Dayjest
27 mart 2017

O‘zbekona ta'lim tizimini isloh qilish

O‘zbekistonda shu paytgacha ko‘klarga ko‘tarilib maqtalib kelingan ta'lim tizimining asl ahvoli to‘g‘risida achchiq haqiqatlar oshkor bo‘layotgani, ommaviiy axborot vositalarida sohadagi muammolar tilga olina boshlagani haqida avval ham eslatib o‘tgandik.

Lekin matbuot bu mavzuni yoritishda baribir sixni ham, kabobni ham kuydirmaslikka harakat qilayotgani ko‘zga tashlanadi.

«Jamiyat» gazetasida (17.03) chop etilgan «Nega litseylar kollejga aylanmoqda?» sarlavhali maqolada bu fikrimizning isboti manaman deb ko‘zga tashlanib turibdi.

«Mustaqillik yillarida birinchi prezidentimiz tomonidan tubdan isloh etilgan ta'lim jarayoni bugun yanada optimallashtirilmoqda», deb boshlanadi maqola.

Marhum yurtboshi ta'limni tubdan isloh qilgan bo‘lsa, unda sohaning hozirgi ayanchli ahvoliga sabab nima? Nega ta'lim sifati nihoyatda past darajaga tushib ketgan? Tubdan isloh qilingan sohani yanada takomillashtirishga ehtiyoj bormi?

Tarmoqda kunduzi bolalar jazolanadigan, tunda esa fohishaxonaga aylanadigan bog‘chalar aks etgan tasvirlar paydo bo‘lgandi

Tabiiyki, shunday savollar qo‘yilsa, ta'limni tubdan isloh qilish o‘rniga aslida tubdan chiritgan shaxsning sha'niga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa gap-so‘zlar ham chiqib ketishi mumkin.

Qolaversa, mamlakatning hali u ko‘chasiga, hali bu maydoniga mazkur shaxsning nomini berishga kirishib ketilgan paytda bunaqa narsalarni oshkor aytish mavridi emas, deb hisoblanishi O‘zbekiston sharoitida mantiqli ham ko‘rinadi.

Maqola prezidentning o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan qaroriga munosabat shaklida yozilgan.

Unda hatto chekka tumanlarda ham akademik litseylar borligi, ammo ularda fan o‘qituvchilarini tanlab olish imkoniyati cheklangani, shuning uchun ta'lim sifati pastligi aytib o‘tiladi. Keyin esa prezidentning yangi qarori ahvolni o‘nglashga xizmat qilishi bildiriladi.

«Mazkur qaror yosh avlodni chuqur bilimli, intellektual salohiyati yuqori qilib voyaga yetkazish yo‘lida yana bir muhim qadamdir», deya xulosa qilinadi maqolada.

Ko‘rinib turibdiki, muallifning maqsadi sohadagi muammolarni ko‘tarish, ularning yechimini taklif etish emas, yangi qaror bahona «paxta qo‘yish» an'analarini davom ettirishdir.

Bundan sal ilgari Farg‘onadagi o‘rta maktabning birinchi sinf o‘quvchilariga dars paytida qo‘l ko‘tarib haqoratlagan o‘qituvchi ayol, Surxondaryoda esa kunduzi bolalar jismoniy jazolanadigan, tunda esa fohishaxonaga aylanadigan to‘rtta bog‘chadagi vaziyat aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqni larzaga solgan edi.

Keyinchalik, tahqirlangan bolalar ruhiy zarba bois duduq va siyg‘oq bo‘lib qolishgani aytilgan edi.

Shu tariqa raxbarlarga gap kaytara olmaydigan, o‘z haqqini talab qila olmaydigan avlod yetishib chiqayotgan O‘zbekistonda eski maktablar nomini litsey va kollej deya nomlashdan nariga o‘tishmayapti.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2017
Avgust oyi O‘zbekiston telekanallari uchun har doim qaynoq bir davr bo‘lib kelgan. Qaynoqligi shundaki, mustaqillik bayrami arafasida hamdu sano ...
16 aprel 2021
Mo‘risidan tutun chiqar,  Qatlamasi butun chiqar. Yetti kelin yugurib chiqar, Ramazon, omin! Mana, azizlar, o‘lmagan qul, yana oylar sultoni ...
10 sentyabr 2018
Keskin qarashlari bilan ijtimoiy tarmoqda tanilgan jizzaxlik tadqiqotchi Rafael Sattorov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi tuzumni «arxaik neofeodal jamiyat», ...
31 dekabr 2019
«Tezroq bu qashshoq mahalladan o‘tib, boylarnikiga yetib olaylik!» Qorbobo va Qorqiz istagan prokurorning koshonasi yetti mahalla narida. Masala u ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...