Dayjest
30 dekabr 2016

O‘zbekistonning rasmiy xabarlar sayti chiroq yo‘qligi uchun ishlamay qoldi

Kun.uz sayti 27 dekabr kuni elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli bir necha bor ishlamay qolganini ma'lum qildi.

Sayt bunga ba'zi bir mansabdor shaxslarning loqaydligi sabab bo‘lganini bildirgan.

«Tahririyatimiz bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Natijada sansalorlikka duch kelindi, ya'ni bir amaldor shaxsga qo‘ng‘iroq qilsak, u boshqa birini bizga ro‘kach qilishdan bo‘shamadi. Yakunda tashkilotning mas'ul shaxslaridan biri bizga bir soat ichida hammasi izga tushishi borasida va'da berdi», deb yoziladi bu haqdagi maqolada.

«Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ba'zi bir mavzelarda elektr ta'minoti bir necha soat davomida bo‘lmagan. Bu holat oddiy fuqarolarga naqadar qiyinchilik tug‘dirishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Eng qiziq tomoni shundaki, bu holatlarga o‘zimiz ham ko‘nikib qoldik», deya qo‘shimcha qiladi sayt.

Yozilishicha, mutasaddi tashkilot vakili Toshkent shahrining har bir tumanida qishki kunlarda bir haftada ikki bora ikki soatga elektr ta'minotini o‘chirib qo‘yishga ham buyruq berilganini aytgan.

Sayt maqolada ko‘tarilgan muammoga mamlakat prezidentining Konstitutsiya kunidagi ma'ruzasida aytilgan gaplarini qalqon qilib, u aholi murojaatlari bilan ishlashda sifati jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish zarurligini ta'kidlaganini eslatib, bu borada amaldorlar «o‘z zimmasiga katta mas'uliyat yuklatilganini unutmasligi lozimligi»ni uqtiradi.

«Kun.uz tahririyati elektr ta'minotidagi uzilishlar faqatgina o‘zining faoliyatiga salbiy ta'sir etgani uchungina bu mavzuni ko‘tarmadi. Bizning maqsad – mansabdor shaxslarning mas'uliyatini yanada oshirishga chaqirishdan iboratdir», deydi sayt.

Ta'kidlash kerakki, so‘nggi vaqtlarda mahalliy nashrlarning ayrimlarida O‘zbekistonda mavjud elektr taqchilligi to‘g‘risidagi kichik-kichik lavhalar ko‘payib qoldi.
Lekin bu lavhalarda mavjud muammoning ildizlarini ochiq tahlil qilish, davlatning unga yechim topishga ojizlik qilayotgani, chiroq yo‘qligi xalq hayoti va iqtisodiyot rivojiga qanchalik salbiy ta'sir etayotgani masalasi ko‘tarilayotgani yo‘q.

Kun.uz dagi maqoladan xulosa shuki, bu muammo poytaxtni ham qamrab olyapti, demakki tobora chuqurlashib boryapti. Shunday ekan, viloyatlardagi elektr taqchilligi muammosi hali beri hal etilmasligini ochiqchasiga tan olish vaqti yetmadimikin?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2018
Turkmaniston prezidentining kuyovi, 28 yoshli Ibabekir Bekdurdiev (Guga) 1 million dollardan ortiq narxdagi qo‘l soatlari taqadi. Ularni taqib, o‘zining ...
9 sentyabr 2015
Sizni chopiq yoki paxta terimiga majburlayotgan davlat muassasasi ma'muriyatiga murojaat qilib, yuqorida keltirilgan qonunlarga tayangan holda paxta terimida ishtirok ...
29 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 14-qismi yosh shoirlarga tavsiyalariga bag‘ishlanadi.
11 noyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...