UzPoster
9 sentyabr 2019

Yoki investor qo‘rqyapti, yoki kimdir arzon olmoqchi

O‘zbekistonning eng mashhur mehmonxonasi ancha arzon narxda sotuvga qo‘yilganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, shu paytgacha uning xaridori topilayotgani yo‘q.

Avvaliga 33 million dollarga savdoga qo‘yilgan “O‘zbekiston” mehmonxonasining narxi sentyabr oyiga kelib 8,4 million dollar arzonlashdi. Ammo uning shu narxda ham sotilishi gumon bo‘lib turibdi. 

Hozir bu mehmonxona “Otel O‘zbekiston” qo‘shma korxonasiga tegishli. Uning 80,13 foiz ulushi davlatga qarashli. Savdoga aynan shu ulush qo‘yilgan.  

Uni sotib olganlar 99 yil muddatga “O‘zbekiston” majmuasi binolari va unga qarashli maydonda joylashgan infratuzilma ob'ektlaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi. 

Shuningdek, yangi xo‘jayin binoning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirmaslik va o‘n yil davomida uning hozirgi faoliyat turini saqlab qolish majburiyatini olishi kerak. 

Savdo shartlariga ko‘ra, mehmonxonaning yangi egasi uning qiymatini uch yil davomida to‘lashi va uni modernizatsiya qilish uchun 100 milliard so‘m, ya'ni 10,6 million dollar investitsiya kiritishi kerak. 

Iqtisodchi, investitsiyalar bo‘yicha tahlilchi O‘roz Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda O‘zbekistondagi eng mashhur va, aytish mumkinki, eng gavjum mehmonxonaning narxi bunchalik tez va katta miqdorda tushirib borilishiga shubha bilan qarayotganini bildirdi. 

Uning ta'kidlashicha, hukumatning davlatga qarashli ortiqcha aktivlarni xususiy investorlarga berish qarori juda to‘g‘ridir. 

Ammo u “O‘zbekiston” mehmonxonasini tezda qutulish kerak bo‘lgan davlat aktivlari sirasiga kiritmasligini aytadi. 

“Bilishimcha, to‘rt yulduzli “O‘zbechka” (mehmonxonaning xalq orasida keng tarqalgan nomi- tah.) nafaqat Toshkentdagi, balki butun O‘zbekistondagi shu toifadagi eng ko‘p mijoz keladigan otel hisoblanadi. Shuning uchun uning bahosi juda tez pasayayotgani shubha uyg‘otmay qolmaydi.

E'tibor beryapsizmi, mehmonxonaning narxi avvaliga 33 milliondan 29,7 millionga tushirilgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, narx 24,7 million dollargacha pasaydi. Bunday aktiv uchun narx juda ham tez arzonlashyapti”, deydi tahlilchi.

Hozir O‘zbekistonda turizm eng jadal sur'atlarda rivojlanayotgan soha hisoblanadi. Mamlakatga kelayotgan sayyohlar soni tobora oshib bormoqda. 

“Aslida bunday sharoitda turizm infratuzilmasi ob'ektlari narxi oshib borishi kerak, – deydi tahlilchi O‘roz Haydarov. – Biz esa teskari jarayonni ko‘ryapmiz.

Bu o‘rinda ikkita xulosaga kelish mumkin. Birinchi xulosa shuki, investorlar hali ham O‘zbekistonga sarmoya yotqizishga ishonch bildirayotgani yo‘q.

Ikkinchi xulosa esa bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davlatlarga xos korruptsion sxemalarga borib taqaladi. Ya'ni kimlardir shunday qimmatbaho ob'ektni arzonroq narxda olish uchun o‘yin qilmoqda”.

“O‘zbekiston” mehmonxonasi bo‘yicha navbatdagi savdolar 16 sentyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda bir necha xaridor davlatga qarashli bu aktivga qiziqish bildirayotgani ma'lum qilinmoqda.

“Agar shunday ham arzon narxda savdoga qo‘yilgan mehmonxona bu safar ham sotilmasa, biz aytgan ikkinchi xulosada jon borligi yanada oydinlashadi”, deydi investitsiyalar bo‘yicha tahlilchi O‘roz Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
15 dekabr 2016
O‘zbek faollari bu pullarni korruptsiya jabrdiydalari bo‘lgan O‘zbekiston xalqiga qaytarilishini istashmoqda. Elektron petitsiyani shu yerda imzolashingiz mumkin. O‘zbekiston telekommunikatsiya ...
23 fevral 2017
20 fevral kuni O‘zbekiston tomoni Tojikistonning “Somon Eyr” kompaniyasi uchog‘ini qabul qila olmasligini bildirgani haqida xabarlar chiqdi. 25 yillik ...
16 oktyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida Shvetsiyada yashovchi o‘zbek faoli Do‘stnazar Xudoynazarov “Eltuz” muxlislari uchun pishloqli sharchalar (sыrniki) qanday tayyorlanishini namoyish ...
18 oktyabr 2018
18-19 oktyabr kunlari  O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Buxoro viloyati chegarasida qurilishi rejalangan atom elektr stantsiyasining ...
Bloglar
25 may 2020
“Bi-Bi-Si” radiosi o‘zbek xizmati jurnalisti Muhammad Solihga: “Koronavirus pandemiyasi payti shunday chiqish qilishingiz o‘rinlimi? Buning ...
18 may 2020
1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda ...
16 may 2020
O‘zbekistondagi, Qozog‘istondagi, Boltiqbo‘yidagi rus tilli ziyolilar va fuqarolar qanchalar aqlli, asosli argument keltirmasin, qanchalik do‘stona ...