Asosiy mavzular
1 iyul 2019

So‘kong‘ich hokim korruptsiya haqida nimalarni aytdi?

Shu kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning respublika darajasidagi rahbarlardan tortib mahalliy amaldorlargacha shaltag‘ini chiqarib so‘kkani mojarosi OAVlaru ijtimoiy tarmoqlargacha shov-shov bo‘lyapti. 

Hammaning og‘zida bitta gap: “Hokim prezident tayinlagan vazirlarni so‘kdi”, “Uning og‘zi shaloq”, “Mahalliychilik qilyapti”, “U o‘zi o‘ylayotganidek hokimiyat tayanchi ham emas, prezident tayanchi ham emas”.

Biz bu gaplardan sal uzog‘roqda turgan holda hokimning o‘sha yig‘ilishdagi so‘kinishlarini chetlab o‘tib, e'tiboringizni u tilga olgan ulkan korruptsiya masalalariga qaratishni lozim topdik. 

Zero, respublika va mahalliy darajadagi korruptsiya illatlariga oid bu gaplar e'tibordan chetda qolishi kerak emas. 

Chunki hamma hokimning so‘kong‘ichligini birinchi planga chiqarib, aslida xalq mablag‘larining sovurilishini esdan chiqarayotgandek ko‘rinadi. 

Birinchi misol shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev faoliyatiga oid. Bu odam ham so‘kong‘ichlikda Shuhrat Abdurahmonovdan hech ham kam emas. 

Viloyat hokimi uni shahar uchun ajratilgan 48 ta chiqindi tashish mashinasining 16 tasinigina tegishli maqsadlar uchun ishlatib, qolganini shag‘al tashishga chiqarib yuborganligi uchun so‘kyapti

Shahar hokimi bu mashinalarga shag‘al tashityapti, shahar esa chiqindiga to‘liq bormoqda.  

Shuhrat Abdurahmonov shahardagi Nodirabegim istirohat bog‘idagi qurilish ishlariga oid yana bir korruptsiya faktini keltirganki, summani eshitgan odam yoqa ushlaydi. 

Hokimning gapiga qaraganda, Milliy bank bu qurilish uchun o‘tkazgan pulning 400 ming dollari hali ish boshlanmasdanoq o‘g‘irlangan. Yeb qo‘yganlar esa endi “yonib turgan qozondan” chiqish harakatini qilib yotibdi. 

Bu pulni o‘marganlar, anglashilishicha, ilgari Toshkentdagi parklarni ham “jannat” qilib yuborgan. 

Savol tug‘iladi, hali ish boshlanmasdanoq shuncha pulni tuya qilganlar Toshkentda “jannat” barpo etayotganda tomog‘iga tiqin tiqib o‘tirganmi? 

Hokim tilga olgan navbatdagi muammo mamlakat tibbiyot tizimidagi korruptsiya holatlariga tegishlidir. 

“Toshkentdagi bitta i***s bir yerdan import qilib olib kelyapti shpritsni. Uning tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Ularning rizqi qirqildi-da endi”, deydi hokim.

Sohaga yaqin kishilar hokimning bu gaplarida jon borligini aytadi. Umuman, tibbiy ta'minot masalasida marhum prezident Karimov davridagi bunday salbiy amaliyotga hali barham berilmagan.

“Hozir tibbiyot muassasalari ta'minoti uchun avvalgidan ham ko‘p mablag‘ ajratilyapti. Bundan xulosa shuki, davlatning pulini tuya qilish ko‘lami ham oldingidan kattaroq”, deydi ulgurji dori-darmon savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan biri “Eltuz” bilan suhbatda. 

Hokimning iddaolariga javob qaytargan Sog‘liqni saqlash vazirligi esa viloyatda shifoxonalar ehtiyoji uchun sotib olingan tibbiy buyum va dori-darmonlarning muvofiqlik sertifikati ham bo‘lmaganini bildirayotir. 

Agar bu o‘rinda vazirlik haq bo‘lsa, sertifikati bo‘lmagan mahsulotlarni xarid qilganlar, agar hokimlik haq bo‘lsa, Toshkentdagi “foizchi” vositachilarga chora ko‘rish kerak bo‘ladi. 

E'tibor bering, hokim tomonidan aytilgan iddaolar asosida qandaydir ish qo‘zg‘atilgani haqida hali birorta rasmiy xabar yo‘q. Hamma hokimning “so‘kong‘ich og‘zi”ni muhokama qilish bilan band.

Holbuki, bu o‘rinda gap milliardlab mablag‘ to‘g‘risida ketmoqda. Park uchun ajratilgan pulni o‘marganlar, chiqindi o‘rniga shag‘al tashib yurgan mashinalar, sifatsiz (balki sifatsiz emasdir!!!) tibbiy buyum va dori-darmonlar masalalari huquqiy bahosini olishi kerak. 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 mart 2021
Ey ahli vatan! Bosdi sani muncha g‘afolat,G‘arq ayladi muncha sani daryoi jaholat,Tushdiy sani boshing uza shum zallayu razolat,Boq! Holingga ...
2 oktyabr 2023
Sentyabr oxirida O‘zbekistondagi xususiy maktablarda «arab tili o‘rgatish» bahonasida ekstremizm va demokratik qadriyatlarga chuqur nafrat o‘quvchilar ongiga singdirilayotgani faktlari ...
27 oktyabr 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi (26.10) shu nomdagi partiyaning parlamentdagi fraktsiyasi yig‘ilishida 2017 yilga mo‘ljallangan byudjetnoma – davlat byudjeti, davlat maqsadli ...
15 yanvar 2020
Dunyoda eng ko‘p tanilgan zamonaviy o‘zbek yozuvchisi 66 yoshli Hamid Ismoil 14 yanvar kuni «Ozodlik-Ozod Yevropa» radiosi Markaziy Osiyo ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...