Asosiy mavzular
20 dekabr 2018

20 dekabr – shoir va siyosatchi Muhammad Solih tug‘ilgan kun

O‘zbek muxolifati lideri, shoir Muhammad Solih tug‘ilgan kuni arafasida uning Yangibozordagi tug‘ilib o‘sgan uyiga do‘stlari, safdoshlari, muxlislaridan iborat bir guruh mehmonlar to‘planishdi. 

Shoir Mahmud Rajabga ko‘ra, Muhammad Solihning ukasi Rashid Bekjon yozgan dasturxon atrofida suhbatda mehmonlar “Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelgandan boshlab erkin nafas olishayotganini e'tirof” etib, shoirni  yurtga qaytishga yana bir bor da'vat etishgan. 

Muhammad Solihning 
Xorazmdagi safdoshlar
i

“Eltuz” nashri bu da'vatni mamlakat prezidenti va muxolifati irodasiga qoldirgan holda, 25 yildan beri surgunda yashayotgan zamonamiz qahramoni Muhammad Solihning 1977 yilda yozgan badihasini e'tiboringizga havola qiladi.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev yoshlarga kitob o‘qishni tavsiya qilgan edi. Muhammad Solih esa aynan qanday kitob o‘qish haqida yozadi.

Ukamga xat

Uka, mening bu gapdonligimni kechirasan degan umiddaman. Odam maslahat tinglashga qanchalik zor bo‘lsa, maslahat berishga shunchalik ishqibozdir. Men ham akamdan so‘kish eshitib, senga maslahat berayapman.

Senga o‘xshagan kitobxon bolalar O‘zbekistonda juda ko‘p bo‘lgan, hozir undan ham ko‘p.

Shuning uchun xatimni hikoyadan boshlamoqchiman…

Urush yillarida sening tengdoshlaring ham o‘qib, ham dalada ishlashga majbur bo‘lgan. Paxta bilan birga o‘sishgan. Jismoniy ishga yaramaganlari kattalarga choy qaynatib berardi. Undan kichikroqlari esa qishloqqa xat tashigan. Oq va qora xatlarni (shu mavzuda yozuvchi Odil Yoqubovning “Yaxshilik” deb nomlangan hikoyasi bor. O‘qimagan bo‘lsang, albatta topib o‘qi). Bu bolalar adreslarni hijjalab o‘qib savod chiqargan.

O‘shalardan biri shirinlikdan ko‘ra kitobga o‘chroq edi. Bundan onasi xursand bo‘lsa, otasi norozi bo‘lgan. Chunki ona bolaga shirinlik topib berishday og‘ir vazifadan qutulgan bo‘lsa, otasi kitob uchun pul berishga majbur edi. Urush qishloqda ham urushligini qilgan.

Yaxshiyamki, bolaning baxtiga, kolxoz idorasiga joylashgan kutubxona bor edi. Otasi pul bermaganida, u yaxshi ko‘rgan kitoblarini o‘sha yerdan olib, qayta o‘qib chiqardi.

Bolaning g‘alati odati bor edi: kitob o‘qiyotganida kimdir kuzatib tursa, jon-poni chiqib ketar, go‘yo uning ovqat yeyayotganini tomosha qilishayotganidek xafa bo‘lardi. Aksiga olib, kichkina singlisi kitobdagi suratlarni sevar, akasi kitobni ochgan zahoti uning tepasida turib olardi. Mabodo, kitob suratsiz bo‘lsa, qizaloq shovqin ko‘tarib, onasiga shikoyat qilardi: “Anavini qarang, yana suratsiz kitob opkelibdi”, deb yig‘lardi.

Bolaga suratli kitoblar yoqmasa, nima qilsin. Kitobdagi har qanday surat unga xalaqit berardi. Bolaning tasavvuri “falon qahramon munaqa” desa, surat o‘jarlarcha qotib: “Yo‘q, mana bunday”, deb ko‘ziga qadalib turaverardi. Suratlarning bu xususiyati bolaning asabini qo‘zg‘ar, u iloji boricha suratga qaramaslikka harakat qilar va hatto ularni yirtib olib, singilchasiga berardi.

Qizaloqning janjalidan qo‘rqqan bola hamma uyquga ketganidan so‘ng kitob o‘qishni odat qildi. Bir kuni, xona sovuq emasmi, telpak kiyib olib, kitob ustida mudrab ketdi.

Kitob bilan yonma-yon turgan chiroqdan telpagiga o‘t ketib, uy yonib ketishiga sal qoldi. Shu voqeadan so‘ng bolaga kechalari kitob o‘qishni man qilib qo‘yishdi. Kitob yonib ketganmi, yo‘qmi, buning tafsilotini hech kim bilmaydi. Ammo yong‘in o‘sha bola ongida hozir ham o‘chmagan.

Qissadan hissa shuki, sen tunda kitob o‘qiyotib, hech mahal mudray ko‘rma ― yong‘in chiqishi mumkin. O‘sha bola kitobni sevardi, ammo uning tanidagi charchoq xoinlik qildi. Charchoq majburiy loqaydlikni ― uyquni keltirib chiqaradi.

Suratsiz kitoblar emas, g‘oyasiz kitoblar kitobxonni shunday uxlatib qo‘yadi. “G‘oyaviy buzuq kitoblarni o‘qima”, deb o‘qituvchilaring to‘g‘ri uqtirgan. Men senga: “G‘oyasiz kitoblarni ham o‘qima”, deb maslahat beraman.

Muhammad  Solih, 1977
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 iyul 2019
O‘zbekistonda hokimiyat organlarining axborot makonini vertikal nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa axborotning yagona markazdan turib boshqarilishini ...
26 aprel 2018
Andijon shahridagi 18-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi 22 aprel kuni o‘smirlar o‘rtasidagi o‘zaro janjalda pichoqbozlik qurboni bo‘ldi. Maktab joylashgan mahalla ...
3 oktyabr 2018
Yirik miqdorda tovlamachilik va korruptsiyada ayblanib, jazo o‘tayotggan 46 yashar Gulnora Karimova 2 oktyabr kuni xususiy uchoqda Dubay shahriga ...
11 aprel 2020
O‘zbekiston xalq shoiri, satirik va yumoristik janrdagi kitoblar muallifi Anvar Obidjon 73 yoshida 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Bu ...
Bloglar
27 yanvar 2021
Darvozani tambalamagan ekanman. Chiroq yo‘q edi. O‘rnimda cho‘zilib, ko‘zimni yumib yotgandim. To‘satdan hovlimdan ayollarning bir-biri ...
27 yanvar 2021
“Eltuz” qisqa hajviy animatsion filmlar turkumini davom ettiradi. Navbatdagi filmda buldozer daraxtzorni surib tashlaydi va ...
18 yanvar 2021
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq ...