Asosiy mavzular
5 fevral 2019

Eski targ‘ibotchilarning yangi falsafasi

Bir vaqtlar qadimiy Rim saltanatining targ‘ibot-tashviqotchilari sifatida voizlar va faylasuflar imperiyaning ravnaq topishida katta hissa qo‘shgan.

Aristotel va Suqrotning, Senekaning falsafasi bugungi kungacha insoniyat ma'naviyatining durdonalari hisoblanadi.

Arestotel Aleksandr Makedonskiyning dunyoqarashini shakllantirgan, uning davlati qudrati kuchayishiga bevosita va bilvosita yordam bergan.

Despotligi sababli bugun insoniyat tomonidan qoralanadigan imperator Neronning tarbiyachisi esa Seneka edi.

Garchi Seneka keyinchalik Neronning g‘ayriinsoniy siyosatiga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, uning nomi despot Neron bilan yonma-yon keladi.

U keyinchalik birinchi Rim imperatorlarining despotik tendentsiyalariga qarshi turgan Senat muxolifatining ideologi bo‘ldi.   

Gitler Germaniyasining iqtisodiy qudratga erishishi fyurerning siyosati qatorida Yozef Gebbelsning muvaffaqiyatli targ‘ibot-tashviqoti natijasi bo‘lgani bugungi kunda sir emas.

“Targ‘ibot aqlga xush keladigan emas, balki ommabop bo‘lishi kerak. Aqliy haqiqatni qidirish targ‘ibotning vazifasiga kirmaydi”, degan edi Gebbels.

Nafaqat Adolf Gitlerning natsizmga yo‘g‘rilgan siyosati, balki Yozef Gebbelsning yorqin nutqlari, millat ko‘nglini iydiradigan nozik targ‘ibot-tashviqoti tufayli insoniyat o‘zining eng qora kunlaridan birini boshdan kechirdi.

Bugungi avlodning keksa vakillari esa sovet davri targ‘ibotining mastodanti sifatida Mixail Suslovni eslaydi.

Garchi uning eng kuchga to‘lgan vaqti Brejnev hukmronligi davriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, u hali Stalin va Xrushchyov zamonidayoq targ‘ibot-tashviqotda Sovet Ittifoqining oldi odamlaridan edi.

Lekin u olg‘a surgan g‘oyalar keyinchalik SSSRning halokati bilan yakun topdi.

Bugungi siyosat tili bilan aytganda, biz tarixdagi repressiv rejimlarning falsafasi, targ‘ibot-tashviqotiga qisqa sayr etdik.

O‘zbekiston ham o‘zining mustaqillik yillarida, Islom Karimov hukmronlik qilgan davrda sovet davrining targ‘ibot-tashviqotiga suyandi, shu asosda siyosat yuritdi.

Karimov davrining Suslovi vazifasini bajargan odam bugun ham davlat boshqaruvida. Lekin u Suslov kabi hukmdorni o‘z yo‘rig‘iga yurdirgan buyuk targ‘ibot-tashviqotchi emas, balki hukmdorning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan arbob o‘laroq tarixga kiradi.

Xuddi Yozef Gebbels kabi. Garchi uning iqtidori Gebbelsniki oldida sariq chaqaga arzimasa-da. Zero, har qancha qoralamaylik, Gitler va Gebbels davrida Germaniya iqtisodiy taraqqiyotda dunyoning oldi mamlakati edi.

Bizning marhum hukmdor va uning mafkurachisi esa o‘zbekni mardikor, fohisha, qo‘ysifat millat sifatida dunyoga tanitgan shaxslar sifatida tarixda qolsa, ne ajab.

Mafkura, ya'ni targ‘ibot-tashviqot bugun dunyo siyosatida muhim o‘rin tutmoqda. Shu jihatdan olib qaraganda, mafkurasi, aslida oriyati va g‘ururi baland millat jahonda qandaydir nufuzga ega bo‘ladi. Albatta, iqtisodiyoti ham baquvvat bo‘lishi kerak.

Jurnalist Qoshiqchini o‘ldirgan Saudlarga, agar puli bo‘lmasa, bugun sichqonning ini ming tanga bo‘lardi…

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining nufuzi oshirilib, prezident ma'muriyati (nimaga administratsiya deb nomlanganiga bugun ko‘pchilik tushunmaydi)ga qo‘shilgani haqidagi xabarlarni o‘qib, yuqoridagi mulohazalar xayolga keldi.

Avvalo, bosh mafkurachi, ya'ni targ‘ibot-tashviqotchi vazifasiga O‘zbekistonning eng katta korruptsiyachilari sifatida ko‘rilayotgan Inoyatov-Parpiev klani vakili kelgani o‘ylangan vazifalar (agar millat ravnaqi yo‘lidagi ezgu vazifalar bo‘lsa) ado etilishiga shubha uyg‘otadi.

Qolaversa, “Avtotest” kabi loyihalari ortidan maqsadi kimligini ko‘rsatgan shaxslarning davlat mafkurasi yo‘nalishini belgilab beradigan yoki bu mafkurani amalga oshiradigan mas'ul lavozimga kelishi kishini o‘ylantiradi.

Yozef Gebbels: “Menga ommaviy axborot vositalarini bering va men har qanday millatdan cho‘chqalar podasini yarataman”, deb aytgan deyishadi.

Yaqin tariximizda o‘zimiz bilgan OAV bizni qanday yo‘lga boshlaganini ko‘rdik. Bugun bu yo‘ldan voz kechib, inson erki, millat g‘ururi, davlat qudratiga yetaklaydigan yo‘lni qidiryapmiz. Har holda shunday tasavvur uyg‘onmoqda.

Shunday ekan, bizni bu yo‘lga targ‘ibot-tashviqot qiladiganlar yana o‘sha avvalgi davrini qo‘msayotgan “eski”lar bo‘lsa, qaergacha borar ekanmiz?

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2016
Bugun 62 yoshini qarshilayotgan Muhammad Bekjonni men o‘z qadrdon akamday bilardim, «Erk» gazetasi sahifalarini tayyorlash jarayonlarida u bilan dastlabki ...
18 yanvar 2017
Shu kunlarda, ko‘plab ota onalar kollejni tamomlayotgan farzandlariga to‘rt tomonlama shartnomani imzolatish uchun ish beruvchilar eshigida sarson bo‘lishmoqda. Hali ...
25 sentyabr 2021
Said Muhammad Rahimxon II Rossiya imperiyasiga o‘z yurtini boy bergan Xivaning oxirgi hukmdori edi. Ammo tan olish kerak, u ...
29 noyabr 2016
O‘zbekistonning chegara hududlarida aholining ko‘zi qo‘shni mamlakatlar xududiga o‘tgan magistral gaz quvurlariga tushadi. O‘zbekiston gazining aksariyati qo‘shni davlatlardan tashqari, ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...