Asosiy mavzular
6 iyul 2019

RTdan va'z: Prezident mamlakat boyligini kimga sovg‘a qildi?

“Eltuz” nashri jamoasi bir hafta davomida Germaniya poytaxti Berlinda yangi rejalarni belgilab oldi va navbatdagi treningdan keyin uch haftalik ta'tilga chiqishga qaror berdi.

Har juma beriladigan rassom Tuz va'zini multfilm qilishning safar chog‘ida iloji yo‘q. Shu bois bu safar rassomning va'zi video tarzida taqdim etiladi.

Berlin devori

Hozir men turgan joy bundan 30 yil oldin atrofi butunlay devor bilan o‘rab olingan edi. Bu devor deyarli qirq yil dunyoning ikki xil siyosati orasidagi chegara, sovuq urush ramzi bo‘lib keldi.

1989 yili odamlar Berlin devorini oddiy bolg‘alar yordamida qulatib, xuddi men turgan joyga yopirilib kelishdi. Ularni undagan narsa erkinlik edi. Endi devor haqida ikki og‘iz.

1961 yilda GDR hukumati «G‘arb popagandasining oldini olish» shiori ostida «Xitoy devori II» operatsiyasi boshlandi. 25 ming kishidan iborat harbiylashgan guruh chegara chizig‘ini egalladi.

Ularning harakatlarini Sharqiy Germaniya qo‘shinlari himoyalab turishdi. Sovet armiyasi jangovar holatga kirdi. Tungi soat 1 dan 11 daqiqa o‘tganida GDR axborot agentligi chegarani yopish to‘g‘risidagi qarorni e'lon qildi.

Ertalab chegaraga borganlar o‘tolmay to‘plana boshladilar. 15 avgustda operatsiyaning ikkinchi bosqichi boshlandi. Askarlar va quruvchilar chegarachilar nazorati ostida oldindan tayyorlab qo‘yilgan beton bloklarni olib kelib, chegara chizig‘i ustidan tiklashga kirishdilar – Berlin devori qurilishiga start berildi.

Ayni shu daqiqalarda 19 yoshli chegarachi Konrad Shumann bloklar ustidan sakrab o‘tdi va rasman Berlin devoridan oshib o‘tgan birinchi qochoq sifatida tarixda qoldi. Devorning balandligi 6 metrni tashkil qildi va u o‘ta pishiq beton qorishmasidan qurildi.

Devor yonida o‘ziga xos «o‘lim chegarasi» belgilandi va kimki unga yaqinlashsa, chegarachilar tomonidan otib tashlanishi e'lon qilindi. 17 avgustda 18 yoshli quruvchi Peter Fexter devordan oshishga urinayotganda otib tashlandi va bu harakat chog‘ida halok bo‘lgan birinchi qurbonga aylandi.

Berlin devori qulatilganiga qadar shu tarzda devordan oshishga uringan 92 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab kishilar yaralandilar. Keyinchalik devor qulab, ikki Germaniya birlashganidan so‘ng odamlar tomonidan yaratilgan devordan o‘tishning antiqa vositalaridan iborat muzey ham tashkil qilindi. Devor sovuq urushning sovuq ramzi bo‘lish bilan birgalikda Berlinning eng diqqatga sazovor joyi bo‘lib qoldi. Berlinga kelgan sayohatchi borki, bu devorni ko‘rmay ketmasdi. G‘arbiy qismda esa «Devor qulatilishi shart», degan millionlab otkritkalar sotilmoqda.

Dev va pakana haqida rivoyat

Bugun aytadiganim rivoyat ham devor haqida. Rivoyat nomini dev va pakana deb atasak. O‘zbekfilmda Murod Muhammad Do‘st tortgan kino bilan adashtirmang. Bu boshqa kino. Bir mamlakatining atrofi ulkan tosh devor bilan o‘rab olingan ekan. Maqsad – ichkaridagilar tashqariga chiqmasligi va dushmanlar kelib mamlakatni izdan chiqarmasligi.

Shu mamlakatning yaqin chegarasida bir dev yashar ekan. U mamlakat devori yoniga kelib ultimatum qo‘yibdi: “Menga mamlakatning butun oltin, valyuta va uglevodli yonilg‘i zaxirasini bermasangiz, shu devorni yeb tashlayman”.

Bu ultimatumni eshitgan prezident selektor o‘tkazib, mashvarat qilibdi. Agar dev mamlakat devorini yeb qo‘ysa, butun mamlakatdagi qo‘rqoqlar ketib, tashqaridan botirlar kelib, saylov qilib, prezidentni ag‘darishi mumkin.

“Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, debdi tepakal vazir.

“Devor bo‘lmasa, chiqish ruxsatidan keladigan puldan mosuvo bo‘laman”, debdi qorni katta vazir.

Shu payt prezident qo‘lidagi sabzi to‘g‘raydigan taxta kabi yassi oypodini barmoq bilan silab, gugul qoridan maslahat so‘rabdi. Gugul qori maslahat beribdi:

“Oldin dev shu hajmdagi tosh devorni yeb bitira oladimi-yo‘qmi, shuni aniqlaylik”, debdi oypod ichindagi gugul qori. “Buni qanday bilamiz”, debdi prezident.

“Matematika va fizikani biladiganlardan so‘rang”, debdi gugul qori. Prezident atrofiga qarasa, nuqul shig‘ir to‘qiydigan va almisoqdan qolgan diniy cho‘pchak aytadigan sharlatanlar qolganmish atrof jonibda.

-Palonchi matematik qani?

-Amerikada.

-Narigi men moshin berganim-chi?

-Germaniyada.

-Arnasoylik bola-chi?

-U matematik emas, u faqat Navoiydan g‘azal aytadi

Prezident g‘ussaga botib, o‘ylay boshlabdi. “Komsorg bo‘lishimdan 4 yil oldin birinchi kursda men ham amaliy matematika o‘qigandim-a. Anuvi Amerikaga ketib qolgan matematik propessor aytuvdi. Oldin qattiq massaning bir qismi qanday qilib yo‘q bo‘lganini hisoblaysiz. Natijani umum massaga ko‘paytirasiz. Prezident xuddi jakuzi ichida yotib sig‘im qonunini kashf qilgan Arximed doyi singari “Evrika” deb baqiribdi.

Atrofdagi daptar ushlagan shotirlar “Evrika” deb yozib qo‘yishibdi avtomatik bir tarzda.

-Ey, kalamushlar, sizlar shu qadar kallavarangsizlar. Nima yozganingning ma'nosini ham bilmaysizlar. Ey, tepakal, “Evrika” degan nima degan,- debdi prezident.

Tepakal javob bera olmabdi. Chunki u birinchi kursda ham lektsiya eshitmagan ekan-da. Shahar hokimi ham, matbuot vaziri ham, boshqalar ham, umuman, maktab o‘qimagan boy otalarga choy tashib “o‘sgan kadrlar”.

-O‘sha dev sizlarni yeyman desa, jon deb berardim. Bira to‘la qutulardim g‘o‘ddayganlardan. Mulozimlar bu gapni ham daptariga yozib qo‘yishibdi.

-Dev katta bilan yoziladimi yoki kichik harf bilanmi,- dedi qorinboy vazir.

-Albatta, Dev akaning ismi katta xarf bilan yozish kerak,- debdi Buxoro hokimi barno yuzli bachchalarga o‘xshab noz bilan.

Mulozimlardan hafsalasi pir bo‘lgan prezident katta kuyovini chegaraga yuboribdi.

-Bor, devga ayt, devorni yeb tashiyvursin.

Katta kuyov zing‘illaganicha dev yoniga ketibdi. Prezident kichkina kuyoviga yuzlanibdi: – Sen borib dev qanaqa qilib devorni yeganini videoga olib kel. Lekin videokopiyasini Ramzanga bersang, itaraman sen pakanani.

Xullas, dev mamlakat devorini yeb turgani videosini kichik kuyov vatsapdan tashabdi qaynotaga. Dev bolg‘asi bilan devorning kichik bo‘lagini sekin ushatib, hovonchada tuyib, suvga qo‘shib icharkan. Keyin dam olib, yana bir parcha devorni yer ekan.

Prezident oypodidagi kalkulyatorda hisoblab ko‘rsa, dev mamlakat devorini teoretik jihatdan yeb bitirish ehtimoli yuzda to‘qson foiz chiqibdi.

-Agar dev shoshib-pishib devorni yeganida tiqilib o‘lardi. Sekin texnichna yeb o‘tiribdi. Demak devorni yeb bitiradi bu borishda. Devorsiz qolamiz oxirida.

Yaxshisi, aytganini berib yuboringlar, deya buyruq beribdi prezident. Shu tariqa mamlakatning butun oltin, valyuta va uglevodli yonilg‘i zaxirasini devga berib yuborishdi.

“Dev akaga”, deya to‘g‘rilab qo‘ydi Buxoroning barno yuzli hokimi. “Zato devor bor”, deya xursand bo‘ldi qorinboy.

Mamlakat ichidagi boylikni o‘g‘ri urib ketgan bo‘m-bo‘sh temir sandiq kabi yetim bo‘lib qolibdi. Qissadan hissani siz chiqaring, azizlar.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/8OLjGx7nJrc

Rassom Tuz
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 noyabr 2018
Shu yil 2 noyabrga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Urganch shahridan Cholish posyolkasiga o‘tadigan ko‘prik quladi. Bu haqdagi xabar va ...
26 aprel 2018
26 aprel kuni feysbukda paydo bo‘lgan fotosuratda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi artistlarining rus harbiylari kiyimida urush qo‘shiqlarini kuylab, Toshkent metrosiga ...
14 mart 2019
O‘zbekistonga kiritilmagan taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil “Jinlar bazmi” kitobi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2019 yil uchun ...
7 dekabr 2017
1 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari – Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda ...
Bloglar
13 yanvar 2021
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani ...
11 yanvar 2021
Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. ...
6 yanvar 2021
Tinch tururmi bu ko‘hna dunyo, Tinch tururmi dog‘uli zamon… A.Oripov. Koronavirusning yangi shtampi deyilyapti. Bu ...