Bitiruvchilardan ishga kirish shartnomasi talab qilinmoqda
Shu kunlarda, ko‘plab ota onalar kollejni tamomlayotgan farzandlariga to‘rt tomonlama shartnomani imzolatish uchun ish beruvchilar eshigida sarson bo‘lishmoqda.
Hali o‘qish tugashiga besh oy vaqt bo‘lsa-da, ota-onalarga shartnomalarni ertaroq tayyorlab qo‘yish vazifasi yuklangan.
«Agar kollejga biror tashkilotdan bitiruvchini ishga olaman, degan mazmunda to‘ldirilgan shartnomani olib bormasak, farzandimizga diplom berilmas ekan» – deya tushuntirdi bu vaziyatni Eltuzga ota-onalardan biri.
Suhbatdoshga ko‘ra, ilgari ham bitiruvchilar bilan bunday rasmiytchilik shartnomasi tuzib kelingan, faqat u uchyoqlama imzolangan, «bu yil esa hokimlik ham qo‘shilib to‘rt tomonlama imzolanadigan bo‘lgan.
Shu bois endilikda ish beruvchilardan bunday shartnomani olish ham qiyinlashgan.
«Qaysi tashkilotga bormang “Menda ish o‘rni yo‘q, bu ishga boshim bilan javob beraman” deya ko‘zbo‘yamachilik uchun ham shartnoma imzolashni xohlashmaydi», deydi bu yil qizi kollejni tugatayotgan ota.
Agar qalovini topsangiz…
Eltuz suhbatlashgan ota-onalardan biriga ko‘ra pulni kattaroq qistirish yo‘li bilan muammoni hal qilish mumkin.
«Masalan, maktab direktoriga 100 dollar va undan ko‘proq “pora” sifatida uzatsangiz, ishingiz oson bitadi», deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ham maktab direktori “qizingiz yoki o‘g‘lingiz bitirsa, menga ish so‘rab kelmaysiz-a” deya ming marta rozi rizolik so‘rab olishadi.
Shu tariqa qog‘ozda barcha bitiruvchilar «ishli bo‘lgan» hisoblanadi, ammo ishsizlar soni ortib boraveradi shartnoma keltirmagan talabalarga diplom berilmaydi.
Shaxsan Mirziyoevning topshirig‘iga ko‘ra
To‘rt tomonlama shartnoma g‘alvasi Mirziyoevning yangi ish o‘rinlari tashkil qilish haqidagi topshirig‘i bilan bog‘liqligi iddao qilinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 14 yanvar kuni o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida Shavkat Mirziyoev, O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari tashkil qilish topshirig‘ini bajargan hokimlarni pul bilan rag‘batlantirish, bajarmaganlar oyligidan esa 15 % ushlab qolish kerakligini bildirgan edi.
Shu ma'noda Farg‘ona viloyati mutasaddilari ishsizlik muammosini qog‘ozda tezroq hal qilishni istashayotgan ko‘rinadi.
To‘rt tomonlama imzolanadigan bu shartnoma, ayni paytda bitiruvchini ish bilan ta'minlashdan ko‘ra uning kollej direktori oldida, direktorning esa hokim oldida, hokimning esa Mirziyoev oldida hisobot topshirishi uchun kerak.
Biroq, rasmiyatchilikdan iborat bu tadbir yoshlar orasidagi ishsizlik muammosini hal qilishi dargumon.
Nasima Davron qizi
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com