Asosiy mavzular
25 oktyabr 2016

Xalq shoiri hayot qozonini qaynatayotgan go‘lax kimligini biladi

Islom Karimov hukmronligining gullab-yashnagan davrida xalq shoiri darajasiga erishgan «omadli» shoirlardan biri Iqbol Mirzo shamol qayoqqa esayotganini ko‘pchilik ijodkorlardan yaxshi bilishini ko‘p bora namoyish etgan.

Hatto uning prezident vafotidan keyinoq xalq e'tiboriga havola etilgan bir she'ri «yangi prezident kim bo‘lishiga bashorat o‘laroq» talqin qilingan edi.

Shoirning «Xalq so‘zi» gazetasida (22.10) chop etilgan «Jayhun sabolari» lavhasi bir qarashda bo‘lajak davlat boshlig‘i sha'niga madhiyabozlikka o‘xshamasligi mumkin. Ammo uni diqqat bilan o‘qib chiqsangiz, Iqbol Mirzoning maqsadini anglagandek bo‘lasiz.

Maqola bir qarashda Xorazm viloyatida xalq bilan uchrashuvlardan olingan taassurotlar asosida yozilgandek tuyuladi. Chunki unda ijodkorlarning xalq orasiga kirib borishi haqida gap boradi.

«Aslida haqiqiy qalamkash hayot qozonining qaynab turgan joyida, jo‘shqin hayot ichida, xalq orasida bo‘lishi kerak… Bizga, shoir-yozuvchilarga, san'atkorlarga xalq bilan uchrashish, hamsuhbat bo‘lish, o‘zini anglash imkoniyati yaratib berilmoqda», deydi shoir.

Ijodkorga kimdir xalqqa aralashish imkoniyatini yaratib berayotgan ekan, u o‘sha «kimdir»dan nimadir qarzdor bo‘lib qolmaydimi? Qolaversa, nega «haqiqiy qalamkash»larga kimdir xalq bilan dildosh, sirdosh bo‘lishga imkoniyat yaratib berishi kerak?

Xalq shoiri darajasiga erishgan mendek shoirning xalqqa yaqin bo‘lishiga nega kimlardir imkoniyat yaratib berishi kerak, degan masala negadir muallifning xayoliga kelmagan.

Buning o‘rniga u O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan bog‘otlik «oddiy dalachi» Sharipboy og‘aning tilidan maqoladan ko‘zlangan asosiy maqsadni bayon qiladi.

«Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Qo‘shko‘pirda faollar bilan o‘tgan uchrashuvda juda dolzarb, xalq farovonligini amaliy ta'minlaydigan rejalar bilan o‘rtoqlashdi», deydi «dalachi».

Keyin esa: «U kishining tashabbusi bilan «ishonch telefonlari» ishlab turgani hamda ko‘tarilayotgan muammolar zudlik bilan hal etilayotgani xalqimiz ko‘nglini ishonch va ehtirom bilan to‘ldiryapti», deya qistirib o‘tadi Iqbol Mirzo suhbatdoshi tilidan.

Maqolada shundan boshqa pichoqqa ilinadigan hech narsa yo‘q. Qolgan hamma gaplar boshqalar ham aytishi, yozishi mumkin bo‘lgan dil izhorlari. Faqat shoirona o‘xshatishu tashbehlarni aytmaganda…

Xalqqa yaqinlashishga imkoniyat yaratib berilishini kutib o‘tirgan bu shoiru yozuvchilar so‘nggi vaqtlarda «anchagina faollashib qolgani»ni muallifning o‘zi ham tan oladi. Ular ichida eng faollashgani esa muallifning o‘zidek tuyulyapti.

Nodemokratik mamlakatlarda davlat tepasiga kelgan yangi rahbar aksariyat hollarda o‘zining maddohlari aloqador tashkilotlar boshliqlarini yangilashi odati mavjud. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida ham saylovdan so‘ng shunday o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Iqbol Mirzoning so‘nggi vaqtlarda o‘zi aytgandek «faollashib qolgani» ortida yozuvchilar serkasi qo‘ng‘irog‘iga erishish orzusi yotgan bo‘lsa ne ajab…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2021
2021 yilning 19 mart kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Yangihayot massivida namunali uylarning tomini shamol uchirib ketgan. Uylar qurilishi ...
1 sentyabr 2016
Bugun o‘zbek hukumati Karimov nomidan tabriklar yozmoqda va boshqa davlat raxbarlarinng prezident nomiga tabrik maktublarini qabul qilmoqda. Ayni paytda ...
5 sentyabr 2016
O‘zbekiston ichidagi jurnalistika yana bir bor navbatdagi sinovdan o‘ta olmadi. TVsi ham, gazetayu jurnallari ham o‘ta olmadi. O‘zbekistonda prezident ...
15 mart 2021
Rassom Kirpi
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...