• Foto: Madina Nurmanova
Asosiy mavzular
18 noyabr 2019

Saylov-2019: O‘zbekiston oldidagi chaqiriqlar

Qadimgi va zamonaviy demokratik tuzumlarda ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar ko‘pincha ovoz berishga murojaat bilan tugaydi. Fuqarolar o‘zlari xohlagan o‘zgarishni taqdim eta oladigan nomzodlarni tanlash uchun ovoz berish huquqlaridan foydalanishadi. 22 dekabrda O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi organ – Oliy Majlis va mahalliy kengashlar deputatligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Ham mamlakat ichida, ham tashqarisida ko‘pchilik bo‘lg‘usi saylov mamlakatdagi siyosiy jarayonlarni o‘zgartiradimi yoki yo‘qmi, deb qiziqishmoqda.

Nima bo‘lganda ham, bu Islom Karimov davridan qolgan Oliy Majlisni qabul qilib olgan Shavkat Mirziyoev uchun yangi parlament bo‘ladi.

Odamlar uchun esa qaysi siyosiy partiya yutib chiqishi emas, balki, birinchi galda, parlament ular uchun va ularning kunlik turmushida qanday ijobiy o‘zgarishlar qila olishi muhimdir. Parlamentga saylanadigan 150 nafar yangi deputatning birlamchi vazifasi ham aynan yuqoridagi oddiy savolga javob topishdan iborat. Yangi deputatlar uchun ijobiy yangilik shundaki, ular mazkur savolga javob topish uchun uzoqqa bormay, o‘zlari vakil bo‘lgan xalqqa va O‘zbekiston Konstitutsiyasiga murojaat qilishlari kifoya.

HOKIMIYaTNING BO‘LINIShI

Frantsuz siyosiy faylasufi Baron de Montekse 1748 yilda hokimiyatning bo‘linishi haqida o‘zining ”Qonunlarning ruhi” asarida yozib o‘tgan. Unda Montekse “uch tomonlama tizim”ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri erkinlik bilan bog‘lagan edi. Uch tomonlama tizim – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati — o‘z fuqarolari uchun erkinlikni ustun qo‘yadigan davlat uchun muhimdir.

Qonunlar qonun chiqaruvchi organ tomonidan yozilmasa, erkinlik ko‘pincha yo‘qotiladi.

Umuman olganda, hokimiyatning bo‘linish tamoyili qonun chiqaruvchi organ siyosiy qarorlar ishlab chiqishi va qonunlar yozishini, ijro organi ularni ijro etishini va sud qonunlarni talqin qilishini anglatadi. Bu tushuncha Montekse bilan cheklanib qolmagan, u zamonaviy demokratiyaga asos qilib olingan g‘oyalardan biri sanaladi va O‘zbekiston Konstitutsiyasi ham bundan mustasno emas. Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlis qonun chiqaruvchi, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi, sud tizimi esa mustaqil organ va Prezident 89-moddaga muvofiq hukumat bo‘linmalari orasida muvofiqlashtiruvchi sanaladi.

So‘nggi o‘n yillar davomida Oliy Majlis amalda ijro hokimiyati soyasida xizmat qildi va xalq kamdan-kam holatlarda ularni bevosita o‘z vakillari sifatida qabul qildi. Parlament a'zolarining vazifasi bo‘lmish qonunlar yozish, asosan, ijro hokimiyati va davlat idoralari taqdim yetgan qonun loyihalarini tasdiqlashga aylanib qoldi. Ijro hokimiyati ustidan parlament nazorati uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lmay keldi, bir-bir ko‘zga ko‘rinar va prezidentning parlamentning faoliyati tanqid qilingandan so‘ng qayta namoyishona shaklda paydo bo‘ldi. Siyosiy hokimiyatning mavjud tuzilmasi ko‘pincha hokimiyatning bo‘linishi tamoyillarini buzgan bo‘lishi bilan birga, parlamentning tashkiliy va amaliy faoliyatida ijro hokimiyatidan mustaqil ravishda ishlashi uchun siyosiy iroda va resurslar ham yetishmas edi.

Mohiyatiga ko‘ra, hokimiyatning bo‘linishi tashkiliy va alohida guruhlar manfaatlarini minimallashtirish va xalq manfaatlarini maksimallashtirishga xizmat qiladi. Agar saylangan vakillardan emas, balki asosan rasmiy lavozimga tayinlanganlardan iborat bo‘lgan ijro hokimiyati qonun chiqarish ustidan nazoratni qo‘lga oladigan bo‘lsa, unda xalq manfaatlari ko‘pincha javobsiz qoladi yoki inkor qilinadi. Avtomobillar oynalarini tonirovkalash masalasi buning bir misoli: u oldin Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqiqlangan edi. Yozda issiq yuqori darajaga yetadigan O‘zbekistonda odamlar o‘zlarining shaxsiy transporti oynalarini quyoshning zararli nurlaridan himoyalashi mantiqan to‘g‘ri hamda zarur. 10 ming kishi onlayn ariza imzolaganda (shunday onlayn tizim hukumat tomonidan 2018 yilda kiritilgan) qonun chiqaruvchi organ murojaatni ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi va yiliga 2000 AQSh dollari atrofida to‘lov qilgan fuqarolarga tonirovkalashga ruxsat etildi, bu paytda esa aholining o‘rtacha oylik maoshi 200 AQSh dollarini tashkil etardi va xalqning o‘ziga to‘q qismigina bunga qurbi yetgan. Keyinroq ko‘pchilik parlament a'zolarining matbuotga ma'lum qilishicha, hattoki bu qaror ham Ichki ishlar vazirligining sezilarli ravishda ta'siri bilan qabul qilingan. Ruxsat etuvchi yangi tizimga qaramay, ushbu mavzudagi xalq muhokamalari davom etdi, 2019 yilda prezidentning O‘zbekiston Triatlon federatsiyasini boshqaruvchi kuyovi va boshqa jamoat arboblari mamlakatda bu boradagi qonunlarni yumshatishda xalqni qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishdi. Parlament nihoyat 2019 yil yozda tonirovka summasini sezilarli ravishda kamaytiradigan yangi qonunni qabul qildi.

Aniq taxmin qilish mumkinki, ushbu cheklovga asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy jiddiy qarshilik bo‘lmaganida, Karimov davridagi parlamentga ta'sir o‘tkazish tizimi orqali xalq manfaatlari hisobga olinmagancha qolardi.

So‘nggi yillardagi islohotar jarayonining jadalligi tufayli yangi qonunlar ishlab chiqish tashabbusini taklif qilayotgan har qanday ijro organi maxsus onlayn platforma orqali xalq muhokamasiga qonun loyihasini (ijro farmoni shaklida) ma'lum qilishi mumkin. Ushbu qonun loyihalari boshqa ijro vazirliklari va xalq onlayn platformasidan izohlar to‘plagach, Oliy Majlisning qonun yaratish jarayoniga o‘tadi va deputatlar amalda juda kam o‘zgarish kiritishadi. Ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda parlament a'zolari ancha faol bo‘lib qolishdi va buning sababi bo‘lajak saylov tufaylimi yoki yo‘qmi, aytish qiyin. Hukumat idoralari faoliyatiga doir murakkab qonun loyihalarini ishlab chiqish uchun xodimlar, ekspertlarga va zarur bo‘lgan operatsion imkoniyatga egalar. Biroq ular bevosita xalqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor bo‘lmaganliklari va parlament a'zolari kabi xalq bilan doimiy aloqada bo‘lmaganliklari sababli yuqoridagi jarayon ularga idoraviy manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yishlariga zamin yaratishi mumkin. Shu sababdan xalq vakillari sifatida xizmat qiladigan deputatlar qonunchilik amaliyotini to‘laligicha o‘zlari amalga oshirishlari darkor.

Halq va idoraviy manfaatlar o‘rtasidagi tafovut qonun chiqarishning eng tashvishli kasalligi emas. Ancha jiddiyroq “kasallik” — bu hatto biznesga odatda yoqmaydigan ortiqcha davlat nazorati ham yemas. Oliy Majlis ham qonun bilan tartibga solish funktsiyasida, ham parlament nazorati funktsiyasida oqsashi eng jiddiy muammo. Shunda qonunlar ma'lum bir kompaniyalar va manfaatdor guruhlarga xizmat qiladi hamda ijro hokimiyati biznesga aylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat qonun bilan tartibga solishda kamroq ta'sirga ega bo‘lgan tizimda ijro organiga lobbizm, korruptsiya va shaxsiy-siyosiy aloqalar orqali ta'sir etish oson bo‘ladi. Kuchsiz qonunchilik hokimiyati ma'lum bir guruhlar manfaatlari ustun qo‘yiladigan qarorlar chiqaruvchi ijro hokimiyati idorasiga yo‘l ochib beradi. Aslida protektsionizm masalalari tugagan va liberal iqtisod O‘zbekistonda g‘oyaviy kuchsizroq va nazorat qiluvchi organga ta'sir qiladigan manfaatdor guruhlarning tijoriy manfaatlariga xizmat qilmoqda. Shu boisdan xalq manfaatlarini ifodalaydigan Oliy Majlis qonun bilan tartibga solishi va siyosatni yuritishi uchun o‘zining konstitutsion vazifalari va majburiyatlarini amalga oshirishda qat'iy bo‘lishi kerak.

Oliy Majlis va ijro organi o‘rtasidagi yana bir g‘alati aloqani deputatlarning turli ijro vazifalariga tayinlanishida ko‘rish mumkin. Bunday vazifalarga tayinlash noqonuniy bo‘lmasa ham bu holat qonun chiqarish faoliyatiga salbiy ta'sir qiladi. Xalq o‘zi ovoz bergan nomzodlar deputatligini saqlab qolib, ijro hokimiyatida vakillarga aylanishi uchun emas, balki xalq nomidan ishlashi va xalq manfaatlari uchun kurashishiga umid qilib ularga ovoz beradi. Ijro hokimiyatida kasbiy o‘sishni ko‘zlaydigan deputatlar hukumatni boshqarayotganlarning manfaatlariga moyillik bildirishlari mumkin. Bu ularning parlament nazorati vazifasiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin va mamlakatimizda xalq ko‘pincha qonun chiqaruvchi hokimiyat ijro hokimiyatining bir qismi deb qabul qiladigan joriy holatga olib keladi. Oliy Majlisdagi har bir o‘rin qadrli, chunki uni ovoz berib xalqning o‘zi tanlagan va shu boisdan u suiiste'mol qilinmasligi kerak.

SIYoSIY PARTIYaLAR

Mamlakatimizda parlament an'analari siyosiy partiyalarning g‘oyaviy ko‘lami bo‘yicha bahslariga guvoh bo‘lmagan. Siyosiy partiyalarimiz nazariy jihatdan g‘oyaviy va falsafiy qutblarga ajralishini ko‘pchilik bilmaydi: Xalq demokratik partiyasi — so‘llar, «Adolat» ijtimoiy demokratik partiyasi so‘l-markaz, Liberal demokratik partiya o‘ng-markaz va «Milliy tiklanish» o‘ng qanot partiyasi sanaladi. Oliy Majlisda oppozitsiya partiyasi borligini ham ko‘pchillikka ma'lum emas, ya'ni Xalq demokratik partiyasi O‘zLDP va «Milliy tiklanish»ga oppozitsiya hisoblanadi. Bu partiyalar o‘ng-chap partiyalar ko‘lamida amalda farq qiladimi yoki yo‘qmi, buning javobi aniq: yo‘q. Bu saylov uchun katta muammo. Ovoz beruvchilar qaysi partiyani qo‘llab-quvvatlash kerakligini bilishmaydi va partiyaga yaqin aloqasi va g‘oyaviy qadriyatlari bo‘lmagan taniqli nomzodlar — populistlar saylanaveradi. Bu davlatning yaxshi ishlashi uchun yomon ta'sir qilmaydimi?

Kruz va Kifer tomonidan 109 ta davlatda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, platformasi bo‘lmagan partiyalar davlat sektori islohotlariga kamroq e'tibor berishar ekan. Boshqacha aytganda, aniq siyosiy platformalari bo‘lmagan partiyalar va'dalar berish bilan ishlaydi, masalan saylov oldidan “bizga ovoz bersangiz, ko‘prik qurib beramiz, yo‘llarni tuzatamiz” kabi mazmundagi targ‘ibot ishlarini olib boradi. Siyosatchilar bunday islohotlarda ushbu va'dalarni amalga oshirish uchun ishonchli davlat tashkilotlariga qiziqishmaydi. Ular, shuningdek, bunday siyosatchilar ijro siyosati amalga oshirilishi ustidan nazorat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga moyilligi kamroq deb hisoblashadi. Agar siyosiy partiyalarimizda yanada aniqroq, mustaqilroq va alohida dasturlar bo‘lganda, saylovlar yanada yuqori raqobat bilan va dastur asosida o‘tib, parlament a'zolari o‘zlarining saylovoldi dasturlari va siyosiy majburiyatlarini yaxshiroq bajarishlari uchun turtki bo‘lgan bo‘lardi.

Yana bir jiddiy muammo haqida so‘z yuritsak. Avvalo, kim saylanishi haqida mulohaza qilib ko‘rsangiz, kimni saylash ikkinchi masala bo‘lib qoladi. 150 ta saylov okrugi mavjud va beshta siyosiy partiya Oliy Majlis uchun har bir okrugdan bittadan nomzod qo‘yishi mumkin. Mustaqil nomzodlar o‘z nomzodini qo‘ya olishmaydi. Buning boisi shuki, bu siyosiy jarayonlarga chetdan keladigan bosimni kamaytiradi. Biroq buning salbiy tomoni – kimning nomzodi qo‘yilishida xalq ishtirokining mavjud emasligida. Mantiqan olganda, hududda o‘z nomzodini ilgari surmoqchi bo‘lgan partiyaning bir nechta vakillari mavjud bo‘lsa, xalq bilan muloqot natijasida ularning orasidan xalq ma'qulini tanlaydi va bu partiyaga kimning nomzodini ko‘rsatish o‘rinli ekanligiga yaxshi signal beradi. Oshkoralik, shaffoflik va xalq bilan o‘zaro aloqaning yo‘qligi tufayli esa xalq ishonchi va fuqarolarning siyosiy ishtiroki kamayadi. Bu «mahalliy va markaziy hukumat nomzodlar ro‘yxatiga ta'sir qilyapti» qabilidagi gumonlarni keltirib chiqaradi. Markaziy saylov komissiyasi bunday noqonuniy holatlarni inkor qilgan bo‘lsa ham siyosiy partiyalar tomonidan ochiq va shaffof jarayonlar xalq ishonchini qozonishga yordam bergan bo‘lardi. Agar siyosiy partiya partiyalar platformasiga sodiq bo‘lganlarni tanlab, xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan o‘ta populist nomzodlardan voz kechib, nomzodlar ro‘yxatida o‘z nazoratini saqlab tursa, demokratiya uchun yaxshi bo‘lar yedi. Biroq bu kuchli partiyaviy platformalarga va partiya g‘oyasiga sodiq shaxslarga ega bo‘lmagan siyosiy partiyalarimizga taalluqli emas. Shundan kelib chiqib, davlatning demokratiya uchun qiladigan eng muhim ishi mustaqil nomzodlar emas, balki qo‘yiladigan nomzodlar uchun shaffoflik va xalq ishtiroki.

SAYLOV

Saylovoldi tadbirlari boshlandi hamda so‘z va matbuot erkinligidagi so‘nggi ijobiy o‘zgarishlar evaziga saylov kampaniyalarida oldinga siljish kuzatilmoqda. Nomzodlar muammolar mavjudligini tan olishmoqda. Biroq biz partiyaning saylovoldi va uning mohiyati hamda o‘ziga xosligini ifodalovchi dasturlarni ko‘rishimizga hali ertadek. Bir xil yondashuvlar, o‘xshash dasturlar va tadbir xususiyatlari partiyaning umumiy saylovoldi kampaniyasi ko‘rinishiga aylandi. Aftidan, ijtimoiy tarmoqlar ushbu kampaniyalarning samimiyligi va xalq ehtiyojlariga mosligini sinovdan o‘tkazadi va keng jamoatchilik fikrini shakllantirishda asosiy vositaga aylanadi. Garchi saylov davlat sektori uchun katta xarajat va sarmoya bo‘lsa ham boshqa bir asosiy demokratik jarayon — tuman va viloyat rahbarlarining saylanishi uchun yaxshi imkoniyatni boy berayotgandekmiz.

Viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari prezident tomonidan tayinlanadi. Ular bevosita xalqqa emas, prezident va mahalliy kengashlarga hisob beradi. Hokimlar bu vazifani bajara olishmasa, aslida prezidentga pand bergan bo‘ladi. Shuning uchun ham uchta hokim xususiy mulklarni ayozsiz buzib yuborgani uchun prezident buyrug‘i bilan xalq oldida uzr so‘radi. Boshqarish uchun axloqiy vakolat qonunlar orqali emas, xalq ishonchi orqali beriladi. Hokimlarimizni biror narsani noto‘g‘ri qilib qo‘yib lavozimlarini yo‘qotish qo‘rquvi axloqiy vakolatni — xalq ishonchini yo‘qotishdan-da ko‘proq tashvishga soladi. Agar bu fikr noto‘g‘ri bo‘lganda, biz ular o‘zlarining fuqarolariga bunchalar qattiqqo‘l bo‘lganligini ko‘rmas edik. Prezident 2016 yil “Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin”, deb taklif qilganda, haq edi. Joriy yilgi saylov orqali ayrim viloyatlarda sinov tariqasida hokimlar xalq tomonidan saylanishi kam xarajatli imkoniyat bo‘lishi mumkin edi, lekin hukumatning ushbu amaliyotni boshlashi uchun yaxshiroq rejalari borligiga umid qilamiz.

SABRSIZLIK BILAN KUTAMIZ

Ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqat shuki, deputatlar samarali siyosat olib borisholmayotgani bir masala bo‘lsa, undan tashqari Oliy Majlisda texnik va idoraviy resurslar va imkoniyatlar yetishmovchiligi muammosi ham mavjud. Qonun chiqaruvchi organ to‘liq salohiyatida qonun ishlab chiqishi va siyosat yuritishida nodavlat tashkilotlar, tahliliy markazlar va xususiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilishi uchun parlamentga ko‘proq resurslar dan foydalanish imkoniyati berilishi lozim parlament nazorati faqat markaziy hukumat tashkilotlari bilan cheklanmasligi, balki yanada muhimi, deputatlar o‘zi saylangan hududdagi hokimliklarga nisbatan ham qo‘llanilishi kerak. Hokimiyatning bo‘linish tamoyili faqat nazariy — qog‘ozda emas, balki amalda ham bo‘lishi kerak. Yaxshiyamki, bularning bari Konstitutsiyamizda ko‘p yillar oldin yozilgan. Yomon tomoni esa, Konstitutsiyamizda yozilganini ba'zan unutib qo‘yamiz. 22 dekabrda saylovchilar o‘zlarining fuqarolik burchlarini bajarish uchungina emas, balki Oliy Majlisda xalqning manfaatlari uchun kurashadigan vakillari bo‘lishiga umid qilgan holda saylov uchastkalariga tashrif buyurishadi. Hurmatli saylanadigan deputatlar, bu safar (yana) bizga pand bermang.

G‘oyalar va fikrlar faqat muallifga tegishli va u biron-bir siyosiy tashkilot yoki partiya bilan aloqador emas. Maqola Medium-Uzbek Review nashridan olindi.

Tag‘in o‘qing
5 noyabr 2018
Shu yil 2 noyabrga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Urganch shahridan Cholish posyolkasiga o‘tadigan ko‘prik quladi. Bu haqdagi xabar va ...
7 sentyabr 2016
O‘zbek segmentida Karimov o‘limidan so‘ng agressiv trolling avj olarkan, ijtimoiy tarmoqda prezident Islom Karimov o‘limi fonida uning shaxsini ilohiylashtirish ...
22 dekabr 2016
21 dekabr kuni Toshkent shahar sudida Davron Norboev hakamligida diniy ekstremizmda ayblanayotgan to‘rt nafar shaxs ustidan sud davom etdi. ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu yaxshimi yomonmi, bilmayman. Shavkat ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...