Document UZ
6 noyabr 2017

“Paxta-2017”ning navbatdagi qurboni. Bog‘cha tarbiyachisi astma xurujidan dalada vafot etdi

Andijon shahridagi 3-maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisi Ilvira Pidaevna paxta yig‘im-terimi vaqtida nafas qisishidan vafot etdi.

Hamkasblarining aytishicha, Ilvira mazkur bog‘chada qariyb 10 yildan beri ishlab keladi. Ma'lumot berishlaricha, dalada uning kasalligi xuruj qilgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatib ulgurmaslaridan hayotdan ko‘z yumgan.

Paxta yig‘im-terimi munosabati bilan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 10 oktyabr kuni viloyat ahliga murojaat bilan chiqib, respublikada 15 oktyabrdan 15 noyabrgacha zarbdor oylik e'lon qilingani, shu munosabat bilan viloyatning barcha aholisi umumxalq hashariga hissa qo‘shishi kerakligini ta'kidlagandi.

-Hokimning viloyat televideniesida qilgan chiqishini o‘zim ko‘rgandim,- deydi fuqarolardan biri. – U paxta haqida juda qattiq gapirgandi. “Yordam so‘rab kelishni bilasanlar, paxta umumiy boyligimiz, hissangni qo‘shib qo‘y. Hamma chiqadi paxtaga, qari bo‘lsa ham chiqadi, yaramasa choyni damlab berib o‘tiradi», degandi. Shundan keyin paxtaga jalb qilinmagan biror soha, birorta xodim qolmadi.

Hukumat buyrug‘i bilan 22 sentyabrda daladan qaytarilgan talabalar, xalq ta'limi va tibbiyot xodimlari oktyabr boshida yana paxtaga olib chiqila boshlangandi.

Maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalariga esa har kuni kamida 30-40 nafar ota-onani hasharchi sifatida paxta terimiga jalb qilish topshirilgandi.

«Biz iloji boricha ota-onalarni terimga chiqarishga harakat qilyapmiz. Ammo ularga ham qiyin bo‘lib ketdi-da. Ishlaydigan ota-onalar ish joyidan, ishsizlar esa MFYdan paxtaga chiqyapti. Yetarlicha hasharchi yollanmagani bois ishchi-xodimlar o‘zimiz paxtaga chiqayotgandik. Ilviraning astmasi borligini bilardik, unga dalada ishlash mumkin emas edi»,– deydi marhuma bilan birga ishlagan tarbiyachilardan biri.

Ma'lumotlarga qaraganda, Ilvira 3-maktabgacha ta'lim muassasasiga ishga kirishdan oldin Andijon nashriyot matbaa korxonasi hamda “Andijanskaya pravda” gazetalarida faoliyat ko‘rsatgan. Uning o‘g‘li Rossiyaga ishlagani ketgan va Ilvira uyida yolg‘iz yashayotgandi.

Ayol 28 oktyabr shanba kuni dafn qilingan. Hamkasblarining bildirishicha, marhumaning yaqinlari olisdaligi bois barcha marosimlarni 3-maktabgacha ta'lim muassasasi va nashriyot rahbariyati o‘tkazmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2017
So‘nggi vaqtlarda tovuq boqishni O‘zbekistonda milliy harakat darajasiga chiqarishga qaratilgan intilishlar davom etmoqda. Qaysi gazetani varaqlamang, albatta, tovuq boqish ...
21 dekabr 2020
Linn Shveysfurt O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va kattalar majburiy mehnati bo‘yicha o‘tkazilgan 10 yillik monitoring va hisobotlardan so‘ng mamlakat ...
23 fevral 2020
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi tufayli ma'muriy javobgarlikka ...
30 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 15-qismida yoshligida yozgan she'rlarini o‘qib beradi. @eltuz
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...