Asosiy mavzular
29 oktyabr 2018

Qonunbuzarlikka majburlanayotgan qonun posbonlari

O‘zbekistonda majburiy mehnatni tashkil etishning asosiy ijrochilari kuchishlatar tuzilmalar, ya'ni asosiy faoliyati qonunni himoya qilish bo‘lgan idoralardir.

Bu idoralarni qonunbuzarlik qilishga undayotgan kuch esa hukumatning o‘zi bo‘lib qolayotir.

Ommaviy axborot vositalarida tuman yoki viloyatlar prokurorlari, ichki ishlar idoralari rahbarlari, shuningdek, soliqchilar turli ma'muriy jazoga tortilayotgani haqidagi xabarlardan shu xulosa anglashiladi.  

“Paxta terimida sustkashlik qilgani uchun” shu kungacha bosh vazir o‘tkazayotgan selektor yig‘ilishlari chog‘ida kuchishlatar tuzilmalarning bir qancha mahalliy rahbarlari ishdan haydaldi, hayfsan oldi.

Xususan, xabarlarga ko‘ra, 22 oktyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda Qashqadaryo viloyati prokurori Botir Yusupovga hayfsan berildi. Shu viloyatning Nishon tumani prokurori vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Ismatov esa ishdan olindi.

23 oktyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ixtiyor Hasanov lavozimdan ozod etildi. 25 oktyabrda Bo‘ka tumanining bosh soliqchisi ham o‘zgargan edi.

26 oktyabr kuni esa paxta terimida sustkashlik qilgani uchun Xorazm viloyati Shovot tumani prokuroriga hayfsan berildi.

Aslida prokuror yoki militsiya boshlig‘ining paxta terimiga nima aloqasi bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. O‘zbekiston kabi davlatlarda ularning paxtaga bevosita aloqasi bor.

Ular chigit ekishdan tortib paxtani terib olishgacha bo‘lgan ishlarni tashkillashtirishga jalb etiladi. G‘alla yig‘imi ham prokuratura va militsiyaning ishtirokisiz o‘tmaydi.

Ajablanarlisi shundaki, ular majburiy mehnatga qarshi kurashishga emas, majburiy mehnatni tashkil etishga bosh-qosh bo‘lishi kerak, deb aytish uchun barcha asoslar bor.

Matbuotning mana bu xabari fikrimizni tasdiqlaydi: “Xorazm viloyati Shovot tumani IIB boshlig‘i buyrug‘i bilan profilaktika inspektorlari odamlarni paxta terimiga majburlab olib bormoqda”.

Xususiy “Damas”larni terimchilarni paxtaga tashishga majburlashga ham militsiyaning yo‘l-patrul xizmati zimmasida.

“Ozodlik” radiosi paxta bahonasida Surxondaryoning Qiziriq tumanida milliy gvardiya to‘yxonayu oshxonalarga bostirib kirib, odamlarni qo‘rqitib yurgani haqida ham yozdi.

Shuningdek, radio Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida 24 oktyabrda tuman hokimi va prokurori maktab direktorlariga bir qism erkak o‘qituvchilarni paxta terimiga chiqarish haqida og‘zaki buyruq bergani haqida xabar qildi.

Ko‘rinib turibdiki, qonun himoyasi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan idoralar bugun qonunbuzarlarning oldingi saflarida bormoqda.

Ishdan haydalganu hayfsan olganlarning nisbasidan kelib chiqilsa, paxta terimidagi shu kunlarda tobora keng ko‘lam kasb etayotgan majburiy mehnatni tashkil etish asosan prokurorlar zimmasiga yuklangan ko‘rinadi.  

Ularni bunday ishlarga esa hukumatning o‘zi majburlayotgani kundek ravshanlashib boryapti. Aks holda “paxta terimidagi sustkashlik”ka ularning qanday aloqasi bo‘lishi mumkin?!

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 oktyabr 2015
Kecha bozorga borgandim digin, katta rovotni bekitib Istam isvarkachi isvarka qip tashapti, katta binolardi tepasiga «Barcha yantoq terimiga», «Yantoq ...
17 oktyabr 2018
Moskvaning Yakimanka tumanidagi xiyobonga o‘rnatilgan, 16 oktyabr kuni ochilishi kutilgan Islom Karimov haykali ertasi kuni ham ochilmadi. Yakimanka tumani ...
6 avgust 2019
O‘zbekiston prezidenti keyingi 17 yil mobaynida ilk bor ta'tilga chiqdi. Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoevning 5 avgustdan qisqa muddatli ...
9 yanvar 2018
6 yanvardan instagram va feysbuk sahifalarida stixiyali tarzda o‘zbeklar do‘ppi fleshmobini boshlashdi. Unga tarmoqda boshqa millatlar ham qo‘shilishdi. Zardo‘ziyu ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...