Catira
17 may 2019

RTdan va'z: Zolim hokimiyat o‘latdan ham qo‘rqinchli

Mana, hafta aylanib yana oylar sultoni ramazonda siz bilan yuz ko‘rishdik. Ramazon oyida shaytonlarni zanjir bilan bog‘lab qo‘yishar ekan.

Lekin odam qiyofasidagi shaytonlar bilgan bo‘qini yeb yuraverar ekan. 14 may kuni oqdaryolik aka o‘z qo‘shnisini shartta so‘yib tashladi.

O‘tgan haftani kino deb tasavvur qilib, uning stsenariysini  bir odam yozganiga shubha qildim. Bir qarasang, ujas kino. Bir qarasang, komediya. Bir qarasang, tragediya. Bir qarasang, boevik.

Pora olganlikda ayblangan Yunusobod hokimini 5 yilga qamashdi, ammo 400 ming dollar pulini xotiniga sharillatib sanab  berishdi.

«Kaptiva»ni ham, «Malibu»ni ham qaytarishdi. Oddiyroq odamni esa o‘z uyini dollarda sotgani uchun qora maskalilar qamoqqa olib ketdi.

O‘zbekistonda dollarda oldi-berdi qilish taqiqlangan, to‘g‘ri. Ammo negadir bu taqiq hokim va uning xotiniga taalluqli emas. Boy to‘n kiysa, muborak bo‘lsin, kambag‘al kiysa, qaerdan olding?

Oddiy bechora odam 50 dollarini so‘mga almashtiraman deb bozorga borsa, milisalar uni yovuz niyatli jinoyatchi sifatida qamab qo‘yadi. Bonusiga mahalliy bloger va saytchalar ham uni fosh qilib yozib chiqishadi. Shahar hokimi Joxaning qo‘lbola sayratmalari desakmikan ularni.

Darvoqe shahar hokimi Ortiqxo‘jaev oyiga 370 dollar oylik olaman, yetib ortadi dedi o‘z sayratma bedanasiga. Komediya bo‘lmasdan nima bu?!

Ikki juma orasida ikki jurnalistga qarshi jinoyat ishi ochildi. Bittasi qamaldi. Bittasini ustida mirshablar kalxat kabi uchib yuribdi. Saidabdullaziz Yusupov tovlamachilikda ayblangan bo‘lsa, Mahmud Rajab kontrabandada. Mantiq durbinidan qarasak, bularning  har ikkalasi muxolifat lideri Muhammad Solih bilan uchrashgani uchun qamalgan kabi tuyuladi.

Muhammad Solih dushman degan estafetani Karimovning go‘ridan olib, marsh brosok qilayotgan Mirziyoev rejimining yuzidan maska tushdi, desak ham bo‘ladi.

Bu xuddi ujas kinoga o‘xshaydi. Qabr toshlari ochilib, ichidan bir vaqtlar Qodiriylarni qamagan organ xodimlari, NKVD, KGB, SNB jallodlari qo‘llarida chalg‘i bilan birin-ketin  chiqib kelishadi.

Shaytoniy tirjayib, odamlarning jonini ola boshlashadi. Ujas kino bundan ortiq bo‘lmaydi. Ammo qassobga yog‘, echkiga jon qayg‘usi. Suv loyqalanganda baliq tutish oson bo‘lishini tajribali baliqchilar yaxshi biladi.

33 millionlik aholining barcha sho‘pirlaridan o‘lpon olish va ularni sigirday sog‘ish asbobi – «Avtotest»ni yaratgan uddaburron Komil Allamjonov o‘zini mamlakatning bosh jurnalisti deb e'lon qildi. Chet el nashrlarining yuvoshlarini blokdan chiqarib, mulozamat qildi. Qand berdi, holva yedirdi. «Eltuz» va «Ozodlik» kabi gapga kirmas saytlar ustidagi tambalarni ko‘payttirdi. Aynan uning shotirlari bloger va nashrlarga telefon qilib, tashkiliy tarzda «Ozodlik»ni qarg‘ash ma'rakasini o‘tkazmoqda.

KGB davridan meros qolgan «Ozodlik»ni qarg‘ash marakasini O‘zbekistondagi bo‘yniga ip bog‘langan bloger va jurnalistlar qoyilmaqom qilib bajarib, bonusiga dum ham likillatishdi.

Asnoda ularning sariq chaqalik qimmati yo‘qligi, Allamjonov hur desa hurib, qis desa qisadigan irkit ko‘ppak ekani ayon bo‘ldi.

Bu endi fojea. Bu fojeani tushungan kam sonli oydinlar yozuvchi Alber Kamyuning «Erkin matbuot yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin. Erksiz matbuot faqat yomondir», degan fikrini yozib chiqishdi. Tasanno ularga!

Ofat qo‘padigan joyni hammadan oldin qushlar va hayvonlar tark qilar ekan. Masalan, zilzila bo‘ladigan joydan itlar ipini uzib qochib ketadi. O‘tkan hafta 2 million o‘zbek AQSh grin kardiga ariza topshirib rekord qo‘ydi. O‘risga, qozoqqa, karisga ketsam degan yana qancha ming mardum bor.

Xitoyning eng rutubatli Guanjin viloyatida farroshlik qilayogan xola O‘zbekistonga qaytishni istamaydi. Turkiyada qayta-qayta zo‘rlangan  o‘zbek kelinchagi  deportatsiya qilinib, O‘zbekistonga qaytarilishdan o‘lgudey  qo‘rqadi. Zo‘rlashsa ham, urib o‘ldirishsa ham  Turkiyada qolib ishlamoqchi.

Rossiyada tepkilab, urib tashlanayotgan vatandoshlarimiz nima bo‘lsa ham O‘zbekistonga bormaslikni ma'qul ko‘rishadi. Ular O‘zbekistonda shafqatsiz mulozimlar va adolatsiz hokimlar zulmiga duch kelishdan qo‘rqishadi.

Yeri olib qo‘yilishi, uyi buzilishi va asossiz qamalishidan qo‘rqishadi.

Rivoyat esa budir. Bir kuni Konfutsiy tog‘ yonidan aravada o‘tib borayotib, qabr ustida sochlarini yulib yig‘layotgan ayol faryodini eshitdi. Konfutsiy bu ayolning yoniga dardini bilib kelsin, deya o‘z shogirdini jo‘natdi.

Ayol Konfutsiyning shogirdiga dardini doston qildi:

— Men bu o‘lkada ketma-ket qayg‘u bilan yuzlashdim. Oldin qaynonam ichterlama kasalidan o‘ldi. Keyin bu kasal erimni olib ketdi. Hozir esa tifga chalingan o‘g‘limni ko‘mdim, – dedi ayol.

— Unday bo‘lsa nega bu o‘lkani tark qilmaysan? — deb so‘radi donishmand Konfutsiyning shogirdi.

— Chunki bu yerda zolim hokimiyat yo‘q , — deya javob berdi ayol.

— Buni yodingda saqlagin, shogird, — dedi Konfutsiy. — Zolim va shafqatsiz hokimiyat o‘lat va ichterlamadan ham qo‘rqinchli.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/U1ViTAZnArU

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 iyun 2020
Turkiya poytaxti Anqarada 2019 yili halok bo‘lgan o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirovaning ishi Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda ...
4 yanvar 2024
Mana bu videotasvirlarda ikki kishi o‘rtasida mushtlashuv boshlanganini ko‘rish mumkin. Ko‘p o‘tmay, orqaga chekinayotgan shaxsga to‘da bo‘lib hujum qiladilar, ...
5 dekabr 2019
Ichki ishlar vaziri general Po‘lat Bobojonov uyida gaz va elektr toki yo‘qligidan sovuqda o‘tirgan oilaga elektr isitgich sovg‘a qildi ...
13 aprel 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov e'tiborni O‘zbekistondagi fermerlarning muammolari, jumladan, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...