Document UZ
14 fevral 2019

Majburiy mehnatga oid yangi hisobot

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarining majburiy mehnati haqidagi navbatdagi hisobotini e'lon qildi.

“Biz, byudjet xodimlari qilmagan ish qolmadi” nomli ushbu hisobot ko‘p yillardan buyon kurashib kelinayotgan paxta sektoridagi majburiy mehnatdan farqli o‘laroq, davlat xizmatchilarining boshqa “turli sohalardagi keng ko‘lamli, tizimli va muntazam majburiy mehnati”ga bag‘ishlangan.

Xususan, hisobotda “o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tashkilotlar xizmatchilari muntazam ravishda ko‘chalarni supurishga, gul ekishga, qurilish ishlariga, ariqlarni tozalashga va davlat ob'ektlari hududlarida ozodalikni saqlashga jo‘natilishi” haqida so‘z boradi.

“Mazkur ishlar qo‘shimcha haq to‘lanmagan holda bir necha soatga yoki haftada bir necha kunga cho‘zilishi mumkin va bu ularning doimiy ishi – kommunal va davlat xizmatlari ko‘rsatishga salbiy ta'sir etadi. Ular bu ishlarni ko‘ngilli ravishda emas, balki ishini yo‘qotish, maoshi kamayishi yoki intizomiy choralar ko‘rilishi tahdidi ostida bajaradi”, deyiladi hisobotda.

Hisobotga O‘zbekiston-Germaniya forumi (UGF) monitoringchilarining kichik guruhi tomonidan 2018 yil bahorining ikki oyi davomida mamlakatning to‘qqizta viloyatida majburiy mehnatga jalb qilingan davlat xizmatchilari va boshqa shaxslar bilan o‘tkazilgan intervyular asos qilib olingan.

Respondentlar intervyular davomida mahalliy amaldorlarning buyruqlari bo‘yicha hududlarni tozalash va obodonlashtirish, ko‘chalarni supurish, donli ekinlarni yig‘ishtirib olish, metallolom va makulatura topshirish kabi turli ishlarni majburiy bajarish tizimini tavsiflab bergan.

Bundan tashqari, “ular jamoat tadbirlari uchun pul to‘lash yoki turli biletlar sotib olishga ham majburlanishi” ma'lum qilingan.

“Amaldorlar byudjet xodimlaridan metallolom va makulatura yig‘ishni (unda ishtirok etmasa esa pul to‘lashni) talab qiladi, majburiy obuna uchun maoshidan ushlab qoladi, o‘zlari ishlayotgan muassasalar ta'miri uchun va ularning doimiy vazifasiga bog‘liq bo‘lmagan turli to‘lovlar undiradi”, deyiladi hujjatda.

Hisobotda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hukumat amaldorlari hatto “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi yirik davlat dasturlari ijrosini ta'minlashda ham byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanmoqda.

Ular turli ishlarni bajarishdan tashqari “xususiy uylarni ta'mirlash, bo‘yash va tomorqa ishlarini bajarish, jumladan, zarur materiallarni xarid qilishga ham to‘la mas'uldirlar”.

Garchi mamlakatda o‘n yil davom etgan xalqaro bosimdan so‘ng paxta sektorida bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘yilgani aytilsa-da, hisobotda keltirilgan ma'lumotlardan ayrim ishlarda, masalan, pilla terimida hali ham bunday holat takrorlanayotgani oydinlashadi.

“O‘quvchilarni jazolash bilan qo‘rqitishib, darsdan pilla terimiga olib ketishganini bolalar va fermerlar bayon qilishgani aytiladi hujjatda.

Ta'kidlash kerakki, respondentlarning aksariyati o‘zlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan kasaba uyushmalarini “davlat va/yoki ish beruvchiga qaram bo‘lgan va zaif, samarasiz” tashkilot sifatida tilga olgan.

Qolaversa, kasaba uyushmalari “hatto majburiy mehnatni tashkil etishga ko‘maklashishi va bu ishlarga rahbarlik qilishi” bildiriladi.

Hisobotda hukumat majburiy mehnat yo‘q bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli sabablarga darhol barham berishi lozimligi ta'kidlanadi.

“Bu omillar sirasiga mustaqil, ishonchli kasaba uyushmalarining hamda shikoyat qilish va javobgarlikka tortishning samarali mexanizmlari yo‘qligi, nazoratsiz korruptsiya, mahalliy hokimiyat organlarining hisobdor emasligi, markazdan beriladigan majburiy rejalar va mamlakatda dehqonchilikning o‘z mohiyatiga ko‘ra jazolovchi va talovchi tizimi mavjudligi kiradi”, deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston-Germaniya forumi 2018 yilda birinchi marta hukumat tibbiyot va ta'lim sohasi xodimlarini ommaviy ravishda paxta dalalariga safarbar qilmaganini aniqlagani” e'tirof etiladi.

Hujjatda o‘zbeklarning qadimiy odati – hashar garchi “ommaviy ko‘ngillilikni yoki hukumat buyrug‘i bilan ishlashni anglatmasa-da”, amaldorlar ko‘pincha, jumladan, paxta terimi va ko‘chalarni tozalashdagi majburiy mehnatni yashirish maqsadida bu tushunchadan noqonuniy foydalanib kelayotgani qayd etilgan.

Ushbu tadqiqot xulosasiga ko‘ra, UGF kuzatuvchilari paxtachilikdan tashqari sohalarda hali ham davlat sektori xizmatchilari majburiy mehnatidan keng foydalanilayotganini aniqlagan.

“Ishlayotganlar ustidan nazoratni amalga oshirishga huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan, patrullar, militsiya va prokurorlar jalb etilishi mehnat shaklini, bosh tortuvchilarning jazolanishi yoki jarimaga tortilishini hamda bu ishlarning majburiy va hukumat tomonidan nazorat qilinishini anglatadi”, deyiladi hisobotda.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 iyul 2019
Prezident Shavkat Mirziyoev Olmazor tumanidagi uchrashuvida Vestminster universitetining 3-kurs talabasiga turizm vaziri o‘rinbosari bo‘lishni taklif qildi. O‘zini Saidakbarxon deya ...
17 avgust 2024
RT: Aziz og‘a-inilar, qadrdonlar, kunlar o‘tib hafta aylandi, yana bir jumada sizlar bilan ko‘rishganimdan xursand, shodman. MC: Nichiksizlar Ho‘jkbrri, ...
25 avgust 2016
«Hurriyat gazetasida (24.08.2016) Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan «ulkan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning havas qilsa arzigulik farovonligi»ga bag‘ishlangan navbatdagi maqola e'lon ...
Bloglar
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...
9 iyun 2025
Qadimgi turk bitiklari qisqa va chuqur ma'noli bo‘lgan. «Tashingdan barcha kishi kabi ko‘rin. Iching go‘zal ...