Asosiy mavzular
2 oktyabr 2016

1 oktyabr – jurnalist Muhammad Bekjon tug‘ilgan kun

Bugun 62 yoshini qarshilayotgan Muhammad Bekjonni men o‘z qadrdon akamday bilardim, «Erk» gazetasi sahifalarini tayyorlash jarayonlarida u bilan dastlabki vaqtlardan birga hamkorlik qilganman.

Ayni «qora mehnat»ning barchasi Muhammad akaning zimmasida va men unga yordamchi edim.

Bu davrda partiya Markaziy Kengashi va tahririyat Pushkin ko‘chasidan eski Kuybishev tuman ijroqo‘mi binosiga ko‘chib o‘tgan va binoda «Erk»ning bayrog‘i osig‘liq turardi.

Gazeta katta formatga o‘tgan, u davlat kontserni bosmasxonasida 100 ming nusxada bosilar va shu munosabat bilan tahririyatga «bizdan ancha tajribaliroq» shaxs bosh bo‘lgan edi.

Uning qo‘lidan keladigan ish, «davlat tsenzurasi»ga til topa bilishida edi. Ungacha na men, na boshqalar har balo qilib ko‘rgan, biroq buni eplolmagan edik.

Tsenzura olib tashlagan joylarga «maxsus belgi» tashlanishi va Ezop tilidagi ifodalardan foydalanish gazetaning o‘sha davrga xos xususiyatiga aylangandi.

Yangi «boshlig‘imiz»ning birinchi talabi, adashmasam, unga va tsenzuraga so‘zsiz bo‘ysunish, gazetadagi «oq dog‘lar» va «tagdor» jumlalarni bas qilish edi.

Nihoyat bu gazetadagi asosiy «qora mehnat»ni qilayotgan men Maqsud va Muhammad Bekjonning «ish tashlashi» ga sabab bo‘ldi. Tushlikka chiqiboq uchovlon ishlamaslikka qaror berdik. Bu degani o‘sha kuni gazeta chiqmasligini anglatardi

«Aktsiyamiz jonliroq ko‘rinishda bo‘lsin», dedi Muhammad Bekjon, uning qo‘lida «Erk»ning bayrog‘i xilpirardi.

Uchovlon ko‘cha bo‘ylab yura boshladik. Oldinda bayroqni xilpiratib Muhammad Bekjon borar, izidan Muhammad akaning ukasi Maqsud Bekjon va men…

Bu – 92 yillarning oxirlari, talabalar shaxarchasidagi qonli voqealardan keyingi, muxolifatga qarshi quvg‘in va hukumat rejimi kuchaya boshlagan davr edi. Ofisga qaytishimiz bilanoq Muhammad Bekjon tag‘in ishga sho‘ng‘idi. Ozroq qaysarlik qilib o‘tirib, men ham klaviaturani olib tahrirga kirishdim.

Bu vaqtda hamma «boshliqlar» allaqachon ishini tamomlab uyiga ketgan, biroq qanday bo‘lmasin «Erk» gazetasining navbatdagi soni chiqishi kerak edi.

Ko‘p o‘tmay partiyaning faoliyati va gazetaning mamlakatdagi ochiq faoliyati to‘xtatildi. «Erk» gazetasiga qarshi jinoiy ish ochildi.

Muhammad Bekjon va bir guruh faollar mamlakat tashqarisidan turib nashr faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishga va gazeta sonlarini mamlakat ichida tarqatishga muvaffaq bo‘lishdi.

Biroq 1999 yili Muhammad Bekjon Ukrainada qo‘lga olindi va ozodlikdan mahrum etildi.

2012 yilning aprel oyida ozod qilinishi kerak Muhammad Bekjonning qamoq hukmi, o‘sha yili uydirma ayblar bilan tag‘in qo‘shimcha besh yilga uzaytirildi.

Xalqaro tashkilot vakillari va ko‘plab diplomatlarning uni ozod qilish talablari ham o‘zbek rejimiga ta'sir o‘tkazgani yo‘q.

Bizning do‘stimiz, O‘zbekistonda so‘z erkinligi va jurnalistika sohasiga yuksak hissa qo‘shgan hamkasbimiz Muhammad Bekjon hamon qamoqda qolmoqda.

Qudrat Bobojon
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 mart 2020
Ota o‘g‘liga telefonda: «Damasga pulim yetmadi, bolam. Yana o‘n million yubor». Rassom Kirpi
13 oktyabr 2016
Gulnora Karimova deya ishonilayotgan Afina@zabitaya1972 yuzeri bugun akkauntining buzilgani haqida xabar qoldirdi. «Mening qadrdonlarim, mening profilimni buzishdi! Butun kun ...
8 avgust 2022
O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda tanilgan 44 yashar pop qo‘shiqchi va siyosiy faol Jahongir Otajonovning Turkiyadagi shaxsiy mashinasi o‘g‘irlab ketildi. ...
30 mart 2017
«Oila va jamiyat» gazetasini (29.03) varaqlar ekansiz, undagi maqolalarda bugungi o‘zbek jamiyatining ancha og‘riqli muammolari tilga olinganiga guvoh bo‘lasiz. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...