Xitoy arisi chaqqan ikki andijonlik vrach nazoratiga olindi
Andijonlik shifokorlarning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi paytlarda ari chaqishidan shikoyat qilib murojaat qiluvchi bemorlar tez-tez uchramoqda.
Bu bemorlarning aksariyati Xitoy arisi chaqqanligini aytishgan.
Eltuz muxbiri suhbatlashgan entomolog mutaxassisning ta'kidlashicha, Aril, ya'ni Xitoy arisi keyingi yillarda Andijonda sezilarli darajada ko‘paygan.
«Yaqinda shifoxonamizga Xitoy arisi chaqdi deb birdaniga 2 kishi murojaat qildi. Ulardan biri og‘riqsizlantiruvchi ukol qilganimizdan keyin ham yana qaytib keldi. Uyida nafasi qisib qolgan emish.Umuman ari chaqishi astma, allergik kasalliklari bor bemorlarga jiddiy ko‘ngilsizliklar olib kelishi mumkin», deydi ADTI klinikasi shifokorlaridan biri .
Bizning arilarni nishi o‘tmas edi
Xitoy arisi chaqqan bemorlar, buning hashaki arilarnikidan ancha og‘riqli kechishini aytishadi.
«Ari chaqsa uyda o‘zim darrov pomidorni kesib turib chaqqan joyga qo‘yvolardim, o‘tib ketardi. Bu ari o‘zimizning oddiy arilarga o‘xshamaydi, oyoqlari uzun-uzun va och sariq. Chaqqandayam shunaqangi og‘riq berarkanki, butun a'zoyi badanim,suyaklarimgacha zirqirab ketdi», deydi ari chaqqanlarning biri.
Entsiklopediyada yozilishicha, arilar, arisimonlar – chaquvchi pardaqanotlilarning katta oilasi hisoblanadi. Arilarning panjalari tuklari bilan birga chang yig‘uvchi apparatni hosil qiladi, uzun xartumi esa guldan nektar yig‘ishga moslashgan. Arilarga 7 oila, 30 mingdan ko‘proq tur kiradi. Yurtimizda ularning asalari, oddiy chigitak ari, qovoqari, qizil ari, qora ari kabi turlari uchraydi.
Keyingi paytlarda esa Aril, ya'ni Xitoy arisi xam ko‘paymoqda.
«Shirpotreb»ga qo‘shilib ari ham kelmoqda
Ma'lumotlarga ko‘ra bu xashorat O‘zbekistonga Xitoydan yuk tashuvchi konteynerlar orqali kirib kelgan.
«Asalaridan farqli ravishda bu arilar asal to‘plamaydi, gul changi yig‘maydi, propolis ishlab chiqarmaydi va xatto o‘simliklarni changlatmaydi. Xitoy arisi ham qovoqari kabi yirtqich, agar haddan tashqari ko‘payib ketsa, asalarilarga ham hujum qilishi mumkin. Lekin hozircha bunaqa xolatni kuzatmadim», deydi andijonlik Baxtiyor ismli asalarichi.
Uning kuzatishicha, arilning viloyatda ko‘payayotgani aniq. U bu arining shiyponlarda, majnuntol ekilgan joylarda uyasi ko‘p bo‘lishini aytadi.
O‘ldirib qutulasiz
Mutaxassisning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonga keyingi yillarda Xitoy arisi va odamlar Amerika arisi deb atayotgan qora arilar kirib kelgan va ko‘paymoqda. Uning ta'kidlashicha, qulay tabiiy sharoit va issiq iqlim Xitoy arisining ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Hozircha bu hashoratga qarshi kurashishning yagona yo‘li – uni o‘ldirish.
«Uyasini topib yo‘q qilish kerak, agar shu tarzda ko‘payib boraversa, biologik usul bilan kurashish yo‘llarini izlab topish lozim.Buning uchun olimlar uning kushandasini yaratishlari kerak bo‘ladi», – deydi mutaxassis.
Xitoy arisi O‘zbekistonni ishg‘ol qilmoqda
Odamlarning aytishlaricha, ilgari arilar bu darajada ko‘p emasdi. Ko‘pchilik fuqarolar bunda ramziy ma'no borligiga hazil aralash shama qiladilar.
«Xitoy davlati mollari butun dunyoni egallayotganidek, Xitoy arilari ham endi boshqa davlatlarni zabt etishga ahd qilgan ko‘rinadi», -deydi andijonliklardan biri.
Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com