Asosiy mavzular
10 iyun 2019

Toshkent kurantida yana “qurilish” avjida

Toshkent kurantiga taqab plastik va shishadan kafe-bar uchun terassa-ayvon qurilishi nafaqat yangidan tiklandi, balki kurantning ikkinchi tomonida ham xuddi shunday ishlar boshlab yuborildi.

Kurantga yondosh qurilgan ayvon shaklidagi bu qurilish ob'ekti o‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlardagi kuchli norozilik tufayli to‘xtatib qo‘yilgandi.

Blogerlar qora shisha va plastikdan tiklangan, elita toifadagi restoran bo‘lishi aytilgan bu ayvonni “qora tobut” deb nomlab, shu nomdagi xeshtegni ishga tushirgandi.

Ushbu noroziliklar ortidan Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev terassani demontaj qilish qaroriga kelinganini ma'lum qilgandi.

Hokimning o‘shanda aytishicha, “qurilishni boshlagan kishi kurantning tarixiy ahamiyatga ega me'moriy yodgorlik ekanini bilmagan. Shuningdek, loyiha muallifi “kurantlarga yangi hayot bag‘ishlash” g‘oyasiga shaharliklar bunchalik jo‘shib norozilik bildirishini kutmagan”.

“Ayvon demontaj qilinadi. Kurant masalasi yopilgan, deb hisoblasa ham bo‘ladi”, degan edi Jahongir Ortiqxo‘jaev.

Bugunga kelib shahar hokimi hammani aldagani, o‘sha paytdagi “demontaj” aslida jamoatchilikni tinchlantirish maqsadida xo‘jako‘rsinga qilingani bilinib qoldi.

Foto: eltuz.com
Kurantning "demontaj" qilingan ayvoni qaytadan qad rostladi

Chunki “demontaj” davomida ayvonning shisha devorlarigina olib qo‘yildi. Uni tutib turish uchun o‘rnatilgan temir tirgaklar esa olib tashlanmadi.

Buning sababi keyinchalik oydinlashdi. Jamoatchilik tarixiy binoga zarar yetkazish to‘xtadi, deb tin olganidan sal o‘tmay qora shishalar yana joyiga qo‘yib chiqildi.

Ayvonning tepa qismi esa surilib ochilib-yopiladigan qilindi. Bar uchun mo‘ljallangan peshtaxta yana kurant devoriga mustahkamlandi.

Eng qizig‘i, norozilik ob'ekti bo‘lgan bu joyda oradan ko‘p o‘tmay yana o‘shanaqa ishlar boshlanganiga jamoatchilik qaytib e'tibor qaratmadi.

Natijada loyiha egalari kurantning Amir Temur xiyoboniga qaragan tomonida ham qurilish ishlarini boshlab yubordi. Ayni kunlarda bu yerda havozalar o‘rnatilib, montaj qilish ishlari davom etmoqda.

Afsuski, o‘tgan yili kurantga tutash holda qad rostlagan terassaning “ikkinchi navbati”ni qurishga kirishilgani ham ijtimoiy tarmoqlarni befarq qoldirmoqda.


Kurantga tutash qurilishning «ikkinchi navbati»

Ayvonning “birinchi navbati” qurilayotganda ob'ekt egalari bu qurilish uchun tegishli ruxsatnomalarni olmagani aytilgandi.

Ammo keyingi qurilishlar uchun ular ruxsatnoma olganmi, olgan bo‘lsa, kimdan olgan? Bu kabi savollar hozircha javobsiz qolmoqda.  

O‘tgan yilgi “demontaj” vaqtida kurantning dekorativ g‘isht qatlami va ganch ornamentlariga zarar etgan edi. Shuningdek, me'mor Muhammedshin, ganchkor Usta Shirin hamda soatsoz Ayzenshteyn ismi o‘yib yozilgan marmar lavha ham yo‘qolgandi.

Toshkent timsollaridan biri bo‘lgan kurant 1947 yilda qurilgan. U o‘sha yili 9 may kuni Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga ilk marta bong urgandi.

Mustaqillikdan so‘ng kurantning yaqinida uning egizi ham qurildi. Xalq orasida “Gulnoraning kuranti” nomini olgan bu binoda ham hozir qurilish-rekonstruktsiya ishlari davom etmoqda.

«Eltuz»ning Toshkentdagi muxbiri


eltuz.com
Tag‘in o‘qing
26 iyun 2018
Huquq faoli Dilmurod Sayyid qamoqdaligida uni ko‘rishga borayotgan payti avtohalokatga uchragan qizi va rafiqasi ishi yuzasidan 25 iyul kuni ...
8 dekabr 2016
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova O‘zbekiston konstitutsiyasi bayramida «hamroz» qo‘shig‘ini ijro qildi. Keyingi 9 yil davomida Usmonova katta sahnadan ...
20 aprel 2023
Oliy sudda sovet davrida qatag‘on qilingan yana 208 nafar shaxs oqlandi. 30 yil kechikkan bo‘lsa ham olqishga loyiq ish.  ...
20 yanvar 2016
Peterburgda istiqomat qiladigan o‘zbek muhojiriga ko‘ra, bu ikki fohishaxonada asosan o‘zbek qizlari ishlagan. Agar Piterdagi o‘zbeklardan Prosveщeniya ko‘chasi 33 ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...