Uylarni buzish tartibi davlat foydasiga o‘zgardi
O‘zbekistonda Uy-joy kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilayotgan uylarning faqat mulkdorlarigina turar joy bilan ta'minlanadi.
Bu o‘zgarishlar olib qo‘yilayotgan uyda doimiy ro‘yxatda turganlarni bunday huquqdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi.
Kodeksning avvalgi ko‘rinishida uyi davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilayotgan uylarda yashovchi “fuqarolar, ularning oila a'zolari, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga” turar joy berilishi belgilangan edi. Endi bu so‘zlar “mulkdorlarga” deb o‘zgartirildi.
Bundan tashqari, buzilgan uyning o‘rniga yakka tartibda uy joy qurish yer uchastkasi ham faqat mulkdorlarga beriladi. Buzilayotgan va yangi berilgan uchastkaning bozor qiymati o‘rtasidagi farq esa besh yil ichida davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Huquqshunoslarning aytishicha, endilikda buzilayotgan uyda propiskada bo‘lish fuqarolarga davlat tomonidan konpensatsiya sifatida uy-joy ajratilishi uchun asos bo‘lmaydi.
“Yangi o‘zgarishlar ishimizni ancha osonlashtiradi, – deydi Toshkent shahri hokimligida ishlovchi manba “Eltuz” muxbiriga. – Ilgari uyda nechta odam propiska qilingan bo‘lsa, ularning hammasini turar joy bilan ta'minlash lozim edi. Ba'zi uylarda aslida 5 ta odam yashasa-da, o‘nlab odamlar propiska qilinganini ham ko‘rganmiz. Shuning uchun bu masalada ko‘p janjal bo‘lardi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buncha odamni turar joy bilan ta'minlash yoki ularga uchastka ajratish hokimlik uchun juda og‘ir masala. Buzilayotgan uyda bu yashamasligini hamma bilardi. Lekin qonun bo‘yicha ularni turar joy bilan ta'minlash majburiyati bor edi.
“Eski shaharda ayrim ularning 3-4 ta xonasi bor. Lekin propiska qilinganlarning sanog‘i yo‘q. Aslida buncha odamning bu yerda yashashi aqlga sig‘maydi. Lekin uy buzilayotgan paytda hammasi to‘polon ko‘tarib, uy talab qiladi”, deydi hokimlik xodimi.
Uning bildirishicha, buzilayotgan uyda haqiqatda qancha odam yashashi haqida mahalla orqali dalolatnoma tuzilib, faqat ularnigina turar joy bilan ta'minlash amaliyoti sinab ko‘rilgan. Lekin qonun bo‘yicha propiska qilinganlarning hammasiga uy berish belgilangani sababli bu amaliyot har doim ham samara bermagan.
“Chunki biz ming marta haq bo‘lsak ham qonunchilik bo‘yicha bunday amaliyotni asoslash juda qiyin ish”, deydi hokimlik vakili.
Ayni paytda uy-joyi buzilayotganlarning o‘z haqiqatlari bor. Jumladan, bitta xonadonda chindan ham 2-3 ta oila yashayotganlar holatlar ham mavjud.
Oxirgi bir-ikki yil ichida O‘zbekiston shaharlarida, ayniqsa, poytaxt Toshkentda hovlilarni buzib, o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurish ishlari avjida chiqqan. Bunday qurilishlar ko‘lami yanada kengayishi kutilmoqda.
Demak, Uy-joy kodeksiga o‘zgarishlar kiritilishiga sabablardan biri qurilish shirkatlarining lobbisi bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Qolaversa, endi mahalliy hokimliklar uchun buzilayotgan uylarga kompensatsiya berish avvalgi yillarga nisbatan ancha osonlashadi. Shu bilan birga, bu boradagi ishlarni sudlarda ko‘rayotganda hokimliklarning yutib chiqish imkoniyati yanada ortadi.
Bahodir Sharif
Eltuz.com