Asosiy mavzular
30 iyun 2017

Bank kredit resurslarining cho‘g‘i pasayib qoldi

O‘zbekiston banklari joriy yilda ajratishni mo‘ljallagan kredit resurslarining tubi ko‘rinib qoldi.

Shuning uchun mazkur moliya muassasalari prezidentning tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlarini bajarishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Bu haqda ma'lum qilgan bank xizmatchisining aytishicha, banklar 2017 yil uchun mo‘ljallangan kredit resurslarning asosiy qismini tarqatib bo‘ldi.

«Prezident aholini tadbirkor qilish, biznesga keng ko‘lamli ko‘mak ko‘rsatish haqida juda ko‘p topshiriqlar bermoqda. Banklar bugun 100 ta odamga kredit bergani haqida hisobot topshirsa, prezident nega 110 ta emas, deb bu ishlardan qoniqmayapti», deydi bank xizmatchisi.

Esingizda bo‘lsa, yil boshida bank xodimlari uyma-uy yurib, aholining tadbirkorlikka ehtiyojini o‘rganish, biznes qilishga rag‘bat bildirganlarga yetarli miqdorda mikrokreditlar ajratish haqida topshiriqlar olgan edi.

Bu ishlar ko‘lami kengayib ketgandan so‘ng ayrim banklar kredit ajratishga qobiliyatini yo‘qotgani to‘g‘risida ma'lumotlar paydo bo‘lgandi.

Hukumatning keyingi qadamlari mazkur ma'lumotlarda jon borligini ko‘rsatadi.

«Albatta, banklar bunday katta hajmda kredit berishga hali moliyaviy jihatdan tayyor emas edi. Shuning uchun bu borada qiyinchiliklar bo‘lyapti», dedi bank xizmatchisi.

Bundan bir necha hafta muqaddam O‘zbekiston hukumatining banklar ustav kapitalini oshirish maqsadida ularga 500 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi.

«Aslida bu qaror ortida banklarning ancha susayib qolgan kredit ajratish qobiliyatini birmuncha tiklash, ularning prezident topshiriqlarini bajarish yo‘lida duch kelayotgan qiyinchiliklarini imkon qadar yengillatish maqsadi yotibdi», dedi bankir.

Yaqinda O‘zbekiston Markaziy banki qayta moliyalash stavkasini ko‘p yillardan buyon saqlanib kelayotgan 9 foizdan 14 foizga ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Garchi ushbu qaror o‘ta tezlashib ketgan inflyatsiyani jilovlashga qaratilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, aslida u banklarga ham biroz nafas rostlash imkonini beradi.

Tahlilchilar fikricha, qayta moliyalash stavkasi o‘sishi ortidan banklar ajratadigan kreditlarning foizlari ham ko‘payadi. Buning natijasida tadbirkorlarning kredit olish imkoniyati cheklanadi.

«Chunki tadbirkorlar yuqori foizli kredit olishda yetti o‘lchab ber kesishga majbur bo‘ladi. Zero, O‘zbekistonda kredit foizlari shunday ham ancha yuqori. Bu foizlarning yanada oshirilishi esa kredit olishga bo‘lgan talabning keskin kamayishiga sabab bo‘ladi», deydi tahlilchilar.

Ular GM kompaniyasining o‘z avtomobillarini so‘mga sotishga o‘tishi ortidan mashinalar narxining keskin ko‘tarilishi sabablaridan biri aholi qo‘lida to‘planib turgan mablag‘larni bank aylanmasiga qaytarish ekanini ta'kidlamoqda.

Chunki, tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avtomobilga ega bo‘lish fuqaroning jamiyatdagi nufuzi belgisi sifatida qabul qilinadi.

Shunday ekan, O‘zbekistondagi kabi yopiq avtomobil bozorida aholi qimmat bo‘lsa ham mahalliy mashinalarni sotib olishga majbur.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 oktyabr 2016
«Hurriyat» gazetasidagi (22.10) «Jurnalist so‘zi – jamoatchilik e'tiborida» sarlavhali maqola mamlakat ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan tahliliy va tanqidiy ...
19 noyabr 2015
Ijtimoiy tarmoqlar 17 noyabrga o‘tar kechasi Karimov «yurak o‘ynog‘idan o‘ldi» deb habar tarqatgani ortidan O‘zbekiston prezidenti Pokiston Islom Respublikasi ...
6 noyabr 2016
O‘zbekiston telekanallari «shukuh» so‘zini yaxshi ko‘radi. «Istiqlol shukuhi», «farovonlik shukuhi», «mustaqillik shukuhi», «baxtiyorlik shukuhi»… Xullas, hamma shukuh bor. Faqat ...
28 mart 2016
Bugun Eltuz.com «Kun karikaturasi» ruknida rassom Elsevarning yangi karikaturasini taqdim etadi. Bunda rassom bugungi O‘zbekistondagi tanish holat – ishsizlik ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...