• Foto: eltuz.com
Asosiy mavzular
8 may 2019

Andijon shahar avtobekatlarida do‘kon ochgan tadbirkorlar kitob sotishga majburlanmoqda

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev shahar hududidagi avtobekatlarda savdo qiluvchi tadbirkorlarni bekatlarda kitob savdosini yo‘lga qo‘yish va kitob targ‘iboti borasidagi reklama bannerlarini o‘rnatishga majburlamoqda.

Ismi sharifi sir qolishini istagan tadbirkorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, hokim selektor yig‘ilishida kitob sotmayotgan bekat egalarini oyoqqa turg‘izgan va zudlik bilan bekat ichida kitoblar bilan jihozlangan burchak tashkil qilish xaqida buyruq bergan.

Foto: Eltuz.com
Kitob sotish talab qilingan bekatlarda asosan yaxna ichimliklar sotiladi

«Shahardagi avtobus bekatlaridan birida oziq-ovqat mahsulotlari do‘koni ochganman. O‘zi savdo sust, tushum yaxshi bo‘lmayapti, ammo hokimning majburlashi bilan bekatning katta yo‘lga qaragan qismiga kitob o‘qishni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan banner yozdirib yopishtirdim. Akfa materialidan shkafcha qurdirdim va kitoblar bilan jihozladim. Bularning bariga 3 million so‘mga yaqin mablag‘im ketdi. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiladimi, nooziq-ovqatmi baribir, endi barcha bekatlarda kitoblar sotilishi shart ekan» deydi Eltuz muxbiri suhbatlashgan tadbirkor.

Prezident Shavkat Mirziyoev 19 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish va ularni kitob o‘qishga qiziqtirish kabi beshta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbus ortidan butun mamlakat bo‘ylab yig‘ilishlar, seminarlar, kitob aktsiyalari, ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Bekatlarda kitob savdosining yo‘lga qo‘yilayotgani ham ana shu kompaniya fonida tashkil etilmoqda.

Biroq, do‘kon egalari shahar hokimining tadbirkorlarning imkoniyatlari bilan hisoblashmasdan bu yangi biznesga majburlayotganidan norozi bo‘lishmoqda.

Foto: Eltuz.com
Kitob sotishdan tashqari savdogarlarga o‘z hisoblaridan banerlar o‘rnatish majburiyati ham yuklangan

Tadbirkorlarning «Eltuz»ga ma'lumot berishlaricha, ijtimoiy reklama yopishtirilmagan va kitob sotmayotgan do‘konlar hokimiyat tomonidan yopib qo‘yilmoqda.

“Damas” avtomashinasida bir guruh odamlar kelib, “nega haligacha banner yopishtirmading, nega kitob sotmayapsan, Prezident qarori senga o‘yinchoq bo‘ldimi”, deb do‘q urishib, bajarmagan tadbirkorlarga do‘konni yopishini buyurishyapti. Odamlarni kitob o‘qishga qiziqtirish yaxshi, lekin bu tashabbusini targ‘ib qilish uchun do‘kondorni majburlash kerak emas-da», – deydi avtobekatlardan biriga egalik qiluvchi tadbirkorlardan yana biri.

Ayni kunda shahardagi avtobus bekatlariga kitob targ‘ibotiga bag‘ishlangan ijtimoiy reklamalar o‘rnatilgan. Bitta reklama bannerining bahosi esa do‘kon egalariga 1 mln so‘mdan oshiqroqqa tushmoqda.

O‘tgan yili Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ko‘chalarda bepul kutubxonalar tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan, ko‘p o‘tmay shahardagi avtobus bekatlari va korxona-muassasalar yonida mo‘'jaz kutubxonalar paydo bo‘lgandi.

Foto: Eltuz.com
Boshqa muammo yaxshi kitoblar yo‘q yoki yoshlarda o‘qishga qiziqishning o‘zi yo‘q…

O‘shanda ham shahardagi korxona-tashkilotlar shahar hokimligi tomonidan bepul kutubxonalar tashkil etishga majburlangani, ko‘plari ko‘chalardagi bepul kutubxona uchun kitob javoni qurib, uylaridan kitob obkelib to‘ldirishgani aytilgandi.

Ko‘pchilik bu kutubxonalardan hech qanday naf bo‘lmagani, aksariyat bepul kutubxonalarda yaxshi kitoblar yo‘qligi, borlari esa doim qulflog‘lik turishi haqida iddao qilmoqda.

Eltuzga xabar yetkazgan tadbirkorning aytishicha, bu ularning bunday tashabbus, tashkilotchilik ishlariga birinchi marta majburlanishi emas. Yo‘l bo‘yidagi bino va inshootlarga egalik qiluvchi tadbirkorlar bino atrofidagi obodonchilik ishlariga mablag‘ tomonlama ham bosh qo‘shadilar. Bayramlarda ko‘chani bezab, bo‘yash va oqlash ishlarini bajaradilar. O‘z mablag‘laridan gul va daraxt ko‘chatlari sotib olib o‘tqazadilar.

Tadbirkor Prezidentning beshta ustuvor yo‘nalishi ortidan mahalliy raxbarlar shu kunlarda hamma joyda tadbirlarni avj oldirib, o‘zini ko‘rsatishga urinishayotganini bildirdi. Tadbirkorlar shikoyati yuzasidan izoh olish uchun «Eltuz» 7 may kuni telefon orqali Andijon shahar hokimligi bilan bog‘lanishga urindi, lekin telefon go‘shagini hech kim ko‘tarmadi.

Shohida Saidova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2016
23 noyabr kuni Alisher Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlangan adabiy musiqiy kechada so‘z berilgan hofiz gapirishga qo‘rqishini bildirdi. Musiqiy kecha ...
18 aprel 2019
Shu yilning 20 mart kuni Xalq ta'limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv ...
2 may 2023
BMT Bosh Assambleyasi BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu rezolyutsiyani qo‘llab, Xitoy, Armaniston, Braziliya, ...
8 dekabr 2017
5 dekabr kuni 51 yoshli tadbirkor Olim Sulaymonov oqlov hukmi bilan ozod qilindi. Prezidentga videoshikoyati ortidan 9 oy qamoqda ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...