Asosiy mavzular
23 mart 2018

Andijonda o‘qituvchilarga «ekdirilgan» qo‘lbola gullar

Keyingi paytlarda o‘qituvchi va bog‘cha xodimlari obodonlashtirish boshqarmasining “qo‘l-oyog‘i”ga aylangan. Ko‘chalarni supurib tozalash, ko‘chatlar ekish va oqlash, yo‘l belgilarini yangilash, qurilish ishlarida quruvchilarga yordam berish kabi ishlarga endi ko‘chalarni bezatish ishlari ham qo‘shildi.

Andijonda teraklar ham «gullatilgan», eltuz.com © 2018

Navro‘z bayrami oldidan ko‘chalardagi daraxt va butalar maktab o‘qituvchilari va maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlarining qo‘l mehnati bilan yasalgan sun'iy gullar bilan bezatildi.

  • Ayollar bayrami – 8 mart oldidan ko‘chada faoliyatni boshlab yuborganmiz, – deydi o‘zini mehnat ta'limi o‘qituvchisi deb tanishtirgan muallim.

«Ko‘chalarni tozalash, bezatish, daraxtlarga shakl berish, lotoklarni oqlash – hammasi bizning gardanimizda.

Navro‘z bayramiga esa hali barg yozmagan daraxtlarga yuzlab sun'iy gul yasadik. Ulgurmagan o‘qituvchilar uyida yasab kelishdi gullarni.

O‘qituvchilar «ekayotgan» sun'iy gullar, eltuz.com © 2018

Plastik paketlar uchun har bir o‘qituvchidan 5 ming so‘mdan pul yig‘ildi. Ammo ko‘pi bilan bir hafta-o‘n kunda daraxtlar barg yozadi va sun'iy gullarni yana yig‘ishtirib chiqishimizga to‘g‘ri keladi».

Shahar bog‘chalaridan birida ishlovchi tarbiyachining so‘zlariga ko‘ra, bahorgi obodonlashtirish ishlari doirasida ularga ham shunday vazifa topshirilgan.

Xodimlar sun'iy gullar yasash uchun juda ko‘p miqdorda rangli tsellofan paketlarni o‘z mablag‘lariga sotib olganlar.

  • Bunday sun'iy gullarni ish vaqtida, katta guruhdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari yordami bilan yasadik, – deydi tarbiyachi. – Kamalak singari 7 xil rangdan foydalanishimiz kerak ekan. Bitta rangli o‘ram bozorda 4 ming so‘m turadi. Noiloj o‘z hisobimizdan sotib oldik. Mudiramizning aytishicha, har bir fuqaro shu taxlit obodonchilikka o‘z hissasini qo‘shishi kerak ekan.
Och yashil rangli gul, eltuz.com © 2018

“Xabar.uz” saytida yozilishicha, Samarqandda ko‘cha tozalash ishlariga jalb etilgan 23 yoshli o‘qituvchi ayol “Kamaz” avtomashinasi urib yuborishi natijasida hayotdan ko‘z yumgan. Ushbu fojia o‘qituvchilar orasida ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

  • Saytda chiqqan maqolani hamkasblar ko‘chadagi daraxtlar va panjaralarga sun'iy gul yopishtirayotib o‘qib chiqdik va muhokama qildik, – deydi o‘zini Shahodatxon deb tanishtirgan maktab o‘qituvchisi. – Bizni hayron qoldirgan tomoni, bunday fojialar ro‘y berganidan so‘ng ham o‘qituvchilarni ko‘cha va dala ishlariga olib chiqish to‘xtatilmayapti.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullaev feysbukdagi sahifasida: “Bas, yetar! O‘qituvchilarni tinch qo‘ying. Hamma o‘z ishini qilsin…”, deya munosabat bildirib chiqibdi.

Bunday gullarni o‘qituvchilar o‘zlari yasashadi, eltuz.com © 2018

Ammo hurmatli mulozim nima uchun bu gaplarni hukumat yig‘ilishlarida aytib, takliflar kiritish o‘rniga feysbukdagi shaxsiy sahifasida yozmoqda. Yoki u o‘qituvchilarga hamma qatori achinadi-yu, bu tizimni o‘zgartirishga harakat qilishga jur'ati yetmaydimi? Bunday ishlarga tezroq barham berilishi kerak, deb o‘ylayman, aks holda bir kuni paymonasi to‘lgan o‘qituvchilar “portlaydi”.

Viloyat atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorining aytishicha, ko‘cha bo‘ylaridagi bu chiroyli manzara vaqtinchalik, erta-indin sun'iy gullar quyoshda rangsizlanib xunuklashadi yoki shamolda uchib hammayoqni to‘ldiradi.

  • Bunday sun'iy go‘zallik yaratish uchun o‘qituvchilarni ishdan qo‘yib, ovora qilishning nima keragi bor?! Ham tabiatga zarar yetkazilyapti, ham o‘qituvchi bechoraga ortiqcha mehnat yuklanyapti, – deydi ekolog.

Uning ma'lumot berishicha, bahor mavsumida Andijon viloyati bo‘yicha jami 11,5 millionga yaqin yangi daraxt ko‘chati o‘tqaziladi. Bunday miqdordagi ko‘chatlarni ekish uchun katta ishchi kuchi kerak bo‘ladi. Xalq ta'limi sohasi xodimlari yirik, tekin ishchi kuchi ekanini hisobga olganda, o‘qituvchilarni oldinda yana ixtiyoriy-majburiy obodonlashtirish ishlari kutmoqda.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 fevral 2024
Paxta sanoatida tizimli isloxot qilinmasa mamlakat yana paxtaga majburlash tizimi degan botqoqqa cho‘kadi. Bu messedjni 2024 yil 1 fevral ...
6 sentyabr 2023
2023 yil 3 avgust kuni “Indorama Agro” kompaniyasida inson huquqlari buzilishi va yerlarning noqonuniy tortib olinayotgani yuzasidan O‘zbekiston inson ...
9 aprel 2019
Toshkent shahri IIBB podpolkovnigi 38 yashar Umid Qurbonov poytaxtning Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida 6 aprel kechasi bir ayolni mashinasida ...
6 fevral 2016
Har bir o‘quv yili, choragi O‘zbekiston maktablarining eski an'anasi bo‘lgan makulatura, temir-tersak, obuna, turli jamg‘armalardan tashqari, tug‘ilgan kun, archa, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...