlislari mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining har qanday muhim masalalarini emas, balki o‘z vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Demak, 81-moddani boshqacha talqin qilish xato va qonunchilikka ziddir.

Akmal Saidov navbatdagi asos sifatida Qonunchilik palatasi va Senatning qaror qabul qilish vakolati amaldagi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgani, ularning qo‘shma majlisi muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘shma qarorlar qaror qabul qila olishini keltirib o‘tgan.

Mazkur asos nimani isbotlashni maqsad qilganini tushunish qiyin. Zero, Oliy Majlis palatalarining qaror qabul qilish vakolati, qabul qilingan qarorlarning qonuniy kuchga ega yoki ega emasligi bahs mavzusi emas. Jamoatchilik mazkur organlarning qaror qabul qilish vakolatiga shubha bildirayotgani yo‘q.

Jamoatchilikning noroziligi bu palatalar tomonidan qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyatiga qaratilgan bo‘lib, ikkinchi asos bu masalaga oydinlik kiritmaydi.

Akmal Saidov murakkab vaziyatlarda Senat raisi o‘z vazifa va vakolatlarini qabul qilishdan bosh tortganda parlament unga mazkur vazifa va vakolatlarni majburan yuklash huquqiga ega emasligini, aks holda bu shaxsning o‘z irodasini erkin namoyon etish va maqbul faoliyatni tanlash borasidagi huquqlari buzilishiga olib kelishini uchinchi asos sifatida keltirib o‘tadi.

Huquqiy tahlil jarayonida “murakkab vaziyat” kabi huquqiy negizi bo‘lmagan, o‘ta mujmal tushunchalarga asoslanmaslik maqsadga muvofiq. Chunki qaysi vaziyat murakkab, qaysi holatlar odatiy yoki o‘rtacha murakkab deb topilishi, murakkablik darajasini kim belgilashi kabi masalalarga javob topishning imkoni yo‘q. “Murakkab vaziyat” kabi mujmal tushunchalar asos qilib olinganda, vaziyat qandayligidan qat'i nazar, amaldagi qonunlarni bajarmaslik, chetlab o‘tish yoki buzish uchun qulay zamin yaratiladi.

Konstitutsiya va amaldagi qonunlarni to‘liq va aniq bajarishga nisbatan ba'zi cheklovlarni joriy etishga faqat favqulodda holat e'lon qilinganda ruxsat beriladi. Bunday holatlarga qurolli mojarolar, agressiya xavfi, fuqarolik urushi, qurolli namoyishlar, tabiiy ofat kabilar kiradi. O‘zbekistonda mazkur holatlardan birontasi mavjud emas.

Akmal Saidov haqli ravishda hech kim o‘z xohish-istaklariga qarshi ishlashga majburlanmasligi kerakligini aytadi. To‘g‘ri, chopiq yoki paxta terimiga hech kim majburan yuborilishi mumkin emasligi kabi hech kim Senat raisligi vazifasini bajarishga majburlanmasligi kerak.

Ammo bu yerda masalaning mohiyati raisning o‘z vazifasini bajarishga majburlanayotganida emas. Biror kishi davlat hokimiyati vazifasini bajarishga tayinlanganda u o‘z vazifalarini to‘liq bajara olishi nazarda tutiladi. Mansabdor shaxs lavozimga tayinlangandan keyin kelgusida qanday vaziyat kelib chiqishidan qat'i nazar, o‘z vazifalarini to‘liq bajara olish qobiliyati va tajribasiga ega ekanligi tushuniladi.

Bu masalada Konstitutsiya konkret, hech qanday shubha yoki qo‘shimcha huquqiy talqinni talab qilmaydigan qoidani belgilaydi. Uning 96-moddasiga ko‘ra, prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi. Bu majburiy qoida bo‘lib, ixtiyoriy xarakterga ega emas.

Shunday ekan, bordiyu Nig‘matilla Yo‘ldoshev kabi Senat raisi 96-moddada belgilangan majburiyatini bajara olmas ekan, u bu lavozimidan o‘z xohishiga ko‘ra ketishi yoki ishdan olinib, o‘rniga qonunchilikda belgilangan boshqa shaxs tayinlanishi kerak. Zero, mansabdor shaxs o‘z vazifa va vakolatlarining bir qismini qabul qilib, qolgan qismini boshqa mansabdor shaxsga topshirish huquqiga ega emas.

Senat raisi vazifa va vakolatlaridan voz kechishi mumkin emasligi amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan. Ushbu tezis mumkinlik tamoyiliga, ya'ni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xatti-harakatni bajarish mumkin, degan qoidaga tayanadi. Mumkinlik tamoyili faqatgina shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi, davlat organlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari esa ruxsat tamoyiliga asoslanadi.

Ruxsat tamoyiliga ko‘ra, davlat organlari va mansabdor shaxslar faqatgina vakolatlari doirasida, ya'ni amaldagi qonunchilik bilan ruxsat berilgan xatti-xarakatlarnigina bajarishi mumkin. Ya'ni Senat raisining o‘z vazifa va vakolatlarini boshqa mansabdor shaxs zimmasiga topshirishi qonuniy bo‘lishi uchun tegishli qonunchilik bunday harakat qilishga aniq ruxsat berishi kerak.

Senat raisining o‘z vazifa va vakolatlarini boshqa mansabdor shaxs zimmasiga topshirishiga amaldagi qonunchilik ruxsat bermaydi. Konstitutsiyaning 7-moddasiga ko‘ra, nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Akmal Saidov Konstitutsiya va qonunlarda Oliy Majlis Senati ushbu vazifa va vakolatlarni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda ularni kimga yuklash lozimligi nazarda tutilmaganini navbatdagi asos sifatida keltiradi.

Amaldagi qonunchilikda “vakolatlarni qabul qilishdan bosh tortish” degan huquqiy tushuncha mavjud emas. Yuqorida aytilgani kabi, mansabdor shaxs yo o‘z vazifalarini to‘liq bajara oladi, yo bajara olmaydi.
Shaxs mansabini egallab turgan holda zimmasiga tushgan vakolatlarnining bir qismini qabul qilib, qolganlaridan bosh tortishi mumkin emas. O‘z vazifalarini bajara olmagan mansabdor shaxs layoqatsiz yoki noqobil hisoblanadi va o‘tayotgan vazifasidan, ya'ni lavozimidan zudlik bilan olinishi shart.

Amaldagi qonunchilik bu masalada aniq, hech qanday qo‘shimcha huquqiy talqinga sabab bermaydigan qoidalarni belgilagan. Biz ko‘rib chiqayotgan holatda Nig‘matilla Yo‘ldoshev prezident vakolatlarini vaqtincha bajarishni uddalay olmasligini bildirdi, ammo iste'fo bermadi. Bu o‘rinda Senat o‘z vazifalarini bajara olmaydigan Senat raisini vazifasidan chetlatishi kerak edi. Oliy Majlis Senati to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunning 15-moddasiga muvofiq, Senat raisining o‘rinbosarlari Senat raisi yo‘qligida yoki o‘z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan hollarda uning vazifasini bajaradilar. Shunday ekan, Senat Reglamentiga ko‘ra, 15-moddada nazarda tutilgan holat ro‘y berganda Senat raisi vakolatlari uning o‘rinbosarlaridan biriga o‘tkazilishi kerak.

Konstitutsiyada davlat hokimiyati tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi tamoyiliga asoslanishi belgilangan. Ular o‘z vakolatiga kirmaydigan vazifalarni bajarishi mumkin emas.
Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Oliy Majlis va Prezident ish olib borishi mumkin (10-modda). Vazirlar Mahkamasi esa o‘z faoliyatida Oliy Majlis va Prezident oldida javobgar (98-modda). Shu nuqtai nazardan tahlil qilinganda 96-moddaning tub mohiyati namoyon bo‘ladi – xalq nomidan ish olib boruvchi Prezident o‘z vazifalarini bajara olmaganda uning vakolat va vazifalari xalq nomidan ish olib borish vakolatiga ega bo‘lgan ikkinchi organ – Oliy Majlis zimmasiga o‘tadi. Shu sababli Oliy Majlis o‘z vakolat va vazifalarini ijro hokimiyati a'zosi bo‘lmish Bosh vazirga o‘tkazishi mumkin emas.

Akmal Saidov har bir deputat yoki senator Qonunchilik palatasi, Senatning majlisida ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bo‘yicha taklif bildirishga, o‘z takliflarini asoslab berish uchun so‘zga chiqishga haqli ekanini ham asos sifatida keltiradiki, aslida bu asos biz tahlil qilayotgan mavzuga oydinlik kiritmaydi. Chunki jamoatchilik bu huquqni savol ostiga olayotgani yo‘q, balki Senat raisi o‘z zimmasiga Konstitutsiya va qonunlar bilan yuklatilgan vazifalarni bosh vazirga o‘tkazishi konstitutsiyaga qanchalik mosligi bilan qiziqmoqda.

Yuqoridagi tahlil Oliy Majlisning bosh vazirni prezident vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qilgani Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlarning jiddiy buzilishi ekanini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, bu o‘rinda hal qiluvchi qarorni kim qabul qilishi kerak? Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bu kabi holatlar, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat hokimiyatining uchinchi mustaqil bo‘g‘ini bo‘lmish sud tomonidan hal etilishi kerak.

Ammo bu masalada qaror berishi shart bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud hamon sukut saqlamoqda. Bu sud o‘z faoliyatini boshlaganiga 20 yil bo‘ldi. Mazkur muddat ichida u atigi 32 (!!!) huquqiy masala yuzasidan qaror chiqargan (yiliga o‘rtacha 1,5 qaror qabul qilingan). Vaholanki, O‘zbekistonda sharh talab qiladigan yuzlab qonun moddalari, siyosiy-huquqiy jarayonlar mavjud. Masalan, “propiska” va “OVIR” haqidagi huquqiy me'yorlar Konstitutsiyaning har bir fuqaro bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekistonga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, deb belgilangan qoidasiga qanchalik mos? Yoki “ibodat libosi”ning nima ekani va uning Ma'muriy kodeks tomonidan taqiqlanishi Konstitutsiyada belgilangan vijdon erkinligi, fikr yuritish va uni ifoda etish erkinligi huquqiga zid emasmi? Nihoyat, Senat raisi o‘z vakolat va vazifalaridan bir qismini Bosh vazirga topshirishi Konstitutsiyaga mosmi?

Konstitutsiyaviy sud maqolada ko‘tarilgan mavzuni e'tiborsiz qoldirmasligiga, agar mazkur masalani ko‘rib chiqadigan bo‘lsa, yuqorida muhokama qilingan holatlarga e'tibor qaratishiga umid qilamiz.

Huquqiy tahlil “Tashabbus” huquqshunoslari guruhi tomonidan tayyorlandi

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 may 2017
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri qarori bilan 24 may kuni Azamat Haydarov “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi direktori lavozimiga vaqtinchalik yangi rahbar ...
25 avgust 2018
14 avgust kuni Xonqa tumanining Qoraqosh qishlog‘idagi Yangiariq tumaniga o‘tuvchi ko‘prikning bir qismi qulab tushgan. Yuk mashinasi haydovchisi shifoxonada. ...
22 mart 2016
Gazetada yozilishicha, sex boshlig‘i nashriyotning rangli printerida 30 ta yuz dollarlik kupyura tayyorlagan. Soxta valyutani o‘tkazish uchun o‘ziga ikkita ...
18 aprel 2018
Mirziyoev N viloyatining olis bir tumaniga vertolyotda uchib keldi. Yurtboshi tikuchar zinasidan tushib, atrofga alanglab qaradi. Atrof ivirsib yotibdi. ...
Bloglar
1 dekabr 2020
«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko ...
25 noyabr 2020
Kuzda ketib kuzda qaytdim Sovet Armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan ...
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...