Asosiy mavzular
2 noyabr 2017

O‘zbekistonlik Sayfullo Soipov. Nyu-Yorkdagi terakt hujumchisi haqida nimalar ma'lum?

31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda pikapdagi erkak velosiped yo‘lakchasida sakkiz nafar odamni bosib o‘ldirdi. 12 odam jarohatlandi. Jinoyat terakt deya e'tirof etildi; mashinadan «Islomiy davlat» eslangan xat topildi. Haydovchi ushlangan, hozir u shifoxonada. Matbuotda ochiqlanishicha, o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipov AQShda 2010 yildan buyon yashagan. Manxettendagi teraktni amalga oshirishda gumon qilinayotgan shaxsning ismi-sharifi birinchi kuniyoq ma'lum bo‘lgan. Sayfullo Soipovga qarshi rasmiy ayblov 1 noyabr kuni ilgari surilgan.

Uning ismi Sayfullo Habibullaevich Soipov, 29 yosh.

1 noyabr kuni kechqurun O‘zbekiston hukumati teraktda ayblanayotgan shaxsning Sayfulla Soipov ekanini tasdiqladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga tegishli «Jahon» axborot agentligining bildirishicha, Soipov 1988 yilning 8 fevralida Toshkentda tug‘ilgan. 2005–2009 yillarda Toshkent moliya institutida o‘qigan va keyinchalik hisobchi (buxgalter) bo‘lib ishlagan. 2010 yilda u AQShga ketgan va vataniga boshqa qaytmagan (Republic nashrining yozishicha, Soipov bunga qadar, ijtimoiy tarmoqqa ko‘ra, Qirg‘izistonning O‘shida va Vologdada yashagan bo‘lishi mumkin). AQShga Soipov grin-kart lotereyasini yutish orqali kelgan va shu zahoti AQShdan doimiy iqomat huquqini olgan (allaqachon bunday dasturni bekor qilishni taklif qilgan prezident Donald Tramp teraktdan so‘ng yana bir bor buni tanqid ostiga oldi).

Dastlabki payt Soipov Ogayo shtatidagi tanishlarinikida yashadi. Shu oila a'zosi bo‘lgan 22 yoshli Behzod Abdusamatov Soipovning ingliz tilini yomon bilishi, shuning uchun til o‘rganish va ish qidirishni boshlagani haqida bildirdi. 24 yoshli Dilnoza Abdusamatovaga ko‘ra, Soipov asosan ishlagan va «har xil ko‘ngilochar kechalarga yoki boshqa joylarga bormagan».

2013 yili u Nozima Odilovaga uylangan, u ham Toshkentdan kelgan. Turmush o‘rtog‘i bilan Ogayodagi Kayaxoga-Fols shahrida yashagan. Abdusamatovaga ko‘ra, uylanganidan so‘ng uning oilasi bilan aloqasini to‘xtatgan. Ogayoda Soipov avtomobilda tashish bo‘yicha ikkita shirkatni qayd qildirgan — Sayf Motors va Bright Auto.

Keyinchalik Soipov oilasi bilan Floridaga ko‘chgan — u yerda Fort-Mayers va Tamp shaharlarda yashagan. Soipov bilan uchrashgan Qobiljon Matkarov (ehtimol, Matkarimov. Eltuz), jurnalistlarga, uni «juda xushchaqchaq yigit» deya ta'riflagan, u «hamisha kulib yurar» va «AQShni sevardi». «U hech qachon terrorchiga o‘xshamagan, men uni ichidan bilmaganman», — degan u.

2015 yili Soipovni Ichki ishlar vazirligi agentlari terrorchilikka qarshi kurash bo‘linmasi kuzatuvi ostida bo‘lgan ikki shaxs bilan aloqasi tufayli so‘roq qilgani haqida ABC News telekanali bildiradi. The New York Timesning yozishicha, hukumat ko‘zi ostiga tergov sababli tushgan, biroq buning nimaga aloqadorligi noma'lum. Nashrning eslatishicha, yaqinda Nyu-Yorkda O‘zbekistondan va Qozog‘istondan kelgan, «Islomiy davlat» terrorchilarini qo‘llab-quvvatlagan bir qancha shaxsga ayblov e'lon qilingandi.

So‘nggi bir necha oy davomida Soipov Nyu-Jersi shtatining Patersonida yashagan. Qo‘shnisi Soipovning ko‘pincha xotini va ikkita bolasi yonida, do‘stlari bilan gaplashib yurganini ko‘rganini bildirgan. Nyu-Jersida u Uber haydovchisi bo‘lib ishlagan va olti oy davomida 1400 dan ortiq safarga chiqqan. Shirkatdagilar uning ustidan shikoyat bo‘lmaganini aytishadi; uning biografik ma'lumotlari ijobiy tekshiruvdan o‘tgan. Bor ma'lumotlarga ko‘ra, Soipov AQShda biror marta jinoiy javobgarlikka tortilmagan — CBS News telekanali faqat yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun to‘rtta jarimani topganini bildiradi.

2017 yilning 31 oktyabrida kunduzi soat ikkilar atrofida Passeyikada (Nyu-York tasarrufidagi Nyu-Jersi aglomeratsiyasida) u mashinani ijaraga olgan va Manxettenga qarab yo‘l olgan. U 15:05 da Uest Strit daryosi yoqasidagi velosipedchilar yo‘lagiga chiqqan va odamlarni bostira boshlagan. Sakkiz odam o‘lgan, jumladan, ular orasida argentinalik besh nafar sayyoh va bir belgiyalik bor.

Soipov bir yarim kilometr yurgach, yo‘lakchadan Chembers-strit chorrahasiga burilgan va kichikroq maktab avtobusiga borib urilgan (undagi to‘rt odam, jumladan, ikki bola jabrlangan). Shundan so‘ng u tashqariga otilib chiqadi. Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, u «Allohu akbar» deya qichqirgan, uning qo‘lida qurol bo‘lgan (jinoyat joyidan peyntbol va travmatik qurol topilgan). Rayan Nesh ismli politsiyachi Soipovga qarab o‘q uzgan va uni yaralagan; jinoyatchi qo‘lga olingan.

Umumiy hisobda 12 odam jabrlangan va shifoxonaga jo‘natilgan. Ularning to‘rttasi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Soipovning mashinasidan pichoq, shuningdek, ID (Islomiy davlat) nomi keltirilgan xat topilgan. Terrorchilar hozircha mas'uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishgani yo‘q. 1 noyabr kuni politsiya Soipov huqumni bir necha hafta davomida rejalaganini bildirdi.

CBS telekanaliga ko‘ra, shifoxonada Soipov pushaymonlik bildirmagan va politsiyachilar oldida o‘z jinoyati bilan «maqtangan»; u go‘yoki, agar avtobusga borib urilmaganida odamlarni bosishda davom etgan bo‘lishini bildirgan.

Materialni tayyorlashda «Meduza» sayti maqolasidan foydalanildi.

Tag‘in o‘qing
23 fevral 2018
«Ular mahalliy tadbirkorlarni adolatsiz ravishda turmaga tiqqanini bilaman. Menda hatto qiynoqlar qo‘llanilganiga oid fotosuratlar ham bor. Men bu yovuzlikni ...
8 noyabr 2023
Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dramasida boy otaga nechanchidir xotin bo‘lgan ayolning emizikli bolasini kundoshi qaynoq suvga cho‘kdirib o‘ldiradi. Oybekning ...
1 noyabr 2020
29 oktyabr kuni O‘zbekiston ilm olami o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishga uchradi – taniqli sharqshunos-turkolog Andrey Kubatin koronavirusning og‘ir asoratlari ...
26 noyabr 2019
Bu galgi «Yozarning sasi» ruknida «Eltuz» O‘zbekiston xalq shoiri, 98 yashar adib Shukrullo domlaning fikrlarini e'tiboringizga taqdim etadi. Shukrullo ...
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...