Asosiy mavzular
16 avgust 2019

To‘pga tutilayotgan Do‘st

Bundan bir qancha vaqt muqaddam internetda e'lon qilingan “Pufak” sarlavhali maqolasi ortidan taniqli yozuvchi, Karimov davrining nufuzli mulozimlaridan biri Murod Muhammad Do‘st bugungi tuzum maddohlarining zarbalari ostida qoldi. 

Do‘stga qarshi hujumni uning maqolasi chop etilishidan ko‘p o‘tmay prezident Shavkat Mirziyoevning eng yirik maddohlari safida oldingi o‘rinlarda turgan xorijdagi ommabop saytlardan birining egasi o‘zining yutubdagi kanali orqali boshlab berdi. 

Uning shaxsiyatga teguvchi tanqidlarini bugungi kunda amaldorga aylangan taniqli jurnalistlardan biri qo‘llab-quvvatladi.

Xo‘sh, Murod Muhammad Do‘st nima “gunoh” qilgan ediki, tuzum “himoyachilari”ning qaqshatqich zarbalariga duchor qilinmoqda?

Gap shundaki, yozuvchi mamlakatning har bir burchagida “siti”lar qurilishi yuzasidan o‘zgacharoq fikr bildirgan, ayniqsa, ularni qurayotgan firmalar faoliyati shubhali ekaniga ishora qilgan edi. 

“Sanoqsiz sitilar, yilda bir marta majlis o‘tadigan hashamatli binolar, zo‘rlab tiqishtirilayotgan turli “namunali” uylar, boylarga atalgan, lekin haligacha xaridor topilmay bo‘m-bo‘sh turgan qasrnamo uylar uzra buyuk bir pufak shishib kelmoqdaki, bir-ikki yil ichida paq etib yorilib ketishi muqarrar”, deb yozgan edi Do‘st.

Kutilmaganda bu fikrlar O‘zbekistondagi mavjud tuzum maddohlarining keskin (katta ehtimolki, uyushtirilgan) noroziliklariga duchor bo‘ldi. 

Qaysidir jurnalda Murod Muhammad Do‘st bilan chiqqan suhbatni o‘z nashrida ko‘chirib bosgani uchun “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bosh muharriri O‘ktam Mirzayor darhol ishdan haydalib, lash-lushini shosha-pisha  ko‘targancha tahririyatni tark etdi. 

O‘ktam Mirzayorni hamkasblari o‘ta siyosiy hushyor, chapanicha aytganda, qo‘rqoqligi uchun har bir chiqadigan maqolani eniga va bo‘yiga siyosiy tsenzuradan o‘tkazib, keyin bosadigan ijodkor sifatida taniydi. 

Ammo shunday siyosiy hushyor bosh muharrir ham “Pufak” yuqorining noroziliklariga sabab bo‘layotganini sezmay qolib, Do‘st bilan suhbatni chop etib qo‘ydi va buning tovonini to‘ladi. 

O‘ktam Mirzayor “dunyoga ochilib borayotgan” O‘zbekistondagi siyosiy tsenzuraning ilk qurbonlaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin. 

Oradan sal o‘tmay, eski karimovparast, bugungi kunda esa merosxo‘riparast bir yozuvchi davlatning rasmiy axborot agentligi saytida Murod Muhammad Do‘stni uning shaxsiga tekkan holda rosa “fosh qildi”. 

Go‘yoki Karimov davrida tilla tovoqda suyak kemirgan yozuvchi yangi hukmdor davrida ham shundan umidvor bo‘lgan, ammo mujda bo‘lavermagach, o‘zini eslatib qo‘yish uchun “Pufak” shishirgan. 

Keyin ham o‘sha yuqorida eslatganimiz xorijdagi ommaviy sayt Do‘stga qarshi bir necha hamlalar qildi (bu yerda va bu yerda). 

Murod Muhammad Do‘st shaxsi va kimga dushmanu kimga do‘stligi alohida mavzu. 

Lekin biz uning o‘zgacha fikri hukmron tuzum maddohlari tomonidan bunchalik qattiq tanqidlar bilan qarshi olinganiga e'tibor qaratishni lozim topdik. 

Zero, bu chiqishlar O‘zbekistonda hali ham erkin fikrga toqatsizlik darajasi yuqori ekanidan, endigina uyg‘onayotgan fikr erkinligini bo‘g‘ishga qarshi bo‘lgan kuchlar hali ham o‘z mavqeini boy bergisi kelmayotganidan darak beradi. 

Bu harakatlarning yuqoridan boshqarilayotgani ko‘rinib turgani e'tiborga olinsa, oldinga bir qadam tashlagan, bugun o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatishga urinayotgan hukmron guruh istalgan vaqtda ikki qadam ortga chekinishdan toymasligini taxmin qilish qiyin emas. 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2018
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston byudjetidan 4 million dollardan ortiq mablag‘ o‘marilgan. Bu haqda Moliya vazirligiga asoslanib, mamlakatning bir ...
13 noyabr 2020
Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga, Kofir o‘lg‘ayman agar desamki, bahmon ber menga. Moshu bug‘doyu guruch berkim, shular ...
25 dekabr 2018
Ukraina hukumati 2014 yili muomalaga kiritgan tangada Qrim yarimorolining sharqiy qismida XIII asrda O‘zbekxon tomonidan qurilgan masjid va madrasa ...
13 mart 2017
O‘zbekiston matbuoti Kadrlar tayyorlash milliy dasturi tufayli mamlakatda ta'lim tizimi qanchalik «yutuqlarga erishgani», «dunyoda tan olingani» to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...