Asosiy mavzular
10 dekabr 2018

Fermerlarning tashvishiga chalinayotgan qarsaklar

O‘zbek matbuoti chop etayotgan maqolalarga ishonilsa, endi hamma g‘allasini davlatga topshirishga majbur bo‘ladigan dehqonning boshiga “baxt qushi” qo‘ngan. Mahalliy nashrlar, jumladan, kun.uz  va uza.uz  hukumatning g‘alla narxiga oid navbatdagi qarorini madh etishga qaratilgan kampaniyani boshladi. 

Esingizda bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining bosh vazir imzolagan “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, “g‘alladan 40 tsentnerdan kam hosil olish yerga nisbatan xiyonat ekani” ochiqlangan.

Mustaqil matbuotda fermerlarning mazkur qarordan noroziligi bildirilgan maqolalar chop etildi. Xususan, “Ozodlik” radiosi Toshkent viloyatilik fermerlarda bu qarordan keyin yerni topshirish kayfiyati kuchayganini ma'lum qilgandi.

Sirdaryolik fermerlardan biri ham “Eltuz” bilan suhbatda g‘allaning hammasini davlatga topshirish o‘zining ahvolini og‘irlashtirishga olib kelishini ta'kidladi.

“Men g‘alla ekib, davlatga 22 tsentnerdan topshirardim. Bu yil majburiyat ham yuklashdi, o‘zimga kamroq g‘alla qoldi. Endi shu ham yo‘q bo‘ladiganga o‘xshab turibdi. Men o‘zimda qolgan g‘alla hisobidan ishchilarimni boqaman. Paxtaning xarajatlarini ko‘taraman. Endi keyingi yilni o‘ylab boshim qotgan”, dedi fermer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchilari bilan, asosan, g‘alla bilan hisob-kitob qiladi. Chunki oylik to‘lashga hamma fermerning ham qurbi yetmaydi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta'minlash, mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatish bozor narxlarida amalga oshiriladi. Lekin dehqon yetishtirgan mahsulotlar davlat belgilagan narxda sotib olinadi. Natijada fermerlarning aksariyati daromad ko‘rish o‘rniga zarar bilan yilni yakunlaydi.

Mamlakatdagi fermer xo‘jaliklarining aksariyati turli tashkilotlardan qarzdor bo‘lib qolgan. Hukumat esa bu qarzdorliklarni zo‘rlash yo‘li bilan qoplashga urinib keladi.

Shu paytgacha fermer ixtiyorida qoladigan g‘alladan olinadigan daromad uning zararlarini qoplash yoki kamaytirishning asosiy manbalaridan biri hisoblanib kelinardi. Endi hukumat g‘allaning barchasini o‘ziga olishni xohlamoqda.

“Davlat bizga yoqilg‘ini arzon narxda bersin, o‘g‘itni arzon bersin. O‘shanda bizdan g‘allani arzon olsa yarashadi. Aks holda bu o‘taketgan g‘irromlik-ku”, deydi sirdaryolik fermer “Eltuz” bilan suhbatda.

Mana shu noroziliklar fonida mahalliy nashrlar hukumat qarorini oqlashga urinish harakatlarini boshladi.

Xususan, O‘zA jizzaxlik O‘zbekiston Qahramoni, “Anvar-A” fermer xo‘jaligi rahbari Anorboy Eshmatov bilan suhbatni e'lon qildi.

Qahramon fermer gapni “xorijiy nashrlar hamon bizning oramizga nifoq solish istagidan voz kechgani yo‘q”, deb boshlab, ularni “O‘zbekiston hukumati fermerlarning oxirgi nonini, bug‘doyni tortib olmoqchi emish”, deb “ig‘vo tarqatayotganlikda” ayblaydi.

“Unda (qarorda) 60 tsentnerdan oshiq hosil olganlarga ortiqcha har kilogramm uchun qo‘shimcha bir yarim ming so‘m to‘lanadi, deyilmoqda. Misol uchun, 100 tonna g‘alla olsam, uning 60 tsentnerigacha bo‘lganiga 1200 so‘m, undan ortig‘i uchun 1500 so‘m olaman”, deydi fermer.

Ko‘pgina fermerlar bozorda kilosi 2000-2500 turadigan bug‘doyni nega davlatga 1200, nari borsa 1500 so‘mdan sotishim kerak, deb norozilik bildirayotgan bir paytda davlat bug‘doyini arzonga topshirishini talab qilayotgan qahramon fermerni qanday tushunish mumkin?!

Balki bu savolga javobni uning O‘zbekiston Qahramoni unvonidan qidirish kerakdir? Hukumat qarorini olqishlayotgan boshqa fermerlarning tushovi qattiqroq olingani balki bu savolga javob topib berar?

Nima bo‘lganda ham ularning hukumat qarorini olqishlashlari bu qarordan norozi hamkasblarining dardiga malham bo‘la olmasligi tayin.

Mahalliy nashrlarda yuqorining topshirig‘i bilan boshlangan olqishlash kampaniyasi to‘g‘risida ham shu gapni aytish mumkin.

Darvoqe, avvalroq kommunal xizmatlar narshi oshishi arafasida ham hukumat o‘ziga maqbul ijtimoiy fikrni shakllantirish uchun “narx oshishini zamon talab qilyapti” qabilida shunday kampaniya uyushtirgan edi.

Lekin gaz, sovuq va issiq suv, chiqindi narxlarining oshishini oqlashga qaratilgan bu kampaniya aholining ichki noroziligini pasaytirishiga katta xizmat qilganiga shubha bor.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2016
Chaqimchilik va tirikchilik O‘zbekistonda bir-birining ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Bu endi birgina militsiya, MXX yoki ularga ishlaydigan maxsus ayg‘oqchilar, ...
1 fevral 2018
Toshkentda 14 fevraldan sovuq suv uchun tariflar oshishi bildirildi. «Suvsoz» idorasi xabariga ko‘ra, yangi narxlar poytaxt hokimligi tomonidan 29 ...
5 sentyabr 2017
O‘zbek so‘mining keskin devalvatsiyasi – naqd pul tanqisligi, bankomat va plastik kartadan pul yechish muammolarini taranglashtirdi. 4 sentyabr kuni, ...
26 aprel 2022
Jahon banki loyihalarida ishtirok etish huquqidan kamida to‘rt yil muddatga mahrum etilgan bu shaxs O‘zbekistondagi keng doiralarda unchalik mashhur ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...