Asosiy mavzular
30 yanvar 2017

«Andijon metrosi» to‘xtatilmoqda

Andijon viloyat hokimligi qaroriga ko‘ra, 1 fevraldan boshlab shaharda “Damas” rusumidagi avtomashinalar yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmaydi.

Viloyat hokimi Mahalliy TV orqali chiqishida ularning o‘rniga avtobuslar qatnovi ko‘paytirilishini bildirgan.

Andijon shahrida «Damas» yengil avtomobillari jami 90 ta yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi.

Bundan tashqari tuman, mahalla, ko‘chalar ichiga qatnovchi «Damas» taksilari ham bor.

“Ko‘pchilik yo o‘zining mashinasida, yo mashinani ijaraga olib kirakashlik bilan tirikchilik o‘tkazardi. Endi esa shuncha haydovchi ishsiz qoladigan bo‘layapti” – deydi 222- yo‘nalishdagi kirakashlardan biri.

«Andijon metrosi»ning to‘xtatilishidan ko‘pchilik norozi

Tezkorligi sabab yo‘nalishdagi yo‘nalishlardagi «Damas»larga «Andijon metrosi» deb nom qo‘yishgan.

Endilikda bu transport harakatining to‘xtatilishi nafaqat xaydovchilar, balki yo‘lovchilarning ham noroziligini keltirib chiqarmoqda.

“Menga avtobusdan “Damas” kulay, – deydi Eltuzning boshqa bir suhbatdoshi, “Negaki, yo‘l bo‘yida uzoq kutib qolmaymiz. Ayniqsa qishning sovuq kunlarida. Innaykeyin, “Damas”da hamma o‘tirib ketadi, avtobusdagiga o‘xshab tik turib qolmaysiz. Manzilga tez yetkazadi”.

394-yo‘nalishdagi haydovchi Olim Obidov uzoq yillardan beri kirakashlik bilan shug‘ullanadi. U tushum yaxshi bo‘lavermagach, o‘zining «Dogan» rusumli avtomashinasini sotib «Damas» sotib olgandi. Yo‘nalishga chiqqaniga endigina bir oy bo‘lgan Olim bu qarordan qattiq norozi:

“Kiradan uncha ko‘p pul qolmasdi o‘zi. Lekin hech bo‘lmasa bir kunda bir kilo go‘shtning pulini topardik. Shuniyam ko‘p ko‘rishibdimi endi. Bo‘lmasa bizni ish bilan ta'minlashsin. Mening 4 ta bolam bor. Kim boqadi endi ularni?” deydi u.

“Damas”larning olinishiga avariyalar sabab

Andijon rasmiylari, “Damas”larning to‘xtatilishi haqidagi qarorni YTH xolatlarining keskin oshishi bilan izohlamoqda.

“Ko‘pchilik yosh yigitlar nari-beri pravaga o‘qib ijaraga “Damas” olib kirakashlik qilayapti. Ularning bu borada tajribasi ham yo‘q”, deydi IIB Shahar IIB Yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasidagi Eltuz manbasi.

DAN xodimiga ko‘ra, tirikchilik vajidan kira qiladiganlar haddan tashqari ko‘payib ketgan.

“Damas”chilar yo‘l qoidalariga uncha amal qilmaydilar. Yo‘lovchi qo‘l ko‘tarsa, orqa-oldiga qaramay to‘xtab olaveradilar, shu sabab keyingi paytlarda avariyalar ko‘payib ketdi”, – deydi u. .

«Damaschi»lar insofsiz…

Iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakili bo‘lgan Eltuz suhbatdoshi, «Damas» haydovchilari ustidan keyingi paytlarda kengashga juda ko‘p shikoyatlar kelib tushganini bildirdi.

«Damaschi»lar insofsiz bo‘lib ketishgan, yo‘lkira narxini xohlagancha ko‘tarib olaveradilar, shu sabab bu transportlar harakatini cheklash zarurati anchadan buyon ko‘tarilib kelayotgandi», deydi u.

Hozir shahar ichida qatnovchi «Damas»lar yo‘lkirasi 500 dan ming so‘mgacha. Biroq vakilga ko‘ra, bu narx ob-xavo yomonlashgan va kechki tig‘iz paytlar tag‘in ko‘tarilishi mumkin.

«Avtobusda kira haqi o‘zgarmaydi. «Damas» lar yig‘ishtirilsa, xalqqa foydasi ko‘p, avtobusda tinchgina, bemalol yurishadi. Havfsiz, buning ustiga davlat g‘aznasiga ham naqd pul tushumi bo‘ladi», deydi kengash vakili.

Transport tizimida erkin raqobat bo‘lishi kerak

«Damas» haydovchilarining ham qarorga o‘z jiddiy e'tirozlari bor.

Ular qonuniy ishlashayotgani, uyushmaga a'zo ekanliklari, har kuni kunlik tushum topshirayotganliklarini iddao qilishadi.

«Bir kunda 10 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha kunlik to‘lov topshiramiz. Mana, Rossiyadan deport bo‘lib kelganlar ham kunini ko‘ra boshladi shuning orqasidan», deydi «Damas» kirakashlarining biri.

Shuningdek u, uyushmalar haydovchilarni o‘ziga jalb qilish uchun turli imtiyozlarni ham taklif qilishayotganini aytadi. Unga mehnat daftarchasi ochilgani, o‘rinlar jadvaliga ko‘ra ishlab, ham o‘ziga, ham davlatga foyda keltirayotganini bildiradi.

Uning yana bir sherigiga ko‘ra, bu qarordan kimningdir g‘arazli manfaati bor.

«Balki buyam kimningdir biznesidir? Faqat «Damas»larni yo‘qotib, haydovchilarni ishsiz qo‘yishdan kim manfaatdorligini hozircha bilmaymiz», deydi u.

Ayni damda shahardagi mavjud uyushmalarda ikki mingdan ziyod «Damas» avtomashinalari faoliyat ko‘rsatadi. Yana 2 mingga yaqin «Damas»larning yakka tartibda faoliyat ko‘rsatishini hisobga olsa, hokimiyatning ushbu qarori kamida 4 mingga yaqin haydovchining kunlik daromadidan maxrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Shaharda avtobuslar ko‘payadimi?

2015 yilda Andijonga 200 ta “Isuzi” rusumli avtobuslar keltirilgan. Ular turli yo‘nalishlar bo‘ylab sochib tashlangandi.

Biroq keyin ularning harakatlanishi harajatlarni qoplamagach, avtobuslar keskin qisqartirilib yana «Damas»larga ruxsat berilgandi.

Ismi sharifini oshkor qilishni istamagan hokimiyat vakiliga ko‘ra, Andijonga yana yangi avtobuslar keltirilyapti. Bu «Damas»larning keskin qisqartirilishini taqozo etadi. Uyushmalar taqdiri nima bo‘lishi esa noma'lum.

Odamlar esa garchi «Damaschi»larning yo‘lkira borasidagi insofsizliklaridan norozi bo‘lsalarda, avtobusda yurishga toqatlari yo‘q, shu sabab ko‘pchilik bu qarorni qo‘llab-quvvatlashmayapti.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2019
2019 yilning 19 aprelida O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi (O‘MHHTG) vakillari Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 42-(sobiq №14) ...
2 sentyabr 2021
Prezident Mirziyoev 2 sentyabr kuni Islom Karimovni xotirlab, uning haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Shu kuni mamlakat Oliy Majlisi Senati, ...
23 oktyabr 2015
U paytlardagi katta krizis qarshisida hukumat ojiz edi. Migrantlarning kelib ishlashlari tugul, hatto mahalliy xalq ham ishsiz, pulsiz yurardi. ...
20 yanvar 2020
Bosh vazir Abdulla Aripov 18 yanvar kuni 2020 yilda Humo Air davlat aviakompaniyasi tashkil etilishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...