Nurilla Otaxonovga diniy ayblov bilan jinoyat ishi ochildi
27 sentyabr kuni transport prokuraturasi talabi bilan Yashnaobod tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan yozuvchi Nurilla Otaxonov (Nurilloh Nurulloh Muhammad Raufxon)ga diniy motivlarga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Nurilla Otaxonov yaqinlarining «Eltuz»ga bildirishiga ko‘ra, Nurilla Otaxonov Aeroport trapidan tushgach uni qo‘liga kishan solingan holda ko‘rishgan.
«Eltuz» nashrining o‘rganishicha, Toshkentdagi yaqinlari uni izlab Yashnaobod tuman IIBga borishgan.
Nurilla Otaxonovning yaqinlariga, militsiya xodimlari «Bu yerda kutib o‘tirishlaring foydasiz. Bir ikki kun shu yerda bo‘ladi», deb aytishgan.
Shuningdek, Nurilla Otaxonovga jinoiy ish ochilgani, bu uning uyidan topilgan diniy adabiyotlarga oidligi bildirilgan.
Nurilla Otaxonov 2016 yili mamlakatni tark etgach, uyini tintuv qilishganida bir qancha diniy kitoblar musodara qilingan edi.
Nurilla Otaxonov Turkiyadan uchish arafasida «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida prezident Mirziyoevning va'dalaridan ruhlanib qaytishga chog‘langanini gapirgan edi.
«Eltuz» nashri vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
Eltuz.com