Qonunbuzarlikka majburlanayotgan qonun posbonlari
O‘zbekistonda majburiy mehnatni tashkil etishning asosiy ijrochilari kuchishlatar tuzilmalar, ya'ni asosiy faoliyati qonunni himoya qilish bo‘lgan idoralardir.
Bu idoralarni qonunbuzarlik qilishga undayotgan kuch esa hukumatning o‘zi bo‘lib qolayotir.
Ommaviy axborot vositalarida tuman yoki viloyatlar prokurorlari, ichki ishlar idoralari rahbarlari, shuningdek, soliqchilar turli ma'muriy jazoga tortilayotgani haqidagi xabarlardan shu xulosa anglashiladi.
“Paxta terimida sustkashlik qilgani uchun” shu kungacha bosh vazir o‘tkazayotgan selektor yig‘ilishlari chog‘ida kuchishlatar tuzilmalarning bir qancha mahalliy rahbarlari ishdan haydaldi, hayfsan oldi.
Xususan, xabarlarga ko‘ra, 22 oktyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda Qashqadaryo viloyati prokurori Botir Yusupovga hayfsan berildi. Shu viloyatning Nishon tumani prokurori vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Ismatov esa ishdan olindi.
23 oktyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ixtiyor Hasanov lavozimdan ozod etildi. 25 oktyabrda Bo‘ka tumanining bosh soliqchisi ham o‘zgargan edi.
26 oktyabr kuni esa paxta terimida sustkashlik qilgani uchun Xorazm viloyati Shovot tumani prokuroriga hayfsan berildi.
Aslida prokuror yoki militsiya boshlig‘ining paxta terimiga nima aloqasi bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. O‘zbekiston kabi davlatlarda ularning paxtaga bevosita aloqasi bor.
Ular chigit ekishdan tortib paxtani terib olishgacha bo‘lgan ishlarni tashkillashtirishga jalb etiladi. G‘alla yig‘imi ham prokuratura va militsiyaning ishtirokisiz o‘tmaydi.
Ajablanarlisi shundaki, ular majburiy mehnatga qarshi kurashishga emas, majburiy mehnatni tashkil etishga bosh-qosh bo‘lishi kerak, deb aytish uchun barcha asoslar bor.
Matbuotning mana bu xabari fikrimizni tasdiqlaydi: “Xorazm viloyati Shovot tumani IIB boshlig‘i buyrug‘i bilan profilaktika inspektorlari odamlarni paxta terimiga majburlab olib bormoqda”.
Xususiy “Damas”larni terimchilarni paxtaga tashishga majburlashga ham militsiyaning yo‘l-patrul xizmati zimmasida.
“Ozodlik” radiosi paxta bahonasida Surxondaryoning Qiziriq tumanida milliy gvardiya to‘yxonayu oshxonalarga bostirib kirib, odamlarni qo‘rqitib yurgani haqida ham yozdi.
Shuningdek, radio Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida 24 oktyabrda tuman hokimi va prokurori maktab direktorlariga bir qism erkak o‘qituvchilarni paxta terimiga chiqarish haqida og‘zaki buyruq bergani haqida xabar qildi.
Ko‘rinib turibdiki, qonun himoyasi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan idoralar bugun qonunbuzarlarning oldingi saflarida bormoqda.
Ishdan haydalganu hayfsan olganlarning nisbasidan kelib chiqilsa, paxta terimidagi shu kunlarda tobora keng ko‘lam kasb etayotgan majburiy mehnatni tashkil etish asosan prokurorlar zimmasiga yuklangan ko‘rinadi.
Ularni bunday ishlarga esa hukumatning o‘zi majburlayotgani kundek ravshanlashib boryapti. Aks holda “paxta terimidagi sustkashlik”ka ularning qanday aloqasi bo‘lishi mumkin?!
Bahodir Sharif
eltuz.com